Hijriy ikkinchi yilning o‘n yettinchi ramazon kuni, musulmonlar mushriklarga qarshi birinchi urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda edilar. Abu Sufyon boshchiligidagi Qurayshning karvoni Shomdan kelayotgan edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu karvonni to‘sish uchun sahobalarni jangga chaqirdilar. Biroq Abu Sufyon o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, boshqa yo‘ldan yurgani bois musulmonlar karvonni qo‘ldan boy berdilar. Karvon qutilib qolgan bo‘lsa ham, Abu Jahl musulmonlarga qarshi urishish fikridan qaytmadi va: “Lotga qasam, biz Badrga borib, tuyalar so‘yib, aroqlar ichib, u yerda o‘yin kulgi qilmasdan qaytmaymiz. Toki hamma arablar bizning chiqqanimizni, Muhammad karvonni qo‘lga kirita olmaganini, biz uni yer tishlatganimizni bilsinlar va umrbod bizdan qo‘rqib yursinlar”, – dedi.
Ikki qo‘shin Badr qudug‘i oldida jangga kirishdi. Urush avjiga chiqdi, musulmonlarni xotirjam qilish uchun ilohiy madad yetib keldi, musulmonlar tarafidan farishtalar ham jang qilishdi.
Alloh taolo mo‘min bandalarini g‘olib qilgan ushbu jang musulmonlar uchun katta fathlarning boshlanishi, kofirlarga esa xorlik eshigining ochilishi bo‘ldi.
Musulmonlar din dushmanlariga kerakli zarbani berdilar – ulardan bu ummatning fir’avni Abu Jahl (Amr ibn Hishom) bilan birga yetmishtasini o‘ldirdilar.
Badr jangida qo‘shinlar kuch jihatidan teng emas edi: qurol-aslaha u yoqda tursin, hattoki mushriklarning soni ham musulmonlardan bir necha barobar ziyoda edi. Shunday bo‘lsa-da, musulmonlar g‘alaba qozondilar. Demak, g‘alaba qilish odam soni yoki qurol-aslahaga bog‘liq emas, g‘alaba Allohning qo‘lida ekan.
Alloh taolo shunday deydi: “Agar sizlarga Alloh madad bersa, hech kim sizlarga g‘olib bo‘la olmaydi. Bordi-yu sizlarni qarovsiz qoldirsa, sizlarga undan o‘zga kim ham madad berar edi?! Mo‘minlar faqat Allohga tavakkal qilsinlar!” (Oli Imron, 160).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam urush boshlanishidan oldin kechasi bilan uxlamay: “Allohim, menga va’da qilgan nusratingni ber! Allohim, agar shu musulmonlar halok bo‘lishsa, yer yuzida hech kim senga ibodat qilmay qo‘yadi” – deya iltijo qilib, yolvorib so‘radilar, hatto yelkalaridan ridolari tushib ketdi.
Toshkent Islom instituti talabasi
Turdaliyev Abduqayum