Ibrohim Taymiy rohmatullohi alayh ibodati va zuhdi bilan mashhur bo‘lgan zotlardan. U kishi Imom Ibrohim Naxa’iy rahmatullohi alayh bilan zamondosh va qadrdon do‘st edilar. Ularning ikkalasi ham Ko‘fa shahrida yashaganlar va ikkisi ham tobeinlardan bo‘lganlar. Bu ikki zotning ustozlari ham, shogirdlari ham bir bo‘lgan.
Hajjoj ibn Yusufning voliylik davrida ulamo va faqihlarning ko‘plari zindonband etilgan yoki qatl qilingan. Bir safar Hajjoj Ibrohim Ibrohim Naxa’iy rohmatullohi alayhdan norozi bo‘lib, u kishini tutib keltirish uchun odam yuborgan. Hajjojning askarlari Ibrohim Naxa’iyni izlab yurib Ibrohim Taymiy rohmatullohi alayhga duch kelib qolishadi. Ibrohim Taymiy rohmatullohi alayh askarlar do‘sti Ibrohim Naxa’iyni izlab yurishganini bilar edi. Shu sababli askarlar: «Biz Ibrohimni izlab yuribmiz», degan vaqtda do‘stini himoya qilish uchun «Ibrohim menman», deb o‘zlarini askarlarga topshirdilar. Chunki Ibrohim Naxa’iy rohmatullohi alayhning qayerdaligini aytib yuborsalar, u zotni zindonband qilishlarini yaxshi bilardilar. Mirshablar u zotni olib ketishdi va zindonband etishdi.
Ibrohim Taymiy rohmatullohi alayh qamalgan zindonning nomi «Dimor» edi. Dimor zindonining tepa tarafi ochiq bo‘lib, yozning jaziramasi-yu, qishning qahratonidan himoyalanmagan edi. Oradan bir muddat vaqt o‘tgach, Ibrohim Taymiy rohmatullohi alayhning onalari bir ilojini topib, zindonga o‘g‘lini ko‘rishga kelganda farzandini tanimay qolgan ekan. Zindonning mashaqqati u zotning tashqi ko‘rinishlarini ana shunday o‘zgartirib yuborgan edi. Do‘stining hayotini saqlab qolgan buyuk olim Ibrohim Taymiy rohmatullohi alayh ana shu zindonda vafot topdilar.
O‘sha zot: «Mening amalim so‘zimni yolg‘onga chiqarib qo‘yishidan qo‘rqaman», deganlar. Shunday ulug‘ zotlar o‘zidan xavfda bo‘lar ekan, siz-u bizday oddiy insonlar haddan ziyod, doim o‘z holatining islohi borasida fikr yuritishi lozim.
Ibn Abu Mulayka: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan o‘ttiz nafarini ko‘rdim. Ularning har biri o‘zining munofiq bo‘lib qolishidan qo‘rqar edi», dedilar. Ya’ni ular munofiqlar safiga qo‘shilib qolishdan qattik qo‘rqar edilar.
«Munofiqliq» — dilda iymon bo‘lmasdan tili bilan insonlarga iymonni izhor etish. Sahobalar doim shu holatga tushib qolishdan xavfda bo‘lganlar. Ayrim olimlar bu so‘zlarni sharhlab: «Ular e’tiqodiy nifoqdan emas, balki amaliy nifoqdan qo‘rqishar edi», deyishgan, Ammo bu haqiqatdan uzoq. Sababi biz Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhuga munofiqlarning nomlarini aytib berganlarini bilamiz. Sahobalar Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhudan o‘zlarining ismi o‘sha ro‘yxatda bor yoki yo‘qligini so‘rashar edi. Hatto Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham bu masalada Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhuning oldilariga borganlar. U zot: «Men munofiqlarning ro‘yxatida yo‘qmanmi?» deb so‘raganlar. Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu: «Yo‘q. Endi bundan keyin bu haqda hech kimga xabar bermayman», deganlar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhudek zotlar ham o‘zlarining munofiqlar ro‘yxatida bor yoki yo‘qligini so‘raganliklari, ularning amaliy emas, balki e’tiqodiy nifoqdan qo‘rqishganini bildiradi. Chunki Huzayfa roziyallohu anhuda amaliy emas, balki e’tiqodiy munofiqlarning ro‘yxati bo‘lgan.
Sahobalarning o‘z iymonlariga qat’iy ishonchlari bo‘lmaganmi? Bu savolga javobni Ibrohim Taymiy rohmatullohi alayhning yuqoridagi so‘zlaridan topishimiz mumkin. Darhaqiqat, sahobalar: «Bizning iymon taqozosiga xilof biror ishni qilishimiz qalbimizdagi iymonning mukammal emasligidanmikan? Shu sababdan iymonimizga nomunosib ishni amalga oshirib qo‘ymoqdamizmi?», degan hayolda bo‘lishgan. Sahobalar shu ma’nodagi munofiqlikdan qo‘rqishgan. Chunki ular amallarini qalblaridagi iymonlariga batamom muvofiq holda bajarar edilar.
Toshkent islom instituti talabasi
Abbosxonov Muhriddin