islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Tijorat va zakot

Islom dinida zakot ibodati muhim moliyaviy ibodatlardan biri sanaladi. U musulmon jamiyatida boylar bilan kambag‘allar o‘rtasida moliyaviy muvozanatni ta’minlash, ijtimoiy tenglik va yordamni yo‘lga qo‘yish vositasi hisoblanadi. Zakot faqatgina oddiy mol-mulkdan emas, balki tijorat maqsadida qo‘lga kiritilgan mollar, ya’ni savdo-sotiq yo‘lidagi boyliklardan ham olinadi. Bu borada fiqhiy adabiyotlarda, xususan, mashhur hanafiy fiqh manbasi bo‘lmish Burhoniddin Marg‘inoniy qalamiga mansub “Al-Hidoya” asarida keng va asosli fikrlar bayon etilgan. Ushbu maqolada “Hidoya” asarida keltirilgan tijorat mollari zakoti bilan bog‘liq shar’iy tamoyillar, shart-sharoitlar va ulamolar fikri asosida yoritiladi. Quyida sizlarga tijorat mollarining zakoti borasida kengroq ma’lumot beramiz.

Tijorat mollarining ta’rifi va zakotga oidligi

Islomiy iqtisodda tijorat mollari deganda foyda olish maqsadida mulkka kiritilgan har qanday mol (kiyim-kechak, oziq-ovqat, texnika, hayvon, binolar, hatto yer) tushuniladi. “Hidoya”da bu mollar “’uruḍ at-tijārah” (عُرُوضُ التِجَارَة) deb nomlanadi. Bu atama ostida doimiy ravishda savdoga qo‘yiladigan mol-mulklar tushuniladi. Bunda niyat muhim o‘rin tutadi. Ya’ni, molni sotib olayotgan vaqtda yoki o‘z mulkiga aylantirgan paytda egasi foyda olish niyatida bo‘lishi lozim.

Masalan, bir kishi mashina sotib olib, undan shaxsiy foydalanmoqchi bo‘lsa, bu zakotga loyiq emas. Ammo agar u ushbu mashinani sotish yoki ijaraga berib foyda olish niyatida olsa, u tijorat moli hisoblanadi va zakotga tortiladi.

Tijorat mollarining zakotga bog‘liq shartlari

“Hidoya”da tijorat mollarining zakotini vojib qiluvchi asosiy shartlar quyidagicha bayon etiladi:

Nisob miqdori: Mol-mulk zakotga loyiq bo‘lishi uchun uning qiymati zakot nisobiga yetgan bo‘lishi shart. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, bu miqdor oltinda 20 dinor (85 gram), kumushda esa 200 dirham (595 gram) ekvivalentidir. Tijorat mollarining qiymati shu miqdorga yetgan bo‘lsa, zakot farz bo‘ladi.

Bir yil (havl) o‘tishi: Tijorat moli bir hijriy yil davomida egasining qo‘lida bo‘lishi lozim. Agar yil davomida mol sotilib boshqa molga almashtirilsa ham, asl niyat savdo bo‘lsa, zakot vojib bo‘laveradi.

Egasi musulmon va aqlli bo‘lishi: Zakot faqat musulmonlarga farz qilingan. Bundan tashqari, egasi balog‘atga yetgan, aqli joyida bo‘lishi ham zarur.

Mol mulkka aylangan bo‘lishi: Tijorat mollari haqiqiy mulkka aylangan, ya’ni egasi u ustidan to‘liq egalik huquqiga ega bo‘lgan bo‘lishi kerak. Qarzdorlik holatida yoki mol to‘liq egasining ixtiyorida bo‘lmasa, zakot vojib bo‘lmasligi mumkin.

Tijorat mollarining zakot miqdori va hisoblash tartibi

Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarida bayon qilishicha, tijorat mollaridan 1/40, ya’ni 2,5% zakot chiqariladi. Bu hisobda asosiy mezon – molning bozordagi bahosidir. Zakot yili yakunida barcha tijorat mollari real qiymat asosida baholanadi va shu asosda zakot chiqariladi. Hatto mol sotilmagan bo‘lsa ham, qiymati asosida hisoblab zakot berilishi lozim.

Zakotni quyidagicha hisoblash mumkin:

Savdo mollarining umumiy bahosi – qarzlar = sof mol qiymati

Sof mol qiymatining 2,5% qismi – zakot miqdori

Agar mol pullanib ketgan bo‘lsa, qo‘ldagi puldan zakot chiqariladi. Bu holatda tijorat molining zakoti, naqdsimon zakot (pul) qoidalariga bo‘ysunadi.

Tijorat mollarining turlari va ular bilan bog‘liq fiqhiy tafsilotlar

“Hidoya”da tijorat mollarining turli shakllari misolida zakotga oid tafsilotlar keltiriladi:

Yer va bino: Savdo uchun sotib olingan yer va binolardan zakot olinadi, biroq shaxsiy foydalanish uchun olingan uylardan olinmaydi.

Hayvonlar: Tijorat maqsadida sotiladigan hayvonlardan (masalan, qoramol, qo‘y, ot) zakot olinadi. Ammo ular ozuqa yoki ish kuchi sifatida ishlatilsa, zakot vojib bo‘lmaydi.

Tayyor mahsulot va xomashyo: Ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan xomashyo yoki tayyor mahsulotlar ham tijorat mollariga kiradi va ulardan zakot chiqariladi.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, tijorat mollarining zakoti Islom iqtisodiy tizimining ajralmas bir qismi bo‘lib, u nafaqat shaxsiy poklik va moliyaviy adolatni, balki jamiyatdagi ijtimoiy tenglik va barqarorlikni ham ta’minlaydi. “Hidoya” asarida bu masala chuqur fiqhiy tahlil asosida yoritilgan bo‘lib, har bir musulmon tadbirkor va savdogar uchun asosiy qo‘llanma bo‘lishi lozim. Burhoniddin Marg‘inoniy mazkur mavzuda nafaqat texnik qoidalarni, balki diniy va axloqiy maqsadlarni ham ilgari suradi. Unga ko‘ra, tijorat faqatgina daromad orttirish vositasi emas, balki Allohning rizosiga erishish yo‘li bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda savdo-sotiq faoliyati o‘ta murakkablashdi: aksiyalar, elektron tijorat, kriptovalyutalar va boshqa zamonaviy vositalar keng tarqalgan. Shunday murakkab iqtisodiy muhitda ham zakot hukmi o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Tijoratning har qanday shakli bo‘lishidan qat’i nazar, agar foyda olish niyati bo‘lsa va mol zakot nisobiga yetsa, uning zakoti chiqarilishi farz bo‘ladi. Ayniqsa bugungi kunda boyliklar muayyan qo‘llarda to‘planib, ijtimoiy tabaqalanish kuchayib borayotgan bir vaqtda, zakot vositasi orqali jamiyatda moliyaviy muvozanatni tiklash mumkin.

Shuningdek, ko‘plab musulmon tadbirkorlar va kichik biznes egalari zakot masalasida yetarlicha ma’lumotga ega emaslar. Bu esa ba’zida zakotning to‘g‘ri ado etilmasligiga sabab bo‘ladi. Shu bois, “Hidoya” kabi fiqhiy meroslarni chuqur o‘rganish, ularni zamonaviy iqtisodiy sharoitga mos holda talqin qilish har bir mutaxassis va diniy sohaga daxldor shaxsning vazifasidir.

Muhriddin ABBOSXONOV,

TII 401-guruh talabasi

445811cookie-checkTijorat va zakot

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: