“Dunyo millatlariga qaralsa koʻrilurki, muntazam maktablari bor va ularda avvalo diniy bilim ustiga dunyony ilm va fan oʻqitulur. Zeroki, dunyoda turmak uchun dunyoviy fan va ilmni bilmoqlik darkordir. Zamona ilmini bilmagan millat boshqa millatlarga poymol boʻlur” – degan edi Mahmudxo‘ja Behbudiy.
Ma’rifatparvar yozuvchi, drammaturg Behbudiy 1875-yilyilning 19-yanvarida Samarqandning Baxshitepa qishlogʻida tugʻilgan. To‘liq ismi Mahmudxoʻja ibn Behbudxoʻja ibn Mullo Mirzo Abdulmajid. Otasining nasabi Ahmad Yassaviyga borib taqaladi. Avvalgi saboqlarini otasidan, undan keyin Buxoro madrasasida oladi. Oilaviy muhit uning yozuvchilik bilan bogʻliq hislatlarining boshlang‘ich kurtaklari hisoblanadi. 1899-yilda haj ziyoratiga borib, ziyorat asnosida Turkiya va Misr davlatlariga ham borib, u yerdagi yangilanishlar guvohi boʻladi.
Bundan tashqari Rossiya va Qozonda ham bo‘lib qaytadi. Bu sayohatlar uning dunyo qarashini kengaytirib o‘z yurtida ham mana shunday islohotlarni amalga oshirishga undaydi. Ammo har qanday yangilikka “xudoning irodasiga shak keltirish” deb qaraydigan mutaassib dindorlar-u siyosiy boshliqlar qarshiligiga uchraydi. Natijada 1919-yilning 25-martida Shahrisabz yaqinida qo‘lga olinib qatl etiladi. Biroq uning o‘limi haqidagi xabarlar bir yildan so‘ng ayon boʻladi. Shu haqida Sadriddin Ayniy aytadi: “Jafokash shoirni butun musulmon sharqi hurmat bilan esga oladi. Chunki u 20 yil mobaynida barcha tirik mavjudotni o‘zining ongi qadri-qimmati bilan ezgulikka, nur va ma’rifatga erishish uchun kurashga chorlab keldi”.
O‘rta Osiyoda jadidlar harakati hududiy-tashkiliy tuzilmaga ko‘ra bir nechta boʻlmoqligini taqozo etgan. Xususan, Samarqand jadidchilik harakati o‘zining ma’rifatparvarlikka intilishi bilan ajralib turgan. Abdulqodir Shakuriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Said Ahmad Siddiq Ajiziylar mana shu maqsad ilinjida bo‘lishgan. So‘z isboti bilan, Behbudiy xalq ommasining saviyasini koʻtarish uchun “yangi usul maktablari”ni ochish, ko‘paytirish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirgan. Bu ish yoʻlida jadid Ismoil Gʻaspirali bilan faol hamkorlikni o‘rnatgan. 1913-yil Qrimdan o‘quv qo‘llanmalar, uslubiy birikmalar, darslik rejalar va dasturlar olib keladi.
Ta’limni yangi bosqichga olib chiqadi, oyinayi jahon sifatida gazeta va jurnallar chop etadi. 1913-yilda “Turkiston” gazetasini, 1913-1915-yillarda faoliyat yuritgan “Oyna” jurnalini tashkil etadi. Unda ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-diniy mavzudagi maqolalarni xalqqa taqdim etib keladi. “Tarjimon” gazetasida ham muharrirlik qilib, yangi g‘oya va fikrlar bilan boyitadi. Bundan tashqari Behbudiy siyosiy hayotga ham ta’sir o‘tkazadi. O‘sha vaqtlarda katta mavqeiga ega boʻlgan rossiyaning kadetlar partiyasi bilan aloqalar o‘rnatadi. Tabiiyki, bunday keskin o‘zgarishlar yuqorida turgan “qora quzgʻun”larga yoqmas edi. Shu sababdan tezda favqulodda holat sodir bo‘ldi.
Ma’rifatparvar, publitsist shoir ,dramaturg, siyosiy arbob, diniy ulamo sifatida shuhrat qozongan Behbudiyning “Besh narsa”, “Amirlikda nimalar bo‘lmoqda”, “Tarix”, “Padarkush” kabi risolalari mavjud. Shu oʻrinda zikr qilingan Padarkush asari drama hisoblanib, o‘sha davr holatini yaqqol ochib beraolgan. Unda eskilik tarafdori bo‘lgan Toshpo‘lat o‘g‘lini eski maktabda o‘qitadi va oʻgʻlining qanday ta’lim olayotganiga befarq boʻladi. Shu yo‘l bilan oʻgʻlini zamonaviylikdan, asl islomiy bilimdan to‘sib qo‘yadi. Johil holatda ulg‘aygan o‘g‘il otasining boyligiga tayanib, koʻp fasodliklarni amalga oshiradi, tubanlikning eng quyi tubigacha yetib boradi va ota qotiliga aylanadi.
Asarning “Padarkush” deb nomlanishi ham bejizga emas. Shu orqali muallif o‘quvchilarga ilmning inson hayotidagi o‘rnini, har tomonlama fikr yuritib ish ko‘rish kerakligini nechog‘lik zarurligini ochib beradi.
Xulosa qilib aytganda, Behbudiydek tarixiy shaxslarning faoliyati, hayoti izsiz ketmasligi uchun har birimiz birdek, bir tan-u bir jondek harakat qilmoqligimiz darkordir.
1-kurs talabasi Gʻiyosiddinov Muhammadamin






