islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

18-dekabr – Xalqaro Arab tili kuni

Xalqaro Arab tili kuni haqida qanday ma’umotlarni bilasiz?

Jahon tillaridan biri hisoblangan arab tili insoniyat tamaddunida,ilm-fan taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etgan. Arab tilida yozilgan ilmiy asarlar ko’plab ixtirolarga, kashfiyotlarga sabab bo’lgan.

Ushbu til faqat arab diyorlari aholisining muloqot vositasi bo’libgina qolmay, butun dunyo musulmonlarining ham umumiy tilidir. Chunki musulmonlarning muqaddas kitobi- Qur’oni Karim aynan arab tilida nozil qilingan. Ko’plab islomiy ibodat va marosimlarni bajarishda bu muqaddas tildan foydalaniladi.Arab tilining mavqei islom dininining dunyo miqyosida keng tarqalishi tufayli ko’tarildi, chunki u kop asrlar davomida musulmonlar hukmronlik qilgan o’lkalarda siyosat, fan va adabiyot tiliga aylandi.

1973-yilda BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti)Bosh Assambleyasi va uning asosiy qoʻmitalarining rasmiy va doimiy foydalaniladigan tillari qatoriga arab tilini kiritish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kun 18-dekabr sanasi sifatida tanlangan. 2012-yilda Marokash, Saudiya Arabistoni va Liviya taklifi bilan YUNESKO Ijroiya kengashining 190-sessiyasida bu kun Jahon arab tili kuni sifatida tasdiqlangan.

BMTda arab tili kuni-bayram sifatida har yili 18-dekabrda nishonlanadi. Mazkur sana 2010-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jamoatchilik axboroti departamenti tomonidan ,”koʻp tillilik va madaniy xilma-xillikni nishonlash hamda tashkilotdagi barcha oltita rasmiy tildan teng foydalanishni targʻib qilish maqsadida” tashkil etilgan.

Har yilning 18-dekabr kuni Xalqaro Arab tili kuni deb Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rasmiy e’lon qilingan. Bundan maqsad, go’zal so’zlarni oz ichiga olgan ushbu benazir lug’atni butun dunyo aholisiga tanishtirish va tushuntirishdan iborat. Аrab tili balog’at va fasohat jihatidan jahon tillari ichida eng yetuk til hisoblanadi. Shu bilan birga sayoramizda arab tili eng ko’p tarqalgan tillardan biri bolib, ushbu tilda taxminan 422 million kishi gaplashadi. Allohning muqaddas kitobi Qur’oni Karim va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sozlari bo’lmish Hadisi Sharif arab tilida ekanligi musulmonlar olami uchun eng oliy til ekanligiga kifoya qiladi.

Arab tili-Somiy tillar guruhining janubiy tarmogʻiga mansub til. Yaqin va Oʻrta Sharq hamda Afrika shimolidagi yigirmadan ortiq mamlakatning rasmiy davlat tili hisoblanadi. Qadimiy arab tili miloddan avvalgi V-IV asrlarga taalluqli obidalar orqali maʼlumdir. U mumtoz arab tilining paydo bo’lishiga zamin boʻlgan. Mumtoz arab tilining leksik va grammatik shakllanishi johiliyat davri (V-VII asrlar) shoirlarining ogʻzaki ijodlarida namoyon boʻla boshlagan. Qur’oni Karimning nozil boʻlishi natijasida mumtoz arab tili badiiyati yanada goʻzallashdi va grammatik meʼyorlari mukammallashdi. VIII- IX asrlarda mumtoz arab tili grammatikasi ishlab chiqildi, islom yoyilgan o’lkalarda rasmiy va ilmiy til boʻlib qoldi. Mashhur olimlar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abu Abdullah Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Imom Abu Mansur Motrudiy, Imom Abu Bakr Qaffol ash- Shoshiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon al- Beruniy va boshqalar ilmiy asarlarini arab tilida yozganlar. Mumtoz arab tili leksik jihatdan bir oz oʻzgargan holda, hozirga qadar arablarning adabiy tili bo’lib kelmoqda. Buning asosiy sababi arab dunyosini birlashtirib turuvchi Qur’oni Karim, Hadisi Sharif va boshqa mo’tabar manbalardir. Arab dunyosidagi vaqtli matbuot, nashrlar, radio va televideniye hozirgi arab tilida olib boriladi. Arab soʻzlashuv tili adabiy tildan keskin farqlanadi, fonetik va leksik jihatdan bir biriga oʻxshamaydi. Misr, Sudan, Suriya, Iroq, Magʻrib, Xasaniya (Mavritaniya), Shoa (Nigeriya, Kamerun, Niger) lahjalariga boʻlinadi. Ushbu lahjalar asosan 3 sababga koʻra yuzaga kelgan: 1) arab adabiy tiliga quraysh qabilasi (Makka) shevasida nozil boʻlgan Qur’oni Karim tili asos boʻlgan, zero oʻsha vaqtlardayoq Arabiston yarim orolda yashovchi qabilalarning tillarida turli tafovutlar bor edi; 2) hozirgi arab dunyosining aksar qismi kelib chiqishi arab boʻlmagan xalqlardir. Ular islom taʼsirida arablashgan. Ularning hozirgi soʻzlashuv tilida islomgacha mavjud boʻlgan ona tillari unsurlarining boʻlishi, tabiiy; 3) arab dunyosining aksar qismi gʻarb istilochilari hukmronligi ostida boʻlganligi hududiy lahjalarning jiddiy farqlanishiga olib kelgan. Turkiston, xususan hozirgi Oʻzbekiston hududi Arab xalifaligi tomonidan fath qilingan va islom dini mahalliy aholi tomonidan qabul qilingach, arab tili hamda arab yozuvi mazkur hududda ilm-fan tili va yozuviga aylandi. Shu bilan bogʻliq holda arabshunoslik vujudga keldi.

Xozirgi vaqtda bizning jannatmakon yurtimiz O’zbekistonda xalqimizni ayniqsa yoshlarni arab tilini qiziqish bilan o’rganishi kundan kunga oshib bormoqda. Arab tilini o’rganish – davr talabi bo’lib qoldi. Arab tilini o’qing, o’rganing va amalda undan foydalaning.

Foydalanilgan Internet saytlari:

  1. wikipedia.org
  2. arabic.uz
  3. mirarab.uz

 

“Tillar” kafedrasi katta o’qituvchisi

Yernazarov Fakhriddin

414650cookie-check18-dekabr – Xalqaro Arab tili kuni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: