Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam qishloqdagi birodarini ziyorat qildi. Alloh uning yo‘liga bir farishtani yubordi. U:
“Qayerga ketyapsan?” dedi.
“Shu qishloqdagi birodarimnikiga”, dedi.
“Unda senga bir ne’mat bor-u, o‘shani isloh qilmoqchimisan?” dedi.
“Yo‘q! Men uni Alloh uchun yaxshi ko‘raman”, dedi.
“Men senga yuborilgan Allohning elchisiman. Albatta, unga muhabbat qo‘yganing kabi, Alloh ham senga muhabbat qo‘ydi”, dedi”.
Demak, bir birodarini faqat Alloh uchun yaxshi ko‘rib, oraga boshqa g‘araz qo‘shmasdan ziyorat qilgan odam Alloh taoloning muhabbatiga sazovor bo‘lar ekan.
Bu haqiqatni juda yaxshi tushunib, anglab, o‘zimizga singdirib olishimiz kerak. Birovni ziyorat qilganda uning e’tiborini qozonish, uning huzuridagi biror dunyoviy narsaga erishish uchun emas, balki faqat Alloh taoloning roziligi uchun, savob umidida ziyorat qilish kerak.
Ana shunday xolis niyat ila qilingan ziyorat ziyoratchini Alloh taoloning muhabbatiga sazovor qiladi.
Toshkent islom instituti talabasi
Biloliddin Mustafo