Balog‘at ilmi islomiy ilm-fan taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. Bu ilmning asoschilari orasida Abdulqohir Jurjoniy alohida e’tiborga loyiq. U yozgan “Daloilul i’joz” asari nafaqat Qur’on oyatlarining betakrorligini ilmiy asoslashga xizmat qilgan, balki arab tilshunosligi, stilistika, semantika va diskurs tahlilining ilk namunalari sifatida qadrlanadi. Bugungi kunda bu asar Qur’on tafsirida, adabiy tahlilda va tilshunoslikda muhim nazariy manba sifatida keng o‘rganilmoqda.
“Daloilul i’joz” asarida Jurjoniy nutq go‘zalligi faqatgina so‘z boyligida emas, balki so‘zlar o‘rtasidagi mantiqiy va semantik bog‘liqlikda deb biladi. U “nazm” tushunchasiga alohida urg‘u berib, ifoda vositalari tartibi, ularning kontekstdagi o‘rni va o‘zaro aloqasi asosida balog‘at yuzaga kelishini isbotlaydi. Bu qarashlar hozirgi zamonaviy diskurs tahlil, tekst lingvistikasi, pragmatika va stilistik tadqiqotlarga metodologik asos bo‘la oladi.
Asarning markazida Qur’onning i’jozi – ya’ni uning hech bir inson tomonidan taqlid qilib bo‘lmasligi yotadi. Jurjoniy buni faqat diniy emas, adabiy-nazariy asoslar bilan izohlaydi. Bugungi kunda bu yondashuv ilohiyotshunoslik va Qur’onshunoslik doirasida fundamental ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, so‘fiy tafsirlar, muqoyasali tafsirlar va uslubiy tahlillar “Daloilul i’joz”dagi g‘oyalarga suyanmoqda.
Hozirgi zamon adabiyotshunosligida matn tahlilining struktura, mazmun va uslubiy birliklar orqali amalga oshirilishi Jurjoniy yondashuvi bilan uyg‘unlikda. Uning tahlil usuli, ayniqsa, metafora, tashbeh, isti’ora kabi badiiy vositalarning chuqur talqini bugungi stilistik tahlil uslublariga hamohang. Tilshunoslikdagi sintaksis-semantik tahlillar, uslubiy o‘ziga xosliklar, kontekstual yondashuvlar bu asar bilan bevosita aloqador.
Bugungi globallashuv jarayonida milliy-ma’naviy qadriyatlarni saqlab qolish va rivojlantirish dolzarb masalaga aylangan. “Daloilul i’joz” asari bu borada bebaho manba bo‘lib, u islomiy estetik qarashlar, axloqiy tamoyillar va til madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, Qur’onni badiiy va nazariy jihatdan o‘rganish orqali yosh avlodda estetik did va diniy tushunchalarni uyg‘un shakllantirish mumkin.
“Daloilul i’joz” asari o‘zining chuqur nazariy va adabiy yondashuvi bilan hozirgi ilmiy izlanishlar uchun ham dolzarb hisoblanadi. U til va tafakkur o‘rtasidagi murakkab aloqani ochib beradi, balog‘at ilmiga chuqur falsafiy asos baxsh etadi. Jurjoniy yondashuvi zamonaviy tilshunoslik, adabiyotshunoslik va Qur’onshunoslik sohalarida fundamental nazariy negiz sifatida o‘rganilishi kerak.
Qodirjon TURSUNOV,
TII 404 guruh talabasi