islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ne’matlardan so’ralish bor (4-oyat)

Tun. Atrof qorong’u. Kichkina ixcham hovlining peshayvonini  lippillab turgan birgina xira chiroq yoritib turibdi. Mo’jazgina gulzorga ekilgan anvoyi gullarning hidi atrofni qamrab olgan. Rohila aya bugun kunduzi  gulzorga oqizib qo’ygan suvning jildiragan tovushi tun sukunatini buzmoqda. Rohila aya hufton namozini avvalgi vaqtida ado etib erta uxlashga odatlangan. Bu oilaning yagona erkatoy farzandi Erkin esa haliyam bedor. U har kuni onasining to’liq uxlaganiga ishonch hosil qilmaguncha o’z xonasida odobli bo’lib “uxlab” yotadi. Tun yarmiga yetganida esa asta ko’cha tomondagi derazadan sakrab tushadiyu mahalla boshida kutib turgan bezori o’rtoqlarining yoniga yuguradi. Har kuni shu ahvol. Afsuski uning haftalab uyga kelmasdan ishlab yuradigan otasi va sodda onasi o’z o’g’illarining   bu yurishlaridan bexabar.

Mana bugun ham Erkin odatdagidek o’rniga yostiq ko’rpalarni qo’yib go’yoki uxlab yotgan odam shakliga keltirdida derazadan asta sirg’alib tushdi. Bir oz yurgach hali do’stlariga yetib olmasdan keksa qo’shnisi Salim amakiga ko’zi tushdi. “Obbo yana odobnoma darslari boshlanar ekanda” – dedi biroz betoqat bo’lib. Salim amaki yarim kechasigaga masjidda ibodat va qiroat bilan mashg’ul bo’ladi. Tun yarmidan og’ganda uyga qaytar, yo’l-yo’lakay ko’ringan bezori yigitlarga nasihat qilib tartibga chaqirar edi.

Bugun ham Erkinni ko’rib:  o’g’lim tun yarmida yo’l bo’lsin, qayoqqa ketyabsan?- dedi. Erkin Salim akaga salom berib o’zini go’yoki shoshilib ketayotgan odamdek tutishga urindi. Ammo Salim amaki uni osonlikcha qo’yib yuborish niyatida emas edi.

– Qani meni uyimga eltib qo’ychi bolam, ko’zim qurg’ur pand berib qoldi,  dedi xasta ovozda. Erkin nailoj otaning qo’lidan tutdi. Salim og’a shu kuni Erkinga ancha nasihat qildi. Ayniqsa uyiga kirib ketish asnosida  Qur’oni Karimdan Takasur surasi 8-oyatini qiroat qildi:

ثمَّ لَتُسْأَلُنَّ يَوْمَئِذٍ عَنِ النَّعِيمِ

So’ngra ana o’sha kunda (qiyomatda), albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to’g’risida so’roq qilinursiz![1]

Aksar ulamolar ushbu oyatdagi ne’matlarni salomatlik va tinchlik deya tafsir qilganlar. Senda bolam ayni paytda bu ikki ne’mat ham bor. Yoshsan,  baquvvatsan bu kuch-quvvatingni ilm olishga, jamiyat uchun manfaatli inson bo’lishga sarflasang aslo nadomat chekmaysan… dedi.

Erkin Salim akaga tavoze’ bilan rahmat aytganicha yana beparvolarcha do’stlarini oldiga shoshildi. Tongga yaqin bekorchi suhbatlar,  kompyuter va telefonlarini to’ldirgan zararli o’yinlardan ko’zlari qizarib uyiga qaytdi.  Asta xonasiga kirdiyu o’rniga cho’zilib uyquga ketdi.

Ko’z ochib yumguncha yillar o’tib ketibdiya… Ohho… bu odamlar qayoqqa shoshmoqda. Hamma ini buzilgan aridak to’zib ketibdi. Barchani yuzi qo’rquvdan qorayib ketgan. Bir vaqt hamma jim bo’ldiyu yaxshi yomon amallar tarozida o’lchana boshladi. Yaxshi amallari kam bo’lgan kishilar lovullab turgan olovga uloqtirilar edi. Erkin o’z amallariga nazar solsaki, hammasi o’lda jo’lda. Faqat bezoriliklardan iborat ekan. U qo’rquv va nadomatdan dod demoqchi bo’lar ammo ovozi chiqmas edi. Odamlar orasida Salim amaki ham bor ekan. Darvoqe, u juda ham xotirjam yuzlaridan nur taralib turar edi. Bu safar Erkinga qaramadi ham. Erkin Salim amakining yoniga borishga intilar, nega menga ko’proq nasihat qilmadingiz, nega to’g’ri yo’lga boshlamadingiz,  deya da’vo qilgisi kelar ammo oyoqlari o’ziga bo’ysunmas, yura olmas edi. Nihoyat bor kuchini to’pladiyu “Salim amaki yordam bering!” deya dodlaganicha uyg’onib ketdi. Uning yuziga ko’cha oynasidan quyosh nurlari tushib turar. O’zi jiqqa terga botgan edi. Yaxshi hamki tushi ekan. Yaxshi hamki xatolaridan vaqtida ogoh bo’ldi. Shundan keyin biror kishi  Erkinni bezori bolalar orasida uchratmadi.

Oxunjon Ahmad va

Muattar Abdulqayum

[1] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.

239310cookie-checkNe’matlardan so’ralish bor (4-oyat)

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: