islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Hanafiy mazhabining rivojlanish bosqichlari

Mazhab so‘zi lug‘atda yo‘l, yo‘nalish ma’nolarini anglatsa, istelohda shar’iy dalillardan fatvolar chiqarishda maxsus usul va qoidalarga tayanib ish ko‘rgan mujtahidning yo‘liga aytiladi. Ma’lumki, Islom olamining ahli sunna toifasi ichida to‘rtta fiqhiy mazhablar mavjud. Ular: Hanafiy, Molikiy, Shofe’iy va Hanbaliy mazhablaridir. Darvoqe, bu mazhablar kelib chiqishidan oldin ham turli mazhablar mavjud bo‘lib, u mazhablar muayyan bir shaxs nomi bilan emas balki, shahar va mintaqa aholisi nomi bilan atalgan. Masalan, Madinaliklar mazhabi, Makkaliklar mazhabi va hokazo. O‘z navbatida mazkur shahar yoki mintaqa aholisi o‘sha yerdagi ulamolarning fatvolariga amal qilishar edi.

Aytaylik, Madina ahli asosan sahobalardan Abdulloh ibn Umar, tobeinlardan Said ibn Musayyab va Urva ibn Zubayr Rahmatullohi alayhlarning fatvolariga amal qilishgan. Makka aholisi Abdulloh ibn Abbosga va u kishining shogirdlari Mujohid ibn Jubayr, Ato ibn Abi Robah, Tovus ibn Kiysonga, Kufa aholisi Abdulloh ibn Mas’udga va u kishining shogirdlari Alqama ibn Qays, Asvad ibn Yaziyd, Masruqga, Basra aholisi Abu Muso al-Ash’ariy, Anas ibn Molik, Hasan Basriy, Muhammad ibn Siyriynga, Shom diyori aholisi Muoz ibn Jabal, Uboda ibn Somit, Abu Dardoga va ularning shogirdlari Abu Idris Al-Xavaloniy, Makhul ad-Dimashqiy, Umar ibn Abdulazizga, Misr aholisi esa Abdulloh ibn Amr ibn Osga ergashishar edi.

Tabiiyki, bir shahar aholisi mazhabi bilan boshqa shahar aholisi mazhabi o‘rtasida juz’iy farqlar mavjud edi. Buning sababi, fatvo beruvchi sahobiylarning hammasi ham Rosulullohdan vorid bo‘lgan hadislardan birdek xabardor emas edilar. Qolaversa, ularning ilmiy salohiyatlari ham, ijtihodiy yo‘nalishlari ham bir xil emas edi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom ham: “Ummatimning ixtilofi rahmatdir” degan muborak hadisni aytganlar va bundan aynan mana shu xildagi tafovutni nazarda tutganlar. Imom Molik Rahmatullohi alayh ham o‘zlarining mashhur “Muvatto” (ommabop) kitoblarini yozilish tarixini zikr qilganlarida shunday degan edilar: Xalifa Abu Ja’far al-Mansur bilan hajda uchrashib qoldik, shunda u menga: “Men bilan sizdan boshqa olim qolmadi, men siyosat bilan mashg‘ulman. Siz odamlarga sunnat va fiqhni bayon qiluvchi bir kitob yozing. Faqatgina, unda Ibn Abbosning ba’zi masalalardagi ruxsatlarini, Ibn Umarning ba’zi masalalardagi qattiqqo‘lligini va Ibn Mas’udning ba’zi masalalardagi nodir so‘zlarini kitobga kirgizishdan saqlaning, uni ommabop qilib yozing” – dedi. Kitob ta’lif qilinib Abu Ja’far al-Mansurga taqdim qilinganda, u Imom Molikga: “Men bu kitobingizni Ka’baga osib qo‘ymoqchiman, uni butun Islom olamiga tarqatib, ixtiloflarga chek qo‘yish uchun odamlarni yolg‘iz shu kitobga amal qilishlariga majbur qilmoqchiman” – dedi. Shunda Imom Molik: “Yo‘q, unday qilmang, chunki sahobalar yer yuzi bo‘ylab tarqalib ketganlar. Ular men kitobga kirgizgan Hijoz aholisining hadislaridan boshqa hadislarni ham rivoyat qilishgan. Odamlar o‘sha hadislarni ham olganlar. Siz ularni o‘z hollariga qo‘ying”, – dedilar.

Keyinchalik, taniqli ulamolar tomonidan sahobiy va tobeinlarning fatvolari jamlanib, ularni tahlil qilish orqali yangi mazhablar vujudga keldi va bu mazhablar mazhab sohibining nomi bilan atala boshladi. Xususan, Ko‘fada Hanafiy, Madinada Molikiy, Misrda Shofe’iy va Bog‘dodda Hanbaliy mazhablari paydo bo‘ldi.

Mazhab asoschisi Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit bo‘lib, “Imom A’zam” laqabi bilan shuhrat qozongan. U zot Kufa shahrida (699-767) tavallud topib, o‘sha yerda vafot etgan. Ustozi Sha’biydan kalom, hadis, tafsir, fiqh ilmlarini mustahkam egallab, ular orasida ayniqsa fiqh ilmiga katta qiziqish bilan qaraydi. Abu Hanifa yashagan davr Umaviylar va Abbosiylar sulolasining davlat boshqaruvi vaqtlariga to‘g‘ri keldi. Abu Hanifa Qur’oni karim, sunna, sahobiylar so‘zlari, qiyos, istehson, ijmo, urf kabi fiqhiy manba va uslublarga ko‘ra hukm chiqargan.

Imom Abu Hanifa asos solgan Hanafiy mazhabi Kufa shahri — Iroq diyori markazida yuzaga kelib, oz muddat ichida islom dunyosining ko‘p mamlakatlarida tarqalib rivojlandi va musulmonlarning katta qismini o‘ziga jalb etib, ahli sunna val jamoaning eng katta va keng yoyilgan mazhabiga aylandi. “Islom: yo‘nalishlar, mazhablar, oqimlar» kitobi muallifi bergan ma’lumotlarga ko‘ra: “Bugungi kunda dunyodagi taxminan 1,3 milliard musulmon aholisining 92,5 foizini sunniylar tashkil etib, ular mazhablar bo‘yicha quyidagi nisbatda bo‘linadilar: Hanafiylar-47%, Shofe’iylar-27%, Molikiylar-17%, Hanbaliylar-7,5%ni tashkil qiladi”.

Hanafiy mazhabi ikkinchi hijriy asrdan sharq-u g‘arb, shimol-u janubga o‘z nufuzini o‘tkaza boshladi va birinchi bosqichda Abbosiylar davlati hududida tarqaldi, so‘ngra ko‘p o‘lkalarda barcha xalqlarning ichiga kirib borib, ular tomonidan qabul qilindi va ayrim mamlakatlar, masalan, Iroq, Eron, Movarounnahr, Xuroson va Turkiya hududlarida Abbosiylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Misrda Ayyubiylar, Mamluklar, Temuriylar, Boburiylar, Shayboniylar davlatlari va Usmoniylar imperiyasi tomonidan rasmiy mazhab sifatida qabul qilinib, ularning keng sohali barcha hududlarida qozilik ishlari ushbu mazhab asosida olib borilardi.

Hozirgi kunda Hanafiylikning jo‘g‘rofiy hududi Markaziy Osiyo davlatlaridan boshlab, Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Arabiston, Yaman, Misr, Jazoir, Tunis, Marokash, Turkiya, Indoneziya va boshqa musulmon o‘lkalariga yetib boradi . Abu Hanifa Rahmatullohi alayh mazhabi aytib o‘tilgan mamlakatlarning ayrimlarida asosiy mazhab bo‘lsa, ayrimlarida ikkinchi yoki uchinchi o‘rinda turadi.

Hanafiy mazhabi shimoliy Afrika mamlakatlari (Tunis, Jazoir, Marokash)da tarqalgan edi. Bu o‘lkalarda hanafiylar soni ko‘p bo‘lmasa ham, bu mazhab olimlari katta izzat va hurmatga ega. Tunis poytaxtida sud ishlari hanafiy va molikiy mazhablari asosida yuritilib, unda hanafiy sud tizimi molikiy sud tizimi bilan birga qo‘llaniladi.

Hanafiy mazhabi tarafdorlari Hindistonda 48 mln.ga yetib boradi. Janubiy Amerika va Braziliyada 25 mln hanafiy musulmonlari mavjud.

Toshkent islom instituti talabasi

G‘ofurjanov Muhammadnabi

429300cookie-checkHanafiy mazhabining rivojlanish bosqichlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: