islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Merosga doir bir oyat tahlili

وَلَكُمْ نِصْفُ مَا تَرَكَ أَزْوَٰجُكُمْ إِن لَّمْ يَكُن لَّهُنَّ وَلَدٌ فَإِن كَانَ لَهُنَّ وَلَدٌ فَلَكُمُ ٱلرُّبُعُ مِمَّا تَرَكْنَ مِنۢ بَعْدِ وَصِيَّةٍ يُوصِينَ بِهَآ أَوْ دَيْنٍ وَلَهُنَّ ٱلرُّبُعُ مِمَّا تَرَكْتُمْ إِن لَّمْ يَكُن لَّكُمْ وَلَدٌ فَإِن كَانَ لَكُمْ وَلَدٌ فَلَهُنَّ ٱلثُّمُنُ مِمَّا تَرَكْتُم مِّنۢ بَعْدِ وَصِيَّةٍ تُوصُونَ بِهَآ أَوْ دَيْنٍ وَإِن كَانَ رَجُلٌ يُورَثُ كَلَٰلَةً أَوِ ٱمْرَأَةٌ وَلَهُۥٓ أَخٌ أَوْ أُخْتٌ فَلِكُلِّ وَٰحِدٍ مِّنْهُمَا ٱلسُّدُسُ فَإِن كَانُوٓا۟ أَكْثَرَ مِن ذَٰلِكَ فَهُمْ شُرَكَآءُ فِى ٱلثُّلُثِ مِنۢ بَعْدِ وَصِيَّةٍ يُوصَىٰ بِهَآ أَوْ دَيْنٍ غَيْرَ مُضَآرٍّ وَصِيَّةً مِّنَ ٱللَّهِ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَلِيمٌ

Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan narsaning agar ularning bolasi bo’lmasa yarmi tegadi. Agar ularning bolasi bo’lsa, sizga ular qoldirgan narsaning choragi tegadi. Ular qilgan vasiyatni yoki qarzlarini ado etgandan so’ng. Ularga siz qoldirgan narsaning agar bolangiz bo’lmasa choragi tegadi. Agar bolangiz bo’lsa, ularga siz qoldirgan narsaning sakkizdan biri tegadi. Siz qilgan vasiyatni yoki qarzingizni ado etgandan so’ng. Agar bir erkak yoki ayol kalola holida meros qoldirsa, uning birodari yoki singlisi bo’lsa, ulardan har biriga oltidan bir tegur. Agar ular bundan ko’p bo’lsalar, uchdan biriga sherikdirlar. Zarar qilmaydigan vasiyatni yoki qarzni ado etgandan so’ng. Bular Allohning vasiyatidir. Va Alloh biluvchi hamda Haliym Zotdir. (Niso surasi, 12)

Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan narsaning agar ularning bolasi bo’lmasa yarmi tegadi. Ya’ni, ey kishilar, agar ayolingizni sizdan yoki boshqasidan farzandi bo’lmasa, sizlarga ayollaringiz qoldirgan molning yarmi bo’ladi. Agar ularning bolasi bo’lsa, sizga ular qoldirgan narsaning choragi tegadi. Ya’ni meroslaridan. Bunda ijmoga ko’ra farzandga farzandning farzandi ham qo’shilgan. Ular qilgan vasiyatni yoki qarzlarini ado etgandan so’ng. Ya’ni, vasiyatdan va qarz to’langandan keyin. Ularga siz qoldirgan narsaning agar bolangiz bo’lmasa choragi tegadi. Ya’ni, agar sizlarning ulardan yoki boshqa ayollaringizdan bo’lgan farzandingiz bo’lmasa, bir va undan ortiq to’rttagacha ayolingizga siz qoldirgan merosning to’rtdan biri tegadi. Agar bolangiz bo’lsa, ularga siz qoldirgan narsaning sakkizdan biri tegadi. Ya’ni, agar sizlarning ulardan yoki boshqa ayollaringizdan bo’lgan farzandingiz bo’lsa, ayollaringizga siz qoldirgan molning sakkizdan biri tegadi. Siz qilgan vasiyatni yoki qarzingizni ado etgandan so’ng. Vasiyat va qarzni takroran zikr qilinishi bu ikkisining hech kimga sir bo’lmagan o’rni borligidandir. Agar bir erkak kalola holida meros qoldirsa, ya’ni agar mayyit ota-onasi va farzandi bo’lmay, asl (ota-ona) va far’lari (farzandlar) mavjud bo’lmagani uchun merosxo’rlari faqat uzoq qarindoshlari bo’lib kalola holatda meros qoldirgan bo’lsa… yoki ayol, kishiga atf. Ma’nosi: yoki kalola holatda meros qoldirgan ayol. Uning birodari yoki singlisi bo’lsa, ya’ni meros qoldiruvchining ona bir aka-ukasi yoki opa-singlisi bo’lsa, ulardan har biriga oltidan bir tegur. Ya’ni, ona bir aka-ukasiga oltidan bir ulush va opa-singlisiga ham oltidan bir ulush tegadi. Agar ular bundan ko’p bo’lsalar, uchdan biriga sherikdirlar. Ya’ni, ona bir aka-uka va opa-singillar bittadan ko’p bo’lsalar, merosda erkak-ayol barchalari barobar uchdan birini bo’lib oladilar. “Bahr” kitobida aytiladi: “Bu oyatdan murod ona bir aka-uka va opa-singillar ekanligiga ijmo qilganlar”. Zarar qilmaydigan vasiyatni yoki qarzni ado etgandan so’ng. Ya’ni vasiyat yaxshilik maqsadida bo’lsa, merosxo’rlarga zarar berish maqsadida bo’lmasa, ya’ni Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning: “Uchdan bir va bu uchdan bir ham ko’p” degan so’zlariga binoan vasiyatning miqdori uchdan birda bo’lsa. Bular Allohning vasiyatidir. Ya’ni, Alloh taolo sizlarga shuni vasiyat qildi. Va Alloh biluvchi hamda Haliym Zotdir. Ya’ni, shariat qilgan narsalarini biluvchi, buyrug’iga xilof qilganlarni jazolashga shoshilmaydigan Halim Zotdir[1].

Meros oyatlarining nozil bo’lish sabablari to’g’risida bir necha rivoyatlar bor. Ulardan biri imom Buxoriy va imom Muslimning “Sahih”larida kelgan ushbu hadisdir:

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Sa’d ibn Robe’ning xotini Sa’d roziyallohu anhudan bo’lgan ikki qizi bilan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning huzurlariga kelib, “Ey Allohning Rasuli, bular Sa’d ibn Robe’ning ikki qizidir. Ularning otasi Sa’d Uhudda siz bilan birga edi, shahid bo’ldi. Bularning amakisi mollarini olib, bu ikkisiga hech narsa qoldirmadi. Axir mol bo’lmasa bular turmushga chiqa olmaydilar-ku?” dedi. U zot (sollallohu alayhi vasallam): “Bular to’g’risida Allohning O’zi hukm chiqaradi”, dedilar. Shunda “Alloh sizga farzandlaringiz borasida hukm qiladi: bir o’g’ilga ikki qiz ulushichadir…” degan meros oyati nozil bo’ldi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) u ikki qizning amakilariga “Sa’dning ikki qiziga uchdan ikkini ber, qizlarning onasiga sakkizdan birni ber, qolgani esa senga”, deya odam yubordilar”[2].

Shoir Hassonning vafot etgan akasi Abdurahmon ibn Sobit haqida ushbu oyat nozil bo’lganligi rivoyat qilinadi: “Uning Ummu Kuhha degan bir ayol va beshta opa-singlisi qoldi. Erkak merosxo’rlar kelib, hamma molni olib qo’yishdi. Ummu Kuhha Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ga shikoyat qildi. O’shanda meros oyati nozil bo’ldi” (Ibn Jarir rivoyati).

Yana bir rivoyatda meros oyati Abdurahmon ibn Sobit haqida nozil bo’lgan deyiladi. U vafot etib ortidan xotini va beshta singlisi qolgan edi. Ular kelib merosni egallab olishganida ayol Payg’ambarimiz sollollohu alayhi vasallamga shikoyat qilgan. So’ng meros oyati nozil bo’lgan[3].

Nima bo’lganda ham, meros oyati ayollarning merosdan mahrum qilinishi sababli nozil bo’lgan.

 

[1] Muhammad Ali Sobuniy. “Sofvatut tafasir”. Makka, 2016. B. 352.

[2] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. “Sahihul Buxoriy”. Toshkent. 1973. B. 135.

[3] Muhammad ibn  Mahmud Sajovandiy, “Tavzih al-Faroiz as-Sirojiya”, Baytul ilm, Pokiston. B. 13.

 

TII 4-kurs talabasi Isloma Muhammadodilova

430600cookie-checkMerosga doir bir oyat tahlili

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: