Dinimizda nikohning muhim shartlaridan biri – kafoat, ya’ni er-xotin o’rtasidagi tenglik masalasi alohida o’rin tutadi. Kafoat lug’aviy ma’noda “teng bo’lish”, “barobar bo’lish”ni anglatadi. Fiqhiy istilohda kafoat nikohda er va xotin o’rtasidagi muayyan jihatlar bo’yicha tenglik va moslikni bildiradi.
Bo’lajak umr yo‘ldoshini tanlashda turli qavmlar har xil o‘lchovlarga asoslanadilar. Kimdir kelin tanlashda uning chiroyini o‘lchov qilib oladi, boshqasi bo‘lajak kelinning moliga qiziqadi, uchinchisi nasabiga e’tibor beradi va hokazo. Shu singari, kuyov tanlashda ham gohida kuyovning mansabiga, gohida boyligiga, ba’zilari kuch-quvvati yoki chiroyiga qiziqadilar. Buning ustiga, jamiyatlarda zamon va makonga qarab bu kabi o‘lchovlar va e’tiborlar o‘zgarib ham turadi. Ko‘pchilik bu o‘ta nozik masala bo‘yicha nima qilishni bilmaydi. Ota-onalar bilan farzandlar o‘rtasida, qavm-qarindoshlar o‘rtasida xuddi shu masalada turli tortishuvlar, kelishmovchiliklar, hatto janjallar ham bo‘ladi. Har kim o‘zining bilimidan yoki tajribasidan kelib chiqib ish ko‘rmoqchi bo‘ladi. Musulmon inson uchun esa, boshqa masalalar qatori, bu masala ham allaqachon hal etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ogoh boʻling, ayollarni faqat valiylari turmushga bersin va faqat oʻzlariga teng boʻlgan kishilarga turmushga bersinlar”, deganlar.
Xalqimizda “teng tengi bilan” degan hikmatli soʻz bor. Bu soʻz shariatimizning koʻrsatmalariga muvofiq keladi. Fuqaholar boʻlajak kelin-kuyovlar quyidagi jihatlarda oʻzaro teng boʻlishiga e’tibor qilish lozimligini aytganlar:
Nasabi;
Hurligi, ya’ni ozod boʻlishi;
Islomni ertaroq qabul qilganligi;
Dindorligi;
Boyligi;
Kasb-hunari.
Nikohda kafoat (tenglik) masalasi muhim o’rin tutadi. Tenglikning asosiy maqsadi oilaviy hayotning barqarorligi va baxt-saodatini ta’minlashdir. Shu sababli, nikohdan oldin bu jihatlar e’tiborga olinishi tavsiya etiladi.
Otabek BAKIROV,
TII 401-guruh talabasi