Sog’lik o’zi nima? Sog’lik bu jismoniy, ruhiy va hissiy jihatdan barokatga erishishni anglatadi. Ya’ni sog’lik tushunchasi faqat tanaga emas, ruhiyat va hislarimizga ham tegishli. Biz bir butunlikda ham jisman, ham ruhan ham emotsional jihatdan o’zimizni yaxshi his qilsakkina, sog’lommiz deyishimiz mumkin. Chunki bizning tanamiz, hislarimiz va ruhiyatimiz bir-biriga chambarchas bog’liq. Miyangizdagi har qanday his yoki o’y tanangizdagi qaysidir gormon ko’proq yoki kamroq ishlab chiqarilishiga sabab bo’ladi. Tanamizdagi gormonlar, bilasizki, organizmimizdagi butun jarayonlarni boshqarib turadi.
Shifokorlar ham bu haqida juda ko’p gapirishadi. Masalan, agar odam nimadandir tashvishga tushsa, asabiylashsa, organizmda stress gormoni kortizol ko’proq ishlab chiqarila boshlaydi.
Ya’ni siz qancha ko’p jahl otiga minsangiz, yoki salbiy xayollarga berilsangiz, sizda stress gormoni miqdori oshib ketaveradi. Bu esa arterial qon bosimi oshishiga sabab bo’ladi. Har doim ich-ichidan siqilib yuradigan, hamma narsani ichiga yutadigan odamlarda qon bosimi bilan muammolar juda ko’p uchraydi. Vaqt o’tgani sari bu gipertonik kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Ya’ni salbiy hissiyotlar inson mana shunday kasalliklarga chalinishiga sabab bo’ladi. Buni siz ham o’z hayotingizda payqagan bo’lishingiz kerak. Yaxshilab e’tibor bersangiz, tanamizdagi har bitta jarayon bir-biriga uzviy bog’liq. Keling, tana, ruhiyat va hislar salomatligi haqida qanday qayg’urishimiz kerakligini ko’rib chiqamiz.
Jismoniy salomatlik deganda nimani tushunamiz? Jismoniy salomatlik – bu organizmimizning tabiiy, zararlanmagan, sog’lom holatidir. Ya’ni, tanamizdagi har bir a’zo, har bir organ kasalliklardan holi bo’lishi jismoniy salomatlikni hosil qiladi. Oddiy qilib aytganda, jismoniy salomatlik – bu tanamizning sog’ligi. Agar tana sog’ bo’lsa, unga ortiqcha narsaning keragi yo’q – toza havo, toza suv va ozuqalar bo’lsa bas. Sog’lom tana uchun muhimi organizmga kelib tushadigan havo, suv va ozuqalar toza, halol va sifatli bo’lishi xolos. Agar organizmingizga ifloslangan suv, sifatsiz ozuqa va zaharli havo kira boshlasa, tanangizda kasalliklar paydo bo’ladi. Jismoniy salomatligingiz joyida bo’lishi uchun yaxshi ozuqaning o’zi yetarli emas. Buning uchun jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish ham kerak. Negaki butun tanamiz xuddi bir mashinadek – agar ishlatib turilmasa, “zanglab” qoladi. Jismoniy mashqlar qilmasangiz, tanangiz harakatda bo’lmasa, organizmingizdagi jarayonlar ham sustlashib ketadi. Organizm holati vaqt o’tishi bilan ham o’zgarib boradi. Yoshingiz ulg’aygani sari organizmingiz ham toliqadi, holdan toyadi. Afsuski, organizmning qarish jarayonini butkul to’xtatib qo’yishning iloji yo’q. Bu tabiat qonuni. Qo’limizdan keladigan va qilishimiz kerak bo’lgan ish – bu yoshimiz o’tganida ham insoniy layoqatlarimizni yo’qotmagan holda baquvvat va sog’lom bo’lib qolishga harakat qilishdir.
Xitoy xalqida shunday naql bor – hatto o’lim eshigiga ham navqiron holatda bor. Ya’ni, inson qarishi mumkin, ammo tanasini xuddi navqiron yoshlardek sog’lom saqlab qolish har kimning o’z qo’lida. Jismonan faol bo’lgan odamlarning hayot tarzi ham boshqacha o’tadi. Sizning umumiy holatingizga ijobiy ta’sir qiladigan sog’lom turmush tarziga amal qilishga harakat qiling. Masalan, zararli odatlarni tashlash, zararli ozuqalardan tiyilish, yetarlicha uxlash, stressni nazorat qilish – bularning hammasi tanangiz uzoq yillargacha ham sog’lom bo’lib qolishiga yordam beradi. Jismoniy salomatlik insonning hayot tarziga bevosita ta’sir qiladi. O’z o’rnida, bu inson qanchalik baxtli yashashiga ham ta’sir o’tkazmay qolmaydi. Keling, endi ruhiy salomatlik haqida to’xtalib o’tsak. Ruhiy salomatlik deganda nimani tushunasiz? Ruhiy salomatlik deganda insonning psixologik holati, qalbi qanchalik tinch yoki notinchligi, hatto aqliy salomatlikni ham tushunish mumkin. Ruhiyati sog’lom bo’lgan odam o’z imkoniyatlaridan yuz foiz foydalana oladi. Stressni oson yengadi, tushkunlikdan tez chiqib ketadi, o’z hayotiga va jamiyat rivojiga manfaat olib kela oladigan bo’ladi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ruhiy salomatlikni quyidagi belgilar yordamida aniqlash mumkinligini aytadi:
- o’z menini jisman va ruhan tanish
- bir xil vaziyatlarda bir xil hislarni boshdan kechirish
- o’z-o’zini tahlil qila olish
- atrof-muhitga adekvat munosabatda bo’lish
- ijtimoiy va huquqiy-qonuniy talablar va me’yorlar doirasidan chiqmaslik
- rejalar tuzish va shu rejalarni amalga oshira olish
- turli xil vaziyatlarga moslasha olish, har xil holatlarda o’zini to’g’ri tuta bilish
Sanab o’tilganlarning barchasi sizning shaxsiyatingiz qay darajada yetuklikka erishganiga qarab, sizda u yoki bu darajada rivojlangan yoki hali shakllanmagan bo’lishi mumkin. Ruhiy salomatlik deganda psixologik jihatdan hech qanday muammo yo’q bo’lgan holatni emas, balki shunday muammolar paydo bo’lganda ularni payqash, ularni tan olish va yechim topib, yengib o’ta bilishni tushunish kerak. Ruhiy salomatligi mustahkam bo’lgan odamlar hayotga pozitiv nazar bilan qarashadi va har qanday qiyinchilik vaqtida o’zlarini yo’qotmasdan, muammoni yengib o’tishadi. Bunday odamlar o’zligini yaxshi tushunishadi, oldilariga maqsad qo’yib, shu maqsadga erishish uchun harakatda bo’lishadi, yaqinlari bilan sog’lom munosabatni o’rnata olishadi. Ichlaridagi hissiyotlar, qo’rquvlar, emotsiyalarga to’g’ri munosabatda bo’lishni bilishadi, zarur vaqtda yordam so’rashni va boshqalardan ko’mak olishni tabiiy hol deb hisoblashadi.
Ruhiy salomatlik sust bo’lsa, uni qanday yaxshilash mumkin? Buning uchun birinchi navbatda sog’lom turmush tarziga o’tish lozim. Uyqungizni tartibga soling, zararli mahsulotlardan tiyiling, foydali taomlarni yeng, jismonan faol bo’ling, sport bilan shug’ullaning va jahlingizni, stressni nazorat qilishni o’rganing.
Bunday tashqari, agar sizda chuqurroq ruhiy muammolar bor bo’lsa, psixoterapiya olishingiz yoki sizni rivojlantiradigan odamlar davrasida bo’lishingiz ham ruhan sog’lomlikka erishishingizga yordam beradi. Ruhiy salomatlik insonning umumiy farovonligi, barokatida juda muhim o’rinda turadi. Hissiy salomatlikka keladigan bo’lsak, bu o’z hislarini tushunish va tan olish, emotsiyalarini to’g’ri va o’rinli namoyon qila bilish, har qanday vaziyatda ham o’z xotirjamligini saqlab qola olish layoqatidir. Emotsiyalarni to’g’ri va o’rinli namoyon qilish degani bu hislarini ko’rsatishda me’yorni bilish degani. Masalan, agar kimdir sizni maqtasa xursandchilikdan baqirib, hammani o’pib-quchoqlab chiqishingiz yoki kimdir sizni tanqid qilganida o’sha tanqid qilgan odamdan arazlab, agressiv munosabatda bo’lishingiz, yig’lab oh-voh qilishingiz emotsiyalaringizni adekvatlikda boshqarolmayotganingizdan darak beradi. Yoki, hayotingizda juda katta ko’ngilsizlik sodir bo’lsa-yu, siz bemalol, pinagingizni buzmay o’tirishingiz ham xuddi shunday hissiy beqarorlik belgisi bo’ladi.
Hissiy salomatlik degani bu:
- o’z emotsiyalarini adekvat ravishda, to’g’ri va o’rinli namoyish qilish;
- o’zgarishlarga moslasha bilish;
- stressga chidamlilik
- ko’ngilsiz holatlarda ham o’zini yo’qotmasdan, vaziyatni to’g’ri baholay olish
Qisqa qilib aytganda, hissiy salomatlik negativ emotsiyalarni payqash, tan olish va ularni to’g’ri ifodalab bera olishdir. Hissiy jihatdan sog’lom odamlar hayotga pozitiv ko’z bilan qaraydi, hislarini vaqtida, o’rinli va me’yorida ko’rsatishadi, stressni yengib o’tishlari osonroq bo’ladi. Bunday odamlar yildan-yilga emotsional barqarorlikka erishib borishadi. Bunday odamlar muammoga duch kelganda odamlardan yordam so’rashni bilishadi, kerak vaqtda kerakli odamlar bilan maslahatlashishadi, tavsiyalarni olishadi, o’z xatolarini ko’rib, tahlil qilib, ularning ustida ishlashadi, kelajak uchun rejalar tuzishadi, maqsadga erishish uchun nimalar qilish kerakligini aniqlab olib, aynan kerakli ishlar bilan band bo’lishadi. O’zining emotsional holatiga e’tiborli bo’lish va kerak vaqtda yordam so’ray bilish juda muhim fazilat hisoblanadi. Hech qachon yordam so’rashdan uyalmang, ayniqsa yaqinlaringizning emotsional jihatdan sizni qo’llab-quvvatlashlari sizga juda katta quvvat beradi. Odam organizmidagi juda ko’p kasalliklar aynan hissiy barqarorlik yo’qligidan kelib chiqadi. Hislarimiz va tanamizning salomatligi bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Hissiy jihatdan salomat bo’lmasak, jismonan ham sog’lom bo’lolmaymiz. Shu sababli ham hissiy holatingizga doim e’tiborli bo’ling.
Anas ibn Molikdan shunday rivoyat qilinadi: “Tashvish-u xavotir qarilikning yarim toshidir. Aynan ular qarishni tezlashtiradi” Hissiy salomatlikni yaxshilash uchun nima qilish kerak degan haqli savol paydo bo’ladi. Avvalo, buning uchun:
- jismoniy mashqlarni qilish;
- relaksatsiya metodlarini qo’llash;
- sog’lom ovqatlanish;
- uyqu rejimini tartibga solish;
- sizni emotsional jihatdan qo’llab-quvvatlaydigan, sizni rivojlantiruvchi odamlar davrasida bo’lish;
- hissiy muammolarni o’zingiz hal qila olmaganingizga mutaxassisdan yordam olish kerak bo’ladi.
Turli tadbirlarga borish, faol odamlar davrasida bo’lish, seminarlar, hamfikr insonlar jamoatida bo’lish hissiy salomatlik uchun ayniqsa foydali bo’ladi. Hamfikr odamlar davrasida inson o’zini ancha xavfsiz his qiladi. Hamjihatlik va birdamlik asosida hissiy barqarorlik ham shakllanib boradi. Hissiy salomatlik insoniy umumiy holati uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Shu darajada muhimki, u insonning jismoniy holatiga ham ta’sir qilish xususiyatiga ega. Mana, salomatlikning uchta muhim turini ko’rib chiqdik. Keling, endi salomatlikdagi barokat haqida gaplashamiz. Baxt va salomatlik haqida gap ketganida barokatga to’xtalmay o’tishning iloji yo’q.
Xo’sh, barokat o’zi nima? Barokat – bu barakaga ega bo’lish, baraka topish, barakali hayot kechirish degani. Barokat – bu niyatlarimizning amalga oshishi, hayotdan ich-ichimizdan mamnun bo’lish, rozilikni va to’liqlik, mo’l-ko’lchilikni his qilish degani. Barokat hissi – bu har bir inson ich-ichidan his qiladigan o’ta subyektiv tushunchadir. Barokatni his qilish har bir inson hayotdagi umidlari qay darajada ushalayotgani va u bulardan qay darajada qoniqish his qilayotganiga bog’liq. Shunisi ma’lumki, odatda iymonli insonlar, Allohga tavakkul qilganlar ko’proq hayotdan mamnunlikni topishadi va har bir ishlarida barokatni his qilishadi. Shuni tushunib olish kerakki, barokat doimiy birdek turadigan, o’zgarmaydigan hissiyot emas. Barokat hissi inson hayotida sodir bo’ladigan hodisalarga, uning dunyoqarashidagi o’zgarishlarga va yoshiga qarab o’zgarib boradi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, salomatlik:
- tanamizda kasallik va jarohatlar umuman bo’lmasligi yoki xotirjam hayot kechirishga xalal bermaydigan darajada bo’lishi;
- hayotimizdagi voqea-hodisalarga, odamlarning fikrlariga adekvat va o’rinli munosabat ko’rsata olishimiz;
- stressni osonroq va yengilroq yengib o’tishimiz;
- atrofdagilar bilan emotsional jihatdan to’g’ri va sog’lom munosabatda bo’lishimiz;
- ruhiyatimizni nazorat qilish va kerakli paytda yordam olish orqali osuda hayot kechirib, barokat hissiga to’yinishimiz bilan namoyon bo’ladi.
Salomatlik juda keng va ko’p qirrali tushuncha bo’lib, unga bir nechta omillar ta’sir qilib turadi.
Masalan:
- genetika
- hayot tarzi
- tibbiy yordam olish imkoniyati
- va hokazo
Agar baxtli hayot kechirish niyatida bo’lsangiz, shu narsani doim yodda tuting: Hissiy barqarorlik, sog’lik baxt uchun eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham doim o’zingizga va salomatligingizga e’tiborli bo’ling.