Bugungi globallashuv davrida davlatlarning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi ko‘p jihatdan jamiyat a’zolari, xususan yoshlarning siyosiy faolligiga bog‘liq bo‘lib bormoqda. Siyosiy faollik esa o‘z navbatida mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda siyosiy jihatdan faol ishtirok etishni talab qiladi. Demokratik mazmundagi va insonparvarlik g‘oyalari bilan mustahkamlangan hamda milliy o‘ziga xos xususiyatlar bilan himoyalangan siyosiy madaniyat modeli ko‘proq o‘zining yashovchanligini ko‘rsatmoqda. Shu jihatdan, yoshlarning siyosiy ongiga ta’sir ko‘rsatishga intilayotgan buzg‘unchi kuchlar manbalarini aniqlash, yoshlarda barqaror siyosiy madaniyatni shakllantirish davr talabiga aylangan. Shu bilan birga, bugungi axborot asrida ma’lumotlar oqimining kuchayib borayotganligi ijtimoiy hayotimizda ularni saralash va tahlil qilishni qiyinlashtiradi. Bu ma’lumotlar ichida yoshlar qatlami ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, ularda ijtimoiy-siyosiy keskinlik kayfiyatini keltirib chiqaruvchi “oqimlar”ning mavjudligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, yoshlarda radikal kayfiyatga undash holatlari tobora avj olganligini kuzatishimiz mumkin.
Dastlab, “radikalizm” tushunchasi va uning turli talqinlari, kelib chiqish tarixi va siyosiy-mafkuraviy asoslarini o‘rganish hamda namoyon bo‘lish shakllarini tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Radikalizm ko‘pincha norozilik va muxolifat faoliyatining ayrim subyektlarining siyosiy manfaatlarini tavsiflash uchun «siyosiy ekstremizm» iborasining sinonimi sifatida ishlatiladi. Biroq, ularning farqi aniq va siyosiy nizolarni hal qilishning demokratik va konstitutsiyaviy-me’yoriy vositalarida ko‘rinadi.
“Radikal” atamasi – lotincha “radicalis” – “ildizga oid”, “ildiz” so‘zidan olingan bo‘lib, qat’iy va keskin choralar, harakatlar, dasturlar tarafdori, degan ma’nolarni anglatadi. Shu bilan birga, ba’zi talqinlarga ko‘ra, “Radikalizm – tom ma’noda oxirigacha borish, har qanday faoliyatda tub o‘zgarishlarga erishish uchun murosasiz istakni anglatadi”[1]. Mavjud davlat tuzumini tanqid ostiga olib, radikal o‘zgarishlar va islohotlar o‘tkazishni talab etuvchi siyosiy oqim sifatida e’tirof qilinadi. Bunday oqim tarafdorlari o‘z oldiga qo‘ygan g‘arazli maqsadi yo‘lida hech narsadan tap tortmaydi. Yer yuzidagi mavjud davlatlarning tinchligi, davlat sifatidagi maqomi, milliy qadriyati, tili, dini, asriy an’analarining izdan chiqishi, yemirilishi uchun yovuz harakatini olib boradi. Buning natijasida butun bir xalqning siyosiy-ijtimoiy barqarorligiga tahdid tug‘iladi.
Radikal g‘oyalar va harakatlar qadim zamonlardan beri mavjud bo‘lsa-da, «radikalizm» atamasi XVIII asrning oxirida Angliyada paydo bo‘lgan. Bu tushuncha falsafani ham, dinni ham, siyosatni ham, g’oyalarni ham, usullarni ham qamrab oladi. «Radikalizm» va «ekstremizm» tushunchalari hokimiyat uchun yoki mavjud hukumatga karshi kurash bilan birga paydo bo‘lgan hodisalarning o‘zidan ancha keyin paydo bo‘lgan.
Radikalizm bo‘yicha kanadalik tadqiqotchi M.Neumann ushbu atamani ilk bora 1802-yilda chop etilgan qisqa Oksford lug‘atida uchratganini ta’kidlaydi[2]. Shuning uchun ushbu atama ancha oldin ham turli ma’nolarida qo‘llangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u dastlab I.Bentam tomonidan falsafaning yangi yo‘nalishiga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lsa, keyinchalik bu tushuncha siyosiy, diniy, madaniy okimlarga tarkalib, XIX asrda ijtimoiy va siyosiy qarashlar va mafkuralarga doir mavzular doirasiga kirib boradi.
Radikalizmning ilmiy tadqiqi ta’riflarning keng doirasi bilan tavsiflanadi. Ko‘pincha bu tushuncha mavjud ijtimoiy va siyosiy institutlarni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan siyosiy g’oyalar va harakatlarni bildirish uchun ishlatiladi.
Endilikda yadro maydonlarida emas, mafkura maydonlarida bo‘layotgan kurashlar ko‘p narsani hal qilayotgan davrda radikallashuvga qarshi kurash dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda bashariyat qo‘lida to‘planib qolgan ommaviy qirg‘in qurollari yer kurrasidagi hayotni bir necha bor yo‘q qilishga qodir. Biroq, bugungi kunda biron bir kuchli davlat boshqa bir mamlakatni kuch yo‘li bilan qaram qila olmaydi. Bu borada fikriy kurash, mafkuraviy tazyiq asosiy qurolga aylanmoqda. Chunki, fikran qaram mamlakatning moddiy va ma’naviy boyliklarini uning hududiga qurol olib kirmay turib ham o‘zlashtirish mumkin. Ammo, mafkuraviy kurash, fikriy tazyiqning ta’siri birdaniga ko‘zga tashlanmaydi. Yillar davomida uning oqibatlari bo‘y ko‘rsatib boradi. Shu sababdan ba’zan ko‘zimizga jozibali timsollarida ko‘ringan g‘oyalar ortida ham milliy o‘zligimizga zid qarashlar mavjud bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy fanlar kafedrasi
o‘qituvchisi Sh.Badiyev
[1] Новая философская энциклопедия : в 4 т. / Инт философии РАН; науч.ред. совет: В.С.Степин, А.А..Гусейнов, Г. Ю.Семигин. – М.: Мысль, 2010. – Т. 3 : Н–С. – С.395-396 .– 692 с.
[2] Neumann M. What’s Left?: radical politics and the radical psyche. Peterborough (Canada) ; Lewiston (N.Y.), 1988. – Р.230.