islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Sharq va G‘arb tilshunoslari arab tili grammatik qonun-qoidalarini yuzaga kelishi haqidagi fikrlari

Arab tili va uning grammatik qonun-qoidalari Sharq va G‘arb tilshunos tadqiqotchilari tomonidan ham juda ko‘p o‘rganilgan. Ular olib borgan ishlar natijasiga ko‘ra, arab tili grammatikasi nahv ilmining yuzaga kelishi haqida bildirgan fikrlari quyidagilardan iborat:

  1. Yevropaning juda ko‘p sharqshunoslari, jumladan, K.Brokkelman, A.Mes kabilar “Arablar o‘zlarining nahv ilmlarini qadimgi yunon falsafasiga asoslanib tuzganlar”[1], degan fikrni ilgari surishgan. Ularning nazarida ilm-ma’rifatdan uzoq bo‘lgan badaviy arablar shunday qisqa muddat davomida shu qadar mukammal fanni o‘zlari mustaqil holda yaratishlari mumkin emas edi. “Arablarning grammatik tizimi yunonlarning grammatik tizimidan tubdan farq qiladi, ammo uning asosiy tushuncha kategoriyalari Arastu (Aristotel-miloddan avvalgi IV asrda yashagan) ning “Mantiq” asaridagi tushuncha-kategoriyalariga mos keladi, deb yozadi K.Brokkelman. Masalan, arab tilidagi so‘z turkumlari bilan mantiq ilmidagi asosiy tushunchalar (nomen – ism, verbum – fe’l, conjunctio –ko‘makchi) o‘rtasidagi umumiylik bir qarashdayoq ko‘zga tashlanadi”, deyishadi.
  2. Boshqa bir guruh olimlar “Arablar nahv ilmining asoslarini hindulardan olgan”, deb hisoblaydilar. Bu fikrni birinchi bo‘lib K.Follers 1892 yilda ilgari surgan. Uning nazarida “hindularning miloddan 3 ming yil avval yaratgan grammatik tizimi bilan arablarning nahv ilmi o‘rtasida shunday o‘xshashliklar borki, ularning tasodifiy ekanligiga aql bovar qilmaydi”.[2]

Yuqoridagi ikki qarash kam sondagi tilshunoslar taxminlari bo‘lib, aksar nahvshunoslar bunday fikrlarga qo‘shilmagan va asossiz, deb bilgan.

  1. Yana bir guruh olimlar “nahv ilmi tashqaridan hech qanday ta’sirsiz, faqat arab tilshunoslarining izlanishlari samarasi sifatida vujudga kelgan. Hozirgi kunda dunyoda keng tarqalgan filologik (til va adabiyotga tegishli) ilmlarning asosida qadimgi yunon olimi Arastu tuzgan qadimgi yunon tili va adabiyotiga oid “Grammatika”, “Ritorika” va “Poetika” kabi asarlar yotadi. Musulmon olimlar esa arab tiliga oid ilmlarni mutlaqo mustaqil tarzda, boshqa tillarga bog‘lamagan holda yaratganlar. Masalan, rus filologiyasini tashkil qiluvchi grammatika, stilistika, adabiyotshunoslik kabi ilmlar XVIII–XIX, hatto, XX asrlarda, Arastu yaratgan tizimlar asosida shakllana boshlagan bo‘lsa, arab filologiyasini tashkil qiluvchi ilmlar VIII–IX asrlarda shakllangan va X asrdayoq kamolga yetgan edi. Bu tarixiy voqelikni shu sohaning mutaxassislari so‘zsiz tan oladilar” deb hisoblaydilar[3].

Bundan tashqari Yevropaning A.Kremer, E.Renan, I.Veyss kabi bir qator ko‘zga ko‘ringan arabshunoslari ham nahv ilmini mutlaqo o‘ziga xosligi, boshqa hech qanday yurtda na oldin, na keyin bunga o‘xshash tilshunoslik maktabi bo‘lmaganligidan kelib chiqib, yuqoridagi fikrni tasdiqlaydilar.

Arab tili grammatik qonun-qoidalarining yuzaga kelishi islom dini bilan o‘zaro bog‘liqdir. Bu haqida: “Qur’oni karimning o‘zi mo‘jiza, unga bog‘liq ilmlar, jumladan, nahv ilmi ham Alloh taoloning irodasi va madadi bilan mo‘jizaviy tarzda yuzaga keldi”[4], deb ta’kidlashadi musulmon olimlari.

Arablarning grammatik qonun-qoidalari islom sharofati bilan paydo bo‘ldi va tarixan juda qisqa vaqt ichida VIII-IX asrlarda shakllandi hamda  X asrdayoq to‘liq bir fan sifatida yuzaga keldi. Dastlab nahv[5] ilmi Iroqning Basra shahrida shakllangan bo‘lsa, keyinchalik Kufa, Bag‘dod, Misr, Shom va Andalus kabi shaharlarda olib borilgan ilmiy izlanishlar, qiyosiy tahlillar natijasida kamoliga yetdi. Bu ayni haqiqatdir, lekin bu haqiqatni ko‘ra olmagan g‘arb tadqiqotchilari bu tilning rivojini o‘z qarashlari bilan baholay boshlaganining guvohi bo‘lish mumkin.

 

Toshkent islom instituti

Turg‘unov Abdulatif

 

[1] V.A.Zveginsev. Istoriya arabskogo yazikoznaniya. – Moskva: Izdatelstvo MGU. 1958. – B. 40.

[2] V.A.Zveginsev. Istoriya arabskogo yazkoznaniya.–Moskva: Izdatelstvo MGU. 1958. – B. 43.

[3] Mahmud az-Zamaxshariy. al-Unmuzaj/muqaddima. ­– Toshkent: Toshkent islom universiteti. 2001 . – B. 3.

[4] Shayh Muhammad at-Tantoviy. Nash’atun-nahv va tarixu ashhurun-nuhat.  – Qohira: Dorul-ma’orif. 3-nashr. 2005. – B. 65.

[5]Arab tili grammatik qonun-qoidalarini o‘rgatuvchi fan

428380cookie-checkSharq va G‘arb tilshunoslari arab tili grammatik qonun-qoidalarini yuzaga kelishi haqidagi fikrlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: