islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Abu Rayhon Beruniy – Islom oltin davrining eng zabardast qomusiy allomalaridan biri

Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?

Abu Rayhon Beruniy (973–1048) o‘rta asrning buyuk qomusiy olimi bo‘lgan. Shuningdek u astronom, astrolog, matematik, geolog, geograf, o‘lkashunos, biolog, tibbiyot olimi, o‘simlikshunos, ma’danshunos, tarixchi, manbashunos, dinshunos, adabiyotshunos, faylasuf, sotsiolog, mantiqshunos, ilohiyotchi va shoir bo‘lgan. O‘z davrida hazrat Abu Rayhon Beruniyning “shug‘ullangan sohasini sanashdan ko‘ra, shug‘ullanmagan sohasini sanash osonroq”, edi deyishadi. Beruniy bobomiz astronomiya, astrologiya, dinshunoslik, tarix fanlariga oid asarlar yozgan. Abu Rayhon Beruniy Yer sayyorasi Quyosh atrofida aylanishini aytib, Yerning aylana o‘lchamini aniqlagan olimdir. Abu Rayhon Beruniy birinchi bo‘lib Yer shari globusini yasagan. Bu ixtirodan barcha geograflar, har bir ziyoli bugungi kunda ham bahramand bo‘lmoqda.

Abu Rayhon Beruniy Atlantika va Tinch okeanlarining janubiy qismi bir-biri bilan tutashganligini isbotlab, Yer sharining janubiy tomonida muz qoplangan quruqlik bo‘lishi kerak, deb faraz qilgan.

U geografik kenglikni hisoblashda qo‘llagan usul XVI asrda Tixo de-Brage tomonidan kashf etilgan, deb kelinadi, vaholanki, bu usulni ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniy bundan 6 asr ilgari ishlatgan.

Jinslarning geologik kelib chiqishi, quruqlikning dengizlarga, dengizlarning quruqlikka aylanish nazariyalarini ham Abu Rayhon Beruniy ishlab chiqqan. Jismlarning Yer markaziga qarab tortilish kuchi haqida g‘oyani birinchi bo‘lib Beruniy bobomiz ilgari surgan.

Ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniy minerologiya va iqlimshunoslik fanlariga ham katta hissa qo‘shgan.

Buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy dunyolarning ko‘pligi va xilma-xilligi haqida falsafiy g‘oyani ilgari surdi. Bu g‘oya 600 yildan keyin Jordano Bruno (1548–1600) tomonidan aytildi va u shu g‘oya tufayli inkivizatsiyaning gulhanida yondirildi.

Hazrat Abu Rayhon Beruniy astronomiyada birinchi bo‘lib Quyosh tojining xususiyatlarini to‘g‘ri talqin qilib berdi.

Abu Rayhon Beruniy bobomiz yoritgichlardan kelayotgan nurlar nafaqat yorug‘lik to‘lqini, balki zarrachalardan iborat ekanligi haqidagi g‘oyani ilgari surdi. Yorug‘lik bir vaqtning o‘zida ham to‘lqin, ham zarracha tabiatiga egadir, degan g‘oya XX asrdagina o‘z isbotini topdi.

Hazrat Abu Rayhon Beruniy qadimgi xorazm tilidan tashqari, arab, so‘g‘diy, fors, yunon, suriyoniy va qadimiy yahudiy tillarni puxta bilgan va shu tillarda yozilgan adabiyotlarni o‘qiy olgan.

Abu Rayhon Beruniy 362 yilning 3 zu-l-hijjasi/973 yil 9 sentabrida Xorazmning qadimiy poytaxti hisoblangan Kot (Kat) shahrida tug‘ilgan. Ayrim manbalarda Abu Rayhon Beruniyni Kot shahrida tug‘ilganligi sababli uni “Beruniy”, “tashqarilik” degan taxallus bilan atashgan deyishadi. Abu Sa’d Abdulkarim as-Sam’oniy (vaf. 1165) “Nasablar kitobi” nomli asarida bunday deb yozadi: “Beruniy degan nisba Xorazm (yani uning poytaxti Kot shahri)ning tashqari qismiga oiddir…”. Bu shahar X asrda xorazmshohlar-afrig‘iylar sulolasining poytaxti, O‘rta Osiyoning eng yirik savdo markazlaridan biri edi. Bu davrda Xorazm bilan Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq davlatlari, Eron, Kavkaz va Yevropa davlatlari o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar rivojlangan edi. Xorazmliklar asosan mo‘yna, qoramol, baliq va hunarmandchilik buyumlari bilan savdo qilishgan, Xorazmda hunarmandchilik, zargarlik, shishasozlik, to‘quvchilik, kandakorlik va yog‘och o’ymakorligi rivojlangan. Xorazmda matematika, astronomiya, geodeziya, matematik geografiya fanlari taraqqiy etib kelgan. Tarixchilar ma’lumotlariga qaraganda, bu ilmlarga qiziqqanlar dunyoning uzoq-uzoq joylaridan Xorazmga kelishgan. Kot shahrida xitoyliklar, suriyonlik, rumlik, yunonistonlik va hatto andalusiyalik (ispaniyalik)larni ham uchratish mumkin edi. Ular nafaqat ilm o‘rganish uchun, balki o‘z ilmlarini yoyish uchun ham kelishardi, Bu holat Xorazm o‘lkasida ilm egallashga sharoit keng bo‘lganligidandir. Kot shahri bir necha bor istilochilar tomonidan qayta-qayta vayron qilingan va har safar yangidan tiklanganda boshqa nomlar bilan atalgan. Yaqin tarixda va 1957 yilgacha Shabboz (Shayx Abbos Vali) deb atalgan va o‘sha yili bu shaharga mashhur olim Beruniy nomi berilgan. Beruniy shahri hozir Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan.

Abu Rayhon Beruniyning oila a’zolari, ota-bobolari va nasl-nasabi haqida ma’lumotlar saqlanmagan. Abu Rayhon Beruniy yozishicha, onasi o‘tin terish bilan tirikchilik qilgan. Bu ma’lumot uning muhtojlikda kun kechiruvchi oilada voyaga yetganligini ko‘rsatadi.

Abu Rayhon Beruniy yoshligidan sinchkov, masalalarga ratsional yondashuvchi kishi bo‘lgan. Hukmdorlarga, ularning ko‘ngli uchun ham, yolg‘on gapirmagan.

Abu Rayhon Beruniy yoshligida ustozi mashhur olim Abu Nasr ibn Iroq Mansur ibn Alidan (vaf. 1036) ta’lim olgan. Beruniy bu ustozini asarlarida hurmat bilan tilga oladi. Ibn Iroqning ham Beruniyga mehri kuchli bo‘lgan. U astronomiya, geometriya va matematika fanlariga oid 12 ta asarini shogirdi Abu Rayhon Beruniyga bag‘ishlab yozgan. Ibn Iroq Beruniyga Evklid geometriyasi va Ptolemeyning astronomik ta’limotini tanishtirgan. U shogirdining nihoyatda iste’dodliligini ta’kidlab, Beruniy yoshligidan mustaqil astronomik kuzatish ishlari olib borganligini (994-995), buning uchun maxsus astronomik asbob ham ixtiro qilgani haqida yozgan. 995–997 yillari Kot shahri Ma’mun I tomonidan bosib olinganidan keyin afrig‘iylar sulolasi tugatildi. Amir xizmatida bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy hayoti ham xavf ostida qoladi va 22 yoshida Xorazmdan chiqib ketadi. U avval Kaspiy dengizining janubi-sharqida joylashgan Jurjon shahriga borib, u yerda muhojirlikda yashaydi. Keyin Eronning Ray shahrida nihoyatda faqirlikda kun kechiradi. Hatto ilmiy munozaralarda ham puldor olimlar uning muhtojligi ustidan masxara qilib kulishardi.

Abu Rayhon Beruniy bobomiz Ray shahrida isfahonlik bir savdogar do‘stining uyida mehmon bo‘lib yashagan. O‘rta Osiyoda vaziyat mo‘tadillasha boshlagach, olim Beruniy Raydan yana Jurjonga qaytib keladi va bu joyda ikkinchi ustozi-tabib, astronom va faylasuf Abu Sahl Iso bin Yahyo al-Masihiy al-Jurjoniy (vaf. 1010) bilan tanishadi, undan ta’lim oladi.

928–1012 yillar Xorazm va Kaspiy dengizi oldi viloyatlariga Ziyoriylar sulolasining mashhur vakili Qobus ibn Vashmgir hukmronlik qilgan. Bu hukmdor mashhur olim Beruniyga vazirlik lavozimini taklif qilgan ammo Beruniy bu lavozimni rad etib, ilm bilan shug‘ulanishi tog‘risida qat’iy qaror qilgan edi. 1000 yil Abu Rayhon Beruniy jahon fani tarixida qimmatbaho manba hisoblangan “Osor al-boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini yozadi va mazkur asarni “Shams al-maoliy” (“Oliy martabalar quyoshi”) laqabi bilan mashhur bo’lgan hukmdor Qobus ibn Vashmgir (vaf. 1012) ga bag‘ishlagan.

1005 yili Abu Rayhon Beruniy o‘z yurti Xorazmga qaytdi. 1010 yili Abu-l-Abbos Ma’mun II ibn Ma’mun (vaf. 1017) olimni Xorazmning yangi poytaxti Urganchga olib kelishga farmon berdi. Hukmdor mashhur olim Beruniyni ustozi sifatida hurmat qiladi. Mashhur olim Abu Rayhon Beruniy ham “Xorazmning mashhur kishilari” nomli asarida Abu-l-Abbos Ma’munning yaxshi sifatlarini tavsiflab o‘tgan. Ma’mun I ning o‘g‘li Ma’mun II abbosiylar xalifaligining uchinchi avlodi edi. U o‘zining bobosi Horun ar-Rashid izidan borib ilm-fan taraqqiyotiga homiylik qilgan. Xorazmda ilmiy akademiya tashkil etgan. Xorazm Ma’mun akademiyasida Abu Sahl al-Masihiy, Abu Nasr Iroq, tabib Abu-l-Hasan Hammor, mashhur tarixchi Ibn Miskavayh (vaf. 1030), Ibn Sino va Beruniy singari zamonasinig taniqli olimlari to‘plangan edi. Abu Rayhon Beruniy Ma’mun II saroyida katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan va o‘z mavqeidan foydalanib, qimmatbaho toshlar, kamyob metallar ustida izlanishlar olib borib, “Kitob al-jamohir fi ma’rifat al-javohir” (“Qimmatbaho toshlarni bilib olish bo‘yicha ma’lumotlar to‘plami”) nomli mineralogiya sohasiga bag‘ishlangan katta asar yozgan.

Ma’mun saroyida mashhur olim Abu Rayhon Beruniy 7 yil ishladi. Zamonasinig yetuk olimi Abu Ali ibn Sino (980–1037) bilan ilmiy hamkorlik qildi, munozaralar olib bordi. Abu Rayhon Beruniyning Ibn Sino bilan fizik qonuniyatlarga oid yozishmalarining bir qismi saqlanib qolgan. Mashhur olim Abu Rayhon Beruniy rostgo‘yligi tufayli ko‘pincha hokim va amaldorlarning g‘azabiga uchrab nohaq jazolangan.

1017 yildan to 1030 yilgacha Abu Rayhon Beruniy Mahmud G‘aznaviy qo‘l ostida tahlikali hayot kechiradi. Ma’mun o‘limidan keyin ulug‘ alloma Beruniy saroyidagi boshqa olimlar qatorida Mahmud G‘aznaviyning asiri sifatida G‘azna shahriga olib ketildi. Hukmdor Mahmud G‘aznaviyni ko‘p nojoiz ishlardan qat’iyat bilan qaytargan. Mahmud G‘aznaviy doimo o‘zining barcha yurishlarida, jumladan, Hindistonni zabt etishda munajjim sifatida mashhur olim Beruniyni birga olib bo‘rgan. U Beruniyni bir necha bor o‘limga hukm qildi, zindonga tashladi. Mahmud G‘aznaviy saroyida ham mashhur olim o‘zining ilmiy izlanishlarini to’xtatmagan, Mahmud G’aznaviyning Hindistonga yurishi davrida to‘plagan ma’lumotlar asosida “Hindiston” (“Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash”) nomli asarini yozgan. 1030 yilda Mahmud G‘aznaviy vafot etgach, uning vasiyatiga ko‘ra, kichik o‘g‘li Muhammad taxtga o‘tirdi. Ammo bir necha oydan keyin Mahmud G‘aznaviyning katta o‘g‘li Mas’ud (1030–1041) ukasini taxtdan ag‘darib, o‘zi taxtga o‘tiradi. Hukmdor Mas’ud davrida Abu Rayhon Beruniyning ahvoli yahshilandi, chunki Mas’ud alloma Beruniyga xayrixoh bo‘lib undan ko‘p narsalarni o‘rgangan edi. Mashhur olim Abu Rayhon Beruniy Mas’udga arab tilini o‘rgatgan, astronomiya asoslarini egallashga ko‘maklashgan. Hukmdor Mas’ud Abu Rayhon Beruniyning hurmatini joyiga qoyib, uning ilm bilan shug‘ullanishiga yaxshi sharoitlar yaratib, har doim in’om va hadyalar bilan taqdirlab turgan. Abu Rayhon Beruniy hukmdor Mas’udga bag‘ishlab “Mas’ud qonuni” degan asar yozgan. Bu asar astronomiya va matematika ilmlariga oid mukammal qo‘llanma sifatida o‘sha davrda shu sohalarga oid oldingi yozilgan barcha asarlarning eng a’losi edi.

Abu Rayhon Beruniyning shogirdlari haqida quyidagi ma’lumotlar bor. Abu-l- Abbos Ma’mun II ibn Ma’mun o‘zini buyuk olim Beruniyga yaqin tutib, undan saboqlar olgan va o‘zini Abu Rayhon Beruniyning shogirdiman deb hisoblagan. Shuningdek Qobus ibn Vashmgir saroyida ham Beruniydan saboq olgan shogirdlari bo‘lgan, ammo ularning ismlari saqlanib qolmagan. Mahmud G‘aznaviy ham ba’zan Abu Rayhon Beruniyga ustozim deb murojaat qilgan. Uning katta o‘g‘li Mas’ud ham Beruniyni eng ulug‘ ustozim deb bilgan va unga homiylik ko‘rsatgan. Abu Rayhon Beruniy bilan Ibn Sino bir-biriga ustoz-shogird bo‘lishgan. Ularning o‘zaro yozishmalaridagi savollardan 18 tasi bizgacha yetib kelgan. Bu yozishmalarda ikki zabardast olimning bir-biriga bo‘lgan e’tiqodi naqadar kuchliligi sezilib turadi.

1035-1036 yillari Abu Rayhon Beruniy o‘zi yozgan asarlari ro‘yxatini tuzgan va mazkur ro‘yxatda 113 ta asarning nomini yozgan. Bu asarlardan 70 tasi astronomiyaga, 20 tasi matematikaga, 12 tasi geografiya va geodeziyaga, 3 tasi minerologiyaga, 4 tasi kartografiyaga va boshqa fanlarga oid bo‘lgan. Agar buyuk olimning undan keyin yashagan 13 yil ichida 50 dan ziyod asarlarini ham qo’shadigan bo‘lsak, ularning umumiy soni 160 dan oshadi. Ayrim manbalarda Abu Rayhon Beruniy 200 dan ko‘proq asar yozgani haqida ma’lumotlar ham uchraydi. Mashxur olim yozgan har bir asar o‘ziga xos ensiklopediya edi.

Abu Rayhon Beruniy umrining oxirigacha g‘aznaviylar qo‘lida xizmat qiladi. XII asrning ikkinchi yarmida yashagan mashhur hakim va xattot G‘azanfar at- Tabriziyning yozishicha Abu Rayhon Beruniy 440 hijriy yil rajab oyining 3 kuni/1048 yilning 13 dekabrida G‘azna (hozirgi Afg‘onistondagi shahar) shahrida vafot etgan. Mashhur olim Abu Rayhon Beruniyning s‘onggi asari “Saydana” ni ko‘chirgan. Abu Rayhon Beruniyning tarjimai holini yozgan tarixchi olim Abu Abdulloh Shahobiddin Yoqub (Yoqut) ibn Abdulloh ar-Rumiy Hamaviy (1179–1229) mashhur olim Abu Rayhon Beruniy vafot etganida, ancha keksayib sakson yoshdan oshib qolganligini ta’kidlab, hazrat Abu Rayhon Beruniyning vafot sanasini 443/1051-1052 yilda ekanligini bayon qilgan.

Hazrat Abu Rayhon Beruniyning adabiyotshunoslik, dinlar tarixi, kalom ta’limoti, hadislarga oid maqolalari, badiiy yo’nalishdagi asarlari-hikoyalari, rivoyatlari va yozgan she’rlari ham bo‘lgan. Ularni qidirib topish, to‘plash, nashr qilish manbashunoslar, tarixchilar, sharqshunoslar zimmasidagi xayrli va tabarruk vazifalardan biridir.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga o‘zining katta ilmiy kashfiyotlari bilan salmoqli hissa qo‘shgan buyuk olimdir. Hozirgi zamon fanlarining barchasida alloma Beruniyning ilmiy kashfiyotlaridan u yoki bu tarzda foydalanishadi. Yevropalik beruniyshunoslar hazrat Abu Rayhon Beruniyning bir o‘zi butun boshli ilmiy-tadqiqot institutlari ham bajara olmaydigan ishlarni uddalagan, deb ta’kidlashadi. Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosi mustaqillikdan ilgari ham o‘rganilgan edi, ammo u davrlarda mashhur allomaning tabiiy-ilmiy merosigina materialistik dunyoqarash nuqtai nazaridan tadqiq qilingan. Mustaqillik davriga kelib Abu Rayhon Beruniy merosiga keng qamrovli yondashuvga yo‘l ochildi. Ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniyning Qur’oni karim va hadisi sharifga munosabati, diniy mazhablar tadqiqi bugungi kunda olim va ulamolarimiz tomonidan keng miqiyosda o‘rganilmoqda. Hozirgi davrda Beruniyning noma’lum asarlarini izlab topish davom etmoqda. Abu Rayhon Beruniy rahbarlik qilgan Xorazmdagi Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi va bu tadbirlarda mashhur olimning xizmati yuqori darajada qayd etildi. Alloma Beruniyning jahon fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ta’kidlovchi asarlar yozilmoqda, tadqiqotlar olib borilmoqda. Abu Rayhon Beruniyning G‘aznadagi qabri O‘zbekiston Respublikasidan yuborilgan maxsus ekspeditsiya a’zolari tomonidan ziyorat qilindi. U yerda ta’mirlash ishlari olib borildi. Mustaqillik sharofati bilan mashur olim asarlarining ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan qirralarini ochib beruvchi ommabop nashrlar yo‘lga qo‘yilmoqda va bu mashhur olim nomini abadiylashtirish borasidagi xayrli ishalardandir.

Foydalanilgan adabiyotlar va Internet saytlari

  1. Убайдулла Уватов. Буюк юрт алломалари. “O‘zbekiston” нашриёти. 2016
  2. www.uz.wikipedia.org
  3. www.fayllar.org
  4. www.arboblar.uz

 

Faxriddin YERNAZAROV,

“Tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi

448710cookie-checkAbu Rayhon Beruniy – Islom oltin davrining eng zabardast qomusiy allomalaridan biri

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: