islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

«SO‘ZNI JAHON BAHRIDA DURDONA BIL…»

Ma’lumki, inson ko‘ksidagi qalbining tirikligi, uyg‘oqligi bilan boshqa mavjudotlardan afzaldir. Qalbni uyg‘otadigan, jonlantirib turadigan eng yaxshi vositalardan biri badiiy adabiyot ekanligi ko‘pchilikka ma’lum, albatta. SHuning uchun ham qo‘liga qalam tutib, ijod qilishni boshlagan har bir kishi qanday muhim ishga o‘zini chog‘layotganligini o‘ylab ko‘rmoqligi lozim. Ijod qilishni odamlar o‘rtasida nom qozonish yoki arzimas, arzon kechinmalarni to‘kib solish vositasiga aylantirib olgan, adabiyotning asl maqsadi, missiyasi nima ekanligini unutib qo‘ygan qalamkashlar hamma zamonlarda bo‘lgan. Shu mulohazalar asnosida yana mumtoz adabiyotimizning muazzam siymolaridan biri hazrat Alisher Navoiyga yuzlanamiz..Hazrat Navoiydek zotlar, avvalo, adabiyotning asosiy quroli bo‘lgan so‘zga shunchaki yo‘l-yo‘lakay yozib yoki aytib aytib ketilaveradigan hodisa sifatida qaramaganlar. Har bir ne’matning isrofidan saqlangan donishmand mumtoz adabiyotimiz so‘zga ham Allohning bir bebaho ne’mati o‘laroq munosabatda bo‘lib, uning ham isrofidan tiyilgan.Navoiy so‘z san’ati borasida tug‘ma daho ekanligini o‘zi ham e’tirof etardi. Buni u otaxoni Sayid Hasan Ardasherga yozgan she’riy maktubida shunday ifodalagan:

Falak ko‘rmadi men kibi nodire,
Nizomiy kibi nazm aro qodire.

Ne nazme der ersam meni dardnok,
Ki har harfi bo‘lg‘ay ani durri pok.

Etar Tengridin oncha quvvat manga,
Ki bo‘lmas bitiriga fursat manga.

Ayni shu maktubida agar Firdavsiy o‘z “SHohnoma”sini o‘ttiz yilda yozgan bo‘lsa, men buni o‘ttiz oyda yozishim mumkin, xos ma’noda bo‘lsin, iyhom san’atida bo‘lsin kunda yuz bayt bitish men uchun holvadek gap, deydi:

Ki har necha nutq o‘lsa kohilsaroy,
Bitigaymen o‘ttuz yilin o‘ttuz oy.

Agar xossa ma’no gar iyhom erur,
Aning kunda yuz bayti halvom erur.

Darhaqiqat, shoirning hali yigitlik chog‘larida aytgan ushbu so‘zlarini keyinchalik ortig‘i bilan bajarganligini aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Yillar o‘tib Sulton Husayn Boyqaroning qistovi bilan “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotini tuzar ekan, uning debochasida yana o‘zining ijodi haqida hammani hayron qoldirib shunday yozadi:

SHoirlig‘ ila shuhra qilib otimni,
Zoi’ qildim she’r ila avqotimni.
Emdi tuzayin Tengriga tootimni,
Ko‘p elga mushavvash etmay abyotimni.

Qarang, shoir nima demoqda: shoirlik bilan nom chiqarib, umrimni bekorga o‘tkazdim. Bas, endi yozgan she’rlarim bilan odamlarga tashvish bo‘lmay-da, qolgan umrimni ibodatga bag‘ishlay. Insof bilan aytganda, bugun yoki oldin qaysi shoir o‘z she’rlari bilan odamlarga tashvish bo‘lmaslik haqida mulohaza qilgan? Ijodi haqida bu darajada faxrlanish va o‘zini bu darajada kamtarlikka olish ham Navoiydek ulug‘ zotlarga xos fazilatdir.Shoirning so‘z haqidagi falsafiy-estetik qarashlari uning “Hayrat ul-abror” dostonida ham o‘z aksini topgan. Dostonning shu haqdagi maxsus bobida Navoiy so‘zni olam yaralishining asosi deb hisoblaydi va uning martabasini ulug‘lab, so‘zdek qimmatbaho narsaga hatto gavhar ham sadaf bo‘la olmaydi, deydi:

So‘z guhariga erur oncha sharaf,
Kim bo‘la olmas anga gavhar sadaf.

So‘zning oldida gavhar donasi nima degan gap, bu afsonaku, so‘zni jahon dengizining durdonasi deb bil, deydi shoir:

Donau dur so‘zini afsona bil,
So‘zni jahon bahrida durdona bil.

Yana ham qizig‘i uni she’r qigan shoirning o‘zi ekanligi, uni tanishini bilsalarda uyalmay-netmay maqtov va tahsin umidida shoirga namoyish etadilar:

Turfaroq ulkim, tonirimni bilib,
Haqdin uyalmay, manga zohir qilib.

Vahki manga jilvagar aylar chog‘i,
Istabon ehson dog‘i, tahsin dog‘i.

Navoiyning bunday ruhiy holati adabiyot uchun o‘zini mas’ul deb bilgan barcha davr kishilari uchun xos bo‘lgan. Bunga hamohanglikni zamondosh shoirimiz Erkin Vohidovning quyidagi misralarida ham ko‘rinadi:

Biz bir zamon muharrir bo‘ldik,
Qismat ekan, bo‘ldik noshirlar.
O‘lsak yomon shoirdan o‘ldik,
Ado qildi no‘noq shoirlar…

Xullas, bugun biz hayotimizning har bir jabhasida Hazrat Navoiyga muhtojmiz, u zotdan so‘z kutamiz. Shoir iborasi bilan aytganda o‘zini “ahli ma’ni”, ya’ni ziyoliman deb hisoblagan kishi borki, o‘z hayotini, maslagini Navoiysiz tasavvur qila bilmasligi kerak. Ayniqsa ijod ahli. Chunki so‘z aytish qalamkashlar uchun shunchaki ko‘ngil ishi bo‘lmasligi lozim. Ijod ko‘ngil ishidan ham yuqori bir baland maqomga yuksalib, millat, insoniyat g‘ami, dardi miqyosiga chiqqandagina o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi. Zero, mutafakkir Navoiy aytganidek, agar o‘zingni odam deb bilsang, xalq g‘amidan g‘ami yo‘qni odam demagin:

Odamiy ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Hazrat Alisher Navoiy g‘azallarini o‘qib tushunish, ma’naviy bahramand bo‘lish maxsus tayyorgarliksiz bo‘lmaydi, albatta. Shoir asarlarini anglash yo‘lidagi birinchi to‘siq – Navoiy ijod qilgan eski o‘zbek tilini maxsus lug‘atlar yordamida tushunganimizdan so‘ng ham o‘z navbatida shoir asarlarining ma’nolar olamini pardalab turuvchi boshqa to‘siqlar paydo bo‘laveradi. Bularni, avvalo, shoirning barcha asarlarini sinchiklab mutolaa qilish, uning ongiga, dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatgan, ilhom olgan o‘z davrining ijtimoiy, falsafiy g‘oyalarini, adabiy an’analarini o‘rganish orqali engib o‘tish mumkin. Mana shunday tinimsiz mehnat, mutolaa orqali Alisher Navoiyning birgina bayti ham katta ma’nolarni o‘zida jamlagan butun boshli asar darajasiga ko‘tarilganligining guvohi bo‘lamiz.Tarixdan yaxshi ma’lumki, Hazrat Alisher Navoiy yashagan davrning etakchi falsafiy oqimi tasavvuf ta’limoti edi. Navoiy ham o‘z navbatida o‘sha davrdagi bu ta’limotning etuk namoyondalaridan biri bo‘lmish Abdurahmon Jomiyning shogirdi edi. O‘rta asrlar badiiy adabiyotida har bir mavzuga mana shu ta’limot nuqtai nazaridan yondashish o‘ziga xos an’ana edi. “…Navoiyning aksariyat she’rlarida tasavvufning yo ziyosi, yo safosi, yo ma’nosi yoki istiloh va timsoli erkin o‘rin egallagan… Faqat ishq, faqat haqiqatda emas, axloq-odob, ruh, tafakkur, ma’rifat, shaxs tarbiyasi va dunyoga munosabat masalalarida ham tasavvuf Navoiy dunyoqarashini mash’alday yoritib turgan]. Xususan, ishq-muhabbat mavzusi ham irfoniy adabiyotning etakchi mavzularidan biri bo‘lgan. Navoiyning qaysi janrdagi asarlarini olib qaramaylik, unda, albatta, ishq-muhabbat mavzusi qalamga olingandir.Shoirning “Mahbub ul-qulub” asarida ishq bashariyat ko‘ziga ziyo va nur bo‘luvchi porloq yulduzga, insoniyat tojini bezab turuvchi bebaho gavharga qiyoslanadi (Ishq axtaredur duraxshanda va bashariyat ko‘zi nur va ziyosi andin va gavharedur raxshanda, insoniyat tojining zeb va bahosi andin). Hatto ma’nosida ishq o‘tidan asar bo‘lmagan so‘zni harakati yo‘q jonsiz badanga o‘xshatadi:

So‘zki ma’nisida ishq o‘ti nishoni bo‘lmag‘ay,
Bir taharruksiz badan onglaki, joni bo‘lmag‘ay

E’tiborli jihati shundaki, Navoiy ma’naviy nuqtai nazardan ishqni ham darajalarga bo‘ladi. Insonlar aqliy-ma’naviy jihatdan bir-birlaridan farqlanganlaridek, shunga monand ishq ham darajalarga bo‘linar ekan. Hazrat Navoiy ishqqa mana shunday ma’naviy hodisa sifatida yondashar ekan, insoniy muhabbatga ham mutlaq Ideal Zot – Allohga bo‘lgan muhabbatning bir bosqichi sifatida qaraydi. SHu ma’noda “Nihoyati ishqi majoziy bidoyati ishqi ilohist” Majoziy ishqning nihoyasi haqiqiy ishqning boshlanishidir, deyiladi tasavvuf falsafasida. Shu asnoda o‘z asarlarida haqiqiy oshiq qanday sifatlarga ega bo‘lmog‘i kerak, degan savolga javob beradi.

Navoiy o‘zining quyidagi ruboiylarida oshiqlikni da’vo qiluvchi kishiga shunday nasihat qiladi:

Gar oshiq esang zebu takallufni unut,
YAxshiyu yamon ishda taxallufni unut.
O‘tgan gar erur yomon taassufni unut,
Kelgan gar erur yaxshi taassufni unut

Toshkent Islom inistituti modul ta`limi 3-kurs ta`labasi,

Shofirkon tumani bosh imom hatibi M.M. Egamberdiyev

278940cookie-check«SO‘ZNI JAHON BAHRIDA DURDONA BIL…»

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: