islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Mutaassiblik nima? Islomda mutaassiblik va unga yechimlar

Bag‘rikenglik ko‘rinishlari qanchalik qadimiy ildizlarga ega bo‘lsa, toqatsizlik va murosasizlik bilan bog‘liq qarashlar va harakatlarning ildizlari ham shunchalik qadimiydir. Shu toqatsizlik va murosasizliklardan biri “Mutaassiblik” uning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.

Mutaassiblikni (متعصب) lug‘atda turli xil ma’nolari bo‘lib, u qattiq tirishishlik, o‘jarlik, injiqlik, yordam berish, rozi bo‘lishlik ma’nolarini anglatadi.[1] Hozirgi kunda bu so‘z asosan salbiy ma’nolari bo‘lmish o‘jarlik, injiqlik, (ko‘r-ko‘rona) qattiq g‘ayrat qilish, ergashish ma’nolarida ishlatilmoqda.

Istilohda esa, ilmsizlik bilan doim o‘zini so‘zsiz haq deb bilib, fikrida qattiq turib olish, boshqalarni esa nohaq deb qarash taassubdir. Bu tuyg‘u mutaassib kishini o‘zgani tahqirlaydigan, haqiqatdan yuz o‘giradigan kimsaga aylantiradi.

“Mutaassiblik” muayyan g‘oyalarning to‘g‘ri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan berilish, “o‘zgalar” va “o‘zgacha” qarash hamda g‘oyalarga murosasiz munosabatda bo‘lish, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etishi, ularni tan olmaslikda namoyon bo‘ladi.[2]

Qisqacha aytganda, mutaassiblik garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir. Mutaassiblik va fanatizm tushunchalari bir-biriga ma’nodosh bo‘lib, ularning aksi yuqorida aytganimizdek bag‘rikenglikdir.

Bugun mutaassiblikning mashhur bo‘limlaridan biri bo‘lmish Islomda mutaassiblik haqida gaplashamiz.

Islom ahkomlardan iborat bo‘lgan din bo‘libgina qolmay, balki u jamiyat ma’naviyati va ma’rifatini shakllantiruvchi hamda kamolga yetkazuvchi va uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy talablarini qondiruvchi dindir. Ammo, islom arkonlarning ijrosi barobarida inson diniy ilmsizlik sabab ko‘plab muammolarga duch bo‘lishi tabiiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblik va dinda chuqur ketishlikdir. Dinimiz Islom mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralaydi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketishlik tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada ya’ni Alloh taolo buyurgan chegaralardan ilmsizlik bilan, mutaassibona chiqish oqibati haqida quyidagicha oyat kelgan:

Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar zolimlardir.[3]

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) esa: “Sizlardan oldingilar nabiylaridan savol so‘rayverganlari va ular bilan ixtilof qilganlari tufayligina halok bo‘lishgan. Qachon biron narsadan sizlarni qaytarsam, undan chetlaninglar. Qachon sizlarni biron ishga buyursam, kuchingiz yetganicha uni bajaringlar!” deganlar[4]

Yana payg‘ambarimiz dinda chuqur ketib zohidlik bilan shug‘ullanayotgan ba’zi sahobalarni bu ishdan qaytarganlar. Va ularga to‘g‘ri yo‘l bo‘lmish islom va vasatiylik bo‘limini ko‘rsatganlar. Sahobalar ham u kishiga xilof qilmay, ilm va haq kelishi bilanoq bu yo‘llaridan qaytishganlar.

Dinda mutaassiblikda bardavom bo‘lishlikning eng oddiy zarari inson hatto u yaxshi amal bo‘lsa ham o‘sha ishda malollanib qolishi yuzaga kelishi va o‘sha yaxshi ishga va hattoki dinga nisbatan ham muhabbatsizlikka uchrab qolishi mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har bir ishda mutaassibona harakatlar bilan emas, ilm ahli bilan bamaslahat harakat qilish, o‘z arolariga tayanib emas, hujjat va manbalarga tayanib ish ko‘rishlik to‘g‘ri bo‘ladi. Faqat shu narsagina bizni mutaassiblik deb atalmish yomon illatdan xalos bo‘lishimizga sabab bo‘ladi.

Toshkent islom instituti talabasi

Isroilov Muhammadsodiq

Foydalanilgan manbalar:

 1. Al-Javohir Arabcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-arabcha offlayn lug‘at.

2. Diniy mutaassiblik: mohiyat, maqsadlar va oldini olish yo‘llari kitobi.

3. Tafsiri Hilol kitobi ilovasi.

4. Oltin silsila kitobi ilovasi.

[1] – Al-Javohir arabcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-arabcha offlayn lug’at.

[2] Hasanov A. Diniy mutaassiblik: mohiyat, maqsadlar va oldini olish yo‘llari. Toshkent:Toshkent islom universiteti. 2017. 38 b.

[3]  Baqara surasi 229-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol ilovasi. Hilol Nashr.

[4] Sahihi Buxoriy, 7288-hadis.  Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Oltin silsila ilovasi. Hilol Nashr.

430460cookie-checkMutaassiblik nima? Islomda mutaassiblik va unga yechimlar

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: