islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Inson hayotining qiymati

Said ota onasiz o’sdi. Uni tarbiya qilgan bobosi o’z hududining eng ko’zga ko’ringan o’qimishli va faol kishilaridan edi. Atrofdagi barcha Saidning o’ta aqlli ekanligini tan olardi. Maktabda o’qib yurgan paytlarida uni yozgan hikoyalari va she’rlaridan ustozlari lol qolar, bu ijodiy ishlarni bolani yoshiga moslab biroz soddalashtirish kerak deya ta’kidlashar edi. Yuqori sinfda o’qiyotganida esa informatika  fanidan bir necha dasturlar ixtiro qilgani barchani hayratga soldi. U kompyuter tehnologiyasi va sur’atga olish, videolarni montaj qilish borasida ancha yillik mutaxassislarni ham ortda qoldirgan edi. Umuman olganda Said barcha sohada qoilmaqom ish yurita olardi. Maktabni tugatish arafasida barcha o’quvchilar kabi Said ham qaysi sohani tanlash borasida bosh qotira boshladi. U turli saytlarga kirib xorijda o’qish haqida ma’lumotlarni o’rganishga qiziqar edi. Ayni shu kunlarda unga Watsapp orqali bir kishi juda ko’p maktublar yoza boshladi. U Saidning yoshgina bo’lib erishgan yutuqlarini e’tirof etar, endi sen o’z diningni mukammal o’rganishing kerak, dinga xizmat qilishing shart, Islom bayrog’ini ko’klarga ko’tarishing lozim, buning uchun ko’p narsa talab qilinmaydi ozgina jihod qilsang kifoya, deb jimjimador gaplari bilan Saidni o’ziga maftun qilishga intilardi. Said hayotda barcha muvaffaqiyatlariga o’z harakati bilan erishgan yigit bo’lgani bois bu gaplarni boshqalarga aytib o’zaro muhokama qilishni istamas, dini borasida ham o’zi qaror qabul qilishni xohlardi. Bu taklif va go’zal islomiy hayotni va’da qilish haqidagi  maktublar Said uchun odatiy holga aylandi. Endi uning hayoliga boshqa fikrlar kelmas, maktabni tugatishi bilanoq hech kimga bildirmasdan Suriyaga Alloh yo’lida ustoz qilib olgani Abu Bakrni yoniga uchib ketishni reja qilib yurardi. O’z salohiyati bilan topgan pullarini ham jihod qilish uchun yig’ib qo’ygan edi. Oradan ikki oy o’tib Said virtual ustozining maslahatlariga muvofiq yashirin yo’llar bilan noqonuniy holatda Suriyaga qochib ketdi. Bu qadar aqlli yigitni o’ziga rom qilgan  jozibador gaplar aslida uni kutib turgan  qonli kunlar va alamli tunlarning boshlanishi edi…

So’z navbati Said Komilovga:

Qonli kunlarga qadam…

Suriydagi birinchi kun. Men o’zim ham bu yerni obod emasligini bilardim. Bu ko’hna shaharni din dushmanlaridan himoya qilaman  deb kelgandim. Ammo bu qadar vahshiylar makon qurgan joy deb o’ylamagandim. Meni dining yo’lida Islom davlati qurishga hissa qo’shasan deb chaqirgan ustozimni hatto yuzini ham ko’rmadim. Bu yerga kelganda birinchi marta qulog’imga chalingan ovoz bo’mbaning daxshatli portlashi va uning ketidan insonlarning va go’daklarning chinqirgan ovozi bo’ldi. Halok bo’lganlar kim ekan deysizmi, barchasi musulmonlar, muslimalar – ummati Muhammadiya edi. Nahotki Islom dini o’z dindoshini o’ldirishga buyursa! Meni bir necha niqob kiyganlar bir joyga olib borishdi. U yerda bir xona tehnik jihozlar bilan jihozlangandi. Yuqori qismiga Al-Furqon deb yozilgan ekan. Bu studiyani nomi bo’lib men bu yerda ular sur’atga tushirgan videolarni montaj qilib butun dunyoga tarqatar ekanman. E voh, u videolarni daxshatini ko’rib o’zimni shu qadar yo’qotib qo’ydimki, shunda atrofimdagilar barchasi hayvonlar ekanini, juda qaltis xatoga yo’l qo’yganimni tushunib yetdim. Ular menga shart qo’yishdi. Sen biz videoga olgan kadrlarni yanayam daxshatliroq qilib montaj qilasan, gaplarimiz tiniq chiqishi kerak! – deyishdi. Tushundimki ular mening aqliy salohiyatimdan foydalanmoqchi. Ular chaqaloqlarni boshlarini uzib rohatlanar, ayollarni zanjirband qul qilib sotar, begunoh, aybsiz minglab  kishilarni  o’ldirib yana shu holatlarni videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylar edilar. Axir Alloh taolo Moida surasining 32-oyatida:

مَن قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَا أَحْيَا النَّاسَ جَمِيعًا

“Biror insonni o’ldirmagan yoki yerda (buzg’unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o’ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o’ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o’limdan qutqarib olgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”[1].

-deya marhamat qilganku. Axir bular musulmon emas. Bular Islomda inson hayotining qadri barcha narsadan ustun ekanini bilmaydilar. Bular kimningdir nog’orasiga o’ynayotgan manqurtlar. Men bu yerga begunoh odamlarni qoni daryo bo’lib oqayotganini tasvirga olib insonlar qalbida Islomga nisbatan qo’rquv va daxshat uyg’otish uchun aldov yo’li bilan keltirilganimni his qildim. Tehnikani juda puxta bilganim qo’l keldi. Ularga sezdirmasdan vatanimning elchixonasiga maktub jo’natdim. U yerlarda ikki oy davomida yashagan bo’lsam shu ikki oy  yuragimda chuqur yara bo’lib qoldi. U yerlarda boshimdan o’tkazgan daxshatli kunlarim, qochib kelish asnosidagi ko’rgan xorliklarim barchasi mana shu “Qonli sarguzasht” nomli kitobimda   batafsil yoritilgan…

Yoshgina ko’ziga enli ko’zoynak taqqan yozuvchi Said Komilov shunday deb so’zini yakunladi. Kitob taqdimoti o’tkazilayotgan majmua gavjum edi. Uni diqqat bilan tinglab o’tirgan muxlislari birma-bir kelib qo’llaridagi kitobga yozuvchining esdalik so’zlarini yozdirib olishga navbat kutib turar edilar…

Oxunjon Ahmad va Muattar Abdulqayum

[1] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.

241820cookie-checkInson hayotining qiymati

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: