islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Movarounnahr fiqh maktabining hanafiy mazhabi rivojida tutgan o’rni

Fiqh ilmi, xususan, hanafiy fiqhining rivojiga hissa qo’shgan ulamolar orasida Movarounnahr ulamolari alohida o’rin tutadi. Abu Mansur Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Faxrul islom Pazdaviy, Alouddin Samarqandiy va Burhoniddin Marg’iloniy kabi ulamolarining bu boradagi xizmatlari beqiyosdir. Movarounnahrda hanafiy mazhabining keng yoyilishiga sabab, bir tomondan IX asrda bu yerda mahalliy fiqh maktabi shakllanishida Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rohimahullohning shogirdi Abu Hafs Kabir (150–217 h.) rohimahullohning xizmatlari bo’lsa, boshqa tomondan hanafiy mazhabining mezon va tamoyillari mahalliy shart-sharoitlarga ko’proq muvofiq kelganida edi. Bundan mahalliy fiqh maktabining shakllanishida Balxdagi yirik hanafiylik markazining ham ta’siri katta bo’ldi.

Movarounnahrda fiqh maktabining vujudga kelishi tarixiy jihatdan Somoniylar hukmronligi (819–999 yillar) davriga to’g’ri keladi. Ayni shu davrda Balx bilan Movarounnahr o’rtasida madaniy aloqalar yaxshi rivojlangan paytlar edi. Shuning uchun mahalliy fiqh maktabi shakllangan dastlabki davrlarda Balx, Bag’dod va boshqa hanafiy mazhabi markazlarining ta’siri sezilib turardi. Zero, Turkistonlik ulamolar dastlab Bag’dod va xalifalikning boshqa shaharlarida ta’lim olishar va o‘rgangan ilmlarini dars berish va asarlar yozish orqali keyingi avlodga yetkazar edilar.

Qoraxoniylar davrida (999–1211 yillar) fiqh ilmi Movarounnahrda yuksaklikka erishdi. Endi faqihlar jamiyat hayotida muhim o‘rin tuta boshladilar. Chunki ular mamlakatdagi o‘zgarishlarni islom dini talablariga mos kelishi yoki kelmasligi xususida fikr bildira oladigan yagona toifa kishilar edi. Ular ko‘pincha shahar aholisining o‘rta tabaqasiga mansub kishilar bo‘lib, albatta, xalq ommasining muammolari, tashvish va quvonchlaridan yaxshi xabardor edilar. Shu sabab aholi turli masalalar bo‘yicha o‘zlari yashab turgan joydagi faqihlarga murojaat qilishardi.

Qoraxoniylar davrida Movarounnahrda qator yirik fiqh olimlari yashab ijod etgan bo‘lib, ular mahalliy urf-odatlar va huquqiy mezonlar ichidan hanafiy mazhabi talablariga muvofiq keladiganini ajratganlar va yozma fatvolarida aks ettirganlar. Ular sirasiga Shamsul aimma Halvoniy (vaf. 448/1056), Shamsul aimma Saraxsiy (vaf. 490/1097), Faxrul islom Pazdaviy (vaf. 493/1100), Faxruddin Qozixon (vaf. 544/1149) kabi allomalarni kiritish mumkin. Eng e’tiborlisi, bu davrda Movarounnahrda fatvo chiqara olish quvvatiga ega faqihlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Bu borada Abu Hafs Nasafiy (vaf. 537/1142), Zahiruddin Marg‘inoniy (vaf. XII asr), Burhonuddin Buxoriy (672/1273), Husomuddin Umar ibn Abdulaziz Buxoriy (vaf. 691/1292) va boshqalarning nomlari mashhur. Mazkur davrning yana bir xususiyati – faqihlarning har xil mavzu va sohalardagi turli masalalar bo‘yicha chiqargan fatvolari to‘planib, muayyan mualliflarning asarlarida jamlangan. Ayni paytda bunday to‘plamlarning ellikdan ortig‘i mavjud edi. Movarounnahrda IX asrda shakllanib borgan mahalliy fiqh maktabi mintaqadagi Buxoro va Samarqand kabi yirik ilm markazlaridan tashqari Nasaf, O’zgan, Marg’ilon, Kesh kabi shaharlarda yetishib chiqqan allomalar tarafidan rivojlantirilganini ham ko’rsatadi.

Bu hol mintaqada fiqh ilmi X–XII asrlarda o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga chiqqan va ayni o‘sha davrda butun islom olamida fiqh ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan asarlar yaratilishiga qulay muhit yaratgan, degan xulosa berishga asos bo’ladi.

Movarounnahr fiqh maktabining islom tarixida tutgan o‘rnining yana bir harakterli tomoni – bu yerda shakllangan boy ilmiy meros va amaliy tajriba faqatgina Movarounnahrdagina cheklanib qolmay, balki boshqa musulmon o‘lkalariga, jumladan, arab mamlakatlariga ham yetib borib, u mamlakatlarda hanafiy mazhabining fiqhi rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shdi. Qator musulmon mamlakatlari hukmdorlari sunniy musulmonlar mavqeini kuchaytirish maqsadida Movarounnahrlik faqihlarga murojaat etganlar. Ayniqsa Bag‘dod va Nishopurda hanafiy mazhabi nufuzi susayib ketgach, bunga ehtiyoj kuchaygan.

Shuningdek, Movarounnahrlik faqihlar Yaqin Sharq mamlakatlarida ham hanafiy mazhabi nufuzini oshirishga beqiyos xizmat qildilar.

Muhammad ISROILOV,

TII 402-guruh talabasi

446430cookie-checkMovarounnahr fiqh maktabining hanafiy mazhabi rivojida tutgan o’rni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: