islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Usmoniylar davlatining tarixi va unga asos solinishi

Usmonli imperiyasi, Usmonlilar davlati (Yevropada Ottoman imperiyasi deb atalgan) – Kichik Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, qisman Kavkaz va Qrimda usmonlilar sulolasi boshqargan davlat (1299— 1922). Usmonli imperiyasiga Usmon I asos solgan.

Bu davlat dastlab kichik Osiyoning shimoliy g‘arbiy qismi eski shahar va Anatoliya hududida saljuqiylarning Ko‘niya sultonligiga tobe kichik bir beklik (beylik) shaklida tashkil topgan. Erto‘g‘rul hijriy 687 (milodiy 1288) yilda vafot etadi, uning o‘rniga o‘g‘li Usmon qoladi. Usmoniylar davlatining nomi ana shu Usmonga nisbat beriladi. U bu davlatning asoschisi, Usmoniy podshohlaring birinchisidir. Bu beklikning ilk hukmdori Erto‘g‘rul bo‘lsa ham, uning o‘g‘li — Usmonbey davrida beklik mustaqil davlatga aylanganligi uchun uning nomi bilan Usmonli bekligi deb atalgan. Keyinchalik bu davlat Usmonli imperiyasi nomini olib, o‘rta asrlarda jahonning eng qudratli davlatlaridan biriga aylandi. Usmon I va uning o‘g‘li Urxon bek (bey) unvonini qabul qilgan bo‘lsa, Urxonning o‘g‘li Murod I davridan boshlab hukmdorlar sulton deb atalgan.

Usmon G‘oziy davridayoq qo‘shni Vizantiya imperiyasiga qarshi bir qancha harbiy yurishlar qilinib, Qoracha Hisor va Yor Hisor qal’alari, Bursaning atroflari egallangan.

Uning o‘g‘li Urxon G‘oziy Vizantiyaning Bursa,  Nikeya,  Nikomediya shaharlarini istilo qilib,  XIV asrning o‘rtalaridayoq Qora dengiz va Marmar dengizi sohillariga chiqqan. Bu davrda usmonli turklar (ular o‘g‘uz turklarining qay urug‘iga mansub bo‘lgan) Dardanell bo‘g‘ozidan o‘tib, Yevropa hududiga kirishgan. 1356-yilda Bolqonni zabt etish tugallanib, Yevropa hududida yangi Rum eli (Rumeliya) viloyati ta’sis etilgan. Aynan shu paytdan Usmonlilar davlatini saltanatga aylanish jarayoni boshlangan. 1360-yil yanicharlar (turkcha: yangi cherik) — maxsus piyoda qo‘shin tashkil qilingan.

Davlatning dastlabki poytaxti Melangiya, 1326 — 1362-yillarda Bursa bo‘lgan. Sulton Murod I, 1362-yilda poytaxtni Bursadan Edirna (Adrianopol)ga ko‘chirgan. Uning hukmronlik davrida Yevropada yangi hududlar zabt etilgan. Kosovo maydonida bo‘lgan jang (1389)da serblar mag‘lubiyatga uchragach, Serbiya Usmonli imperiyasiga qo‘shib olindi. Sulton Boyazid I Yildirim Bolgariyaning poytaxti Tirnovo (1393)ni egallab, Nikopol ostonalarida salibchi risarlarning birlashgan 60.000 kishilik qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratdi (1396) va Vizantiyaning poytaxti Konstantinopolni qamal qilishga kirishdi. U Bolgariya, Valaxiya, Makedoniya, Fessaliyani o‘z davlati tarkibiga kiritdi. Biroq, 1402-yilda bo‘lgan Anqara jangi Amir Temur qo‘shinidan Usmonli imperiyasining mag‘lubiyatga uchrashi Vizantiya imperiyasini muйarrar halokatdan saqlab qoldi. Sulton Mahmud I va Murod II hukmronliklari davrida qo‘ldan ketgan hududlar qaytarib olingan. Adolatli va insofli hukmdor sifatida nom chiqargan Murod II G‘oziy 1422-yil Konstantinopolga hujum qiladi. Varna yaqini (1444-yil 10-noyabr) va Kosovo maydoni (1448-yil 17— 19 dekabr)da chex-mojarlar qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratib, 1449—50-yillarda Albaniya ustiga 2 marta yurish qilgan.

Murod II ning o‘g‘li Mahmud II Fotih turk qo‘shinlariga shaxsan o‘zi qo‘mondonlik qilib, jahongirlik siyosatini olib borgan. U Sharqiy Rim imperiyasi — Vizantiyaning poytaxti Konstantinopolni 40 kunlik qamaldan so‘ng egallab (1453-yil 29-may), Vizantiya imperiyasini tugatgan. Konstantinopol turkcha Istanbul nomi bilan atalib, poytaxt bu yerga ko‘chirilgan. Bu g‘alabadan so‘ng Mahmud II Fotih Bolqon va Markaziy Yevropa mamlakatlarini zabt etishga kirishgan. Serbiya (1459), Moraviya (1460), Bosniya (1463), Valaxiya (1476), Albaniya (1479) Trapezund — Trabzon (1461) egallangan. Qrim xonligi tobe davlatga aylantirilgan (1475). Oq qo‘yunli davlati hukmdori Uzun Hasanga qarshi harbiy harakatlar kuchaytirilgan. Yevropaning Italiya, Olmoniya, Avstriya kabi davlatlari hududlarini egallash rejasi tuzilib, amaliy harakatga o‘tilgan. Bu davrda harbiy va ma’muriy boshqaruv sohasida katta islohotlar o‘tkazilib, ulkan saltanatni mustahkamlash choralari ko‘rilgan. Ayniqsa, adabiyot, san’at va me’morchilik gullab-yashnagan.

Usmoniylar davlatining O‘rta Osiyo xonliklari bilan o‘z-aro munosabatlari. Asrlar davomida ikki xalq vakillari, avvalo, ulamolar, olimlar, shoirlar, san’atkorlar madrasalarda birgalikda tahsil olishlari, ziyoratlari, savdo-sotiq munosabatlari va o‘zaro tashriflar jarayonida do‘stona aloqalar o‘rnatganlar. Ikki o‘rtadagi munosabatlarda davlat rahbarlari tomonidan olib borilgan elchilik aloqalari muhim o‘rin tutadi. Safaviylar davlatiga qarshi birgalikda kurashish uchun sulton Salim I elchi Muhammadbek orqali Shayboniylar hukmdori Ko‘chkunchixon o‘zaro maktub jo‘natgan (1514).

Toshkent islom instituti talabasi

G‘ofurjanov Muhammadnabi

428600cookie-checkUsmoniylar davlatining tarixi va unga asos solinishi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: