Hunarmandchilik – har bir mamlakatlarda avvalgi bosib o‘tilgan bosqich bo‘lib avvalda deyarli bir xil bir nechta sodda tarmoqlarda bo‘lgan, sekin asta mintaqaviy joylashuv taqozosiga ko‘ra tarmoqlashib, rivojlangan va hozirgi kundagi zamonaviy sanoat ko‘rinishga yetib keldi. Hunarmandchilik tovar-pul munosabatlariga kengroq va chuqurroq tortilganligi sari tabaqalashdi. Uddaburon va serharakat hunarmandlar boyib dastlabki kapital jamg‘arilishi tufayli kapital sohibiga aylandi va ularning ustaxonalari negizida kichik zavod va fabrikalar vujudga keldi, bu korxonalarda kambag‘allashgan hunarmandlar yo‘llanib ishlay boshladi. Natijada hunarmandchilikning rivoji bozor iqtisodiyotining kapitalistik shaklini yuzaga keltirdi.
Hunarmandchilik Yevropa shaharlarida sanoat rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shdi (to‘qish dastgohlari takomillashdi, 14-asr o‘rtalarida Germaniyada domna pechlarining paydo bo‘lishi metallurgiyada jiddiy o‘zgarishlarga olib keldi. 14-15-asrlarda o‘q otar qurollar ishlab chiqarila boshlandi). Kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari H.ning keyingi taraqqiyotiga zarba berdi, hunarmandchilikning ko‘pgina sohalari tushkunlikka uchradi. Sanoat to‘ntarishi oqibatida tez va arzon ommaviy ishlab chiqarila boshlagan fabrika, zavod mahsulotlari hunarmandchilik mahsulotlarini bozordan siqib chiqardi. Rivojlangan mamlakatlarda yakka buyurtmalar va qimmatbaho badiiy buyumlar tayyorlaydigan hunarmandchilik sohalarigina (tikuvchilik, etikdo‘zlik, gilamchilik, zargarlik, o‘ymakorlik va boshqalar) saqlanib qoldi. 20-asr boshlarida esa mashinalashgan ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilishi bilan hunarmandchilik mahsulotlarining tur tarkibi va ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. 20-asr davomida va 21-asr boshlariga kelib yirik industrial ishlab chiqarish qaror topgan bo‘lsa-da, hunarmandchilikning mavqei saqlanib qoldi.
Hunarmandchilikning bozorda segmenti kichik bo‘lganidan yirik ishlab chiqarish egallay olmaydigan, talab individuallashgan o‘z o‘rni bor. Mini texnologiyaning paydo bo‘lishi hunarmandchilikda tovarlarni yakka tartibda va sifatli ishlab chiqarish imkonini beradi. Bunga milliy ust-boshlar, milliy cholg‘u asboblari, mayda asbob-uskunalar, turli yodgorlik buyumlari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kiritish mumkin. Hozirgi hunarmandchilik kichik biznes tarkibidagi yakka mehnat faoliyati va oilaviy korxonalardan iborat. O‘zbekiston hududida neolit davridayoq hunarmandchilikning dastlabki muhim tarmog‘i hisoblangan sopol buyumlar ishlab chiqarish va to‘qimachilik vujudga keldi (Xorazm vohasidagi Kaltaminor madaniyati, Surxondaryodagi Sopollitepa va boshqalar).
Miloddan avvalgi 2-asrdan boshlab hunarmandchilik mahsulotlari savdosida Buyuk ipak yo‘li muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘rta asrlarda Sharq mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (Arab xalifaligida po‘lat, O‘rta Osiyo va Hindistonda shoyi, chinni, qog‘oz) Yevropa bozorlarida qadrlandi. Hindistonda paxtadan nafis mato, Xitoyda ipak mato to‘qiydigan dastgohlar vujudga keldi, Xitoy va O‘rta Osiyoda shisha tayyorlash texnologiyasi takomillasha bordi. 9—10-asrlarda O‘rta Osiyoda yirik hunarmandchilik markazlari paydo bo‘ldi. Ip mato, gilam (Urganch, Shosh), shoyi (Marv), mis va temirdan yarog‘-aslaha, pichoq tayyorlash (Farg‘ona), shoyi matolar, shisha mahsulotlari tayyorlash (Buxoro) avj oldi. 13-asrda mo‘g‘ullar bosqini hunarmandchilik rivojiga zarba berdi. Temuriylar davlatining vujudga kelishi hunarmandchilik rivojiga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘rta Osiyoda hunarmandchilikning barcha turlari 20-asrning 20-yillarigacha saqlandi. Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Xiva, Toshkent kabi shaharlarning ishlab chiqarish munosabatlarida hunarmandlik katta rol o‘ynadi (19-asrning 60-yillarida Xivada hunarmandchilikning 27 turi rivoj topgan, shahardagi bozorlarda hunarmandlarning 556 do‘koni bo‘lgan, 80-yillarda shaharda 2528 xo‘jalik hunarmandchilik bilan shug‘ullangan).
O‘zbekistondagi hunarmandchilik chuqur ixtisoslashgan bo‘lib, o‘zida xilma-xil kasb-korlarni birlashtirgan. Masalan,terini qayta ishlash sohasida ko‘nchilar, etikdo‘zlar, mahsido‘zlar, kovushchilar, egar-jabduqchilar, telpakchilar, po‘stinchilar, kamarchilar, to‘qimachilik sohasida bo‘zchilar, atlaschilar, gilamchilar, sholcha va namatchilar; metallni ishlash sohasida temirchilar, taqachilar, misgarlar, chilangarlar, zargarlar kabi kasblar bo‘lgan. Bular hunarmandchilikning tarmoq strukturasini belgilangan. Sharqdagi musulmon ustaxonalarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda chevarlik, kashtachilik bilan ayollar uyda o‘tirib shug‘ullanishgan.
Hunarmandchilikning ijtimoiy strukturasida usta, xalfa va shogird kabi ijtimoiy toifalar mavjud bo‘lgan. Hunarmandchilikning ichki tartib va qoidalarini uning nizomi sifatidagi “Risolalar” belgilab bergan. Har bir kasbning o‘z rahnamosi, ya’ni piri va “Risolasi” bo‘lgan, avloddan-avlodga o‘tuvchi odatlari va udumlariga rioya etilgan. Masalan, ish boshlashdan oldin usta o‘z pirini yodga olib undan madad so‘rash, shogirdiga fotiha berish kabi odatlarga amal qilingan. O‘zbekiston Rossiya mustamlakasiga aylangach, hunarmandchilik metropoliya sanoatining raqobatiga duch kelib, o‘zining ilgarigi mavqeini yo‘qotgan bo‘lishiga qaramay, uning ko‘p tarmoqlari saqlanib qoldi, chunki u milliy ehtiyojni qondiradigan tovarlarni, chunonchi, kiyim-kechak, idish-tovoq, turli uy-ro‘zg‘or buyumlari, mayda mehnat qurollarini yaratib, ularni mahalliy bozorga yetkazib berdi.
Hunarmandchilikning yashovchanligini ta’minlashda chet eldan keltirilgan xom ashyo, materiallar, kichik uskunalar muhim rol o‘ynadi. Masalan, AQShdan keltirilgan teri bo‘yog‘idan foydalanib ko‘nchilar amirkon deb nomlangan yupqa charm ishlab chiqara boshladi. Shu munosabat bilan amirkon etik, mahsi va kovushlar paydo bo‘ldi. Germaniyadan “Zinger” firmasining tikuv mashinalari keltirilishi bilan tikuvchilik (chevarlik) keng yoyildi. 20-asrning 20-yillarida sho‘rolar hokimiyati qaror topishi bilan hunarmandlarning asosiy qismi dastlab artellarga, keyinchalik, zavod, fabrikalarga, badiiy buyumlar korxonalariga jalb qilindi. Ularga xom ashyo, material, asbob-uskunalar davlat tomonidan yetkazib beriladigan, yaratilgan mahsulotlar do‘konlar va matbuot kooperatsiyasi orqali sotiladigan bo‘ldi. Iste’dodli hunarmandlar ijodiy tashkilotlarga qabul qilindi, amaliy bezak san’ati rivojlantirildi (masalan, 30-yillarda Toshkentda o‘quv ishlab chiqarish kombinati tashkil etilib, yosh hunarmandlar unda ta’lim oldilar, 1968 yilda Buxoroda kandakorlar maktab ustaxonasi, 1978 yilda Qo‘qonda yog‘och o‘ymakorligi maktab ustaxonasi tashkil topdi).
Toshkent islom instituti talabasi Murtozoyev Arabxon