Islom dinida ta’ziya, ya’ni mayyit ahliga hamdardlik bildirish, koʻngillarini koʻtarish savobli ishlardandir. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim birodariga musibat sabab ta’ziya bildirsa, Alloh unga Qiyomat kuni ikrom liboslaridan kiydiradi”, deganlar. Shuningdek, boshqa bir hadisda: “Kim musibatga uchraganga ta’ziya bildirsa, unga ham musibatga uchraganning mislicha savob bor”, deya ta’ziyaga targʻib qilganlar. Shunga koʻra ulamolarimiz har bir musulmon erkak va musulmon ayolga ta’ziyaga borish mustahab deb hukm qilganlar. Ta’ziyaga borgan kishi shunday deb aytishi sunnatdir: «Alloh ajringizni ulugʻ qilsin, azangizni chiroyli qilsin va mayyitingizni magʻfirat qilsin».
Yana yaqini vafot etgan kishining oilasiga qarindosh va qoʻshnilar taom tayyorlab berishlari ham mustahabdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ja’far roziyallohu anhu vafot etganlarida: “Ja’farning oilasi uchun taom tayyorlanglar, batahqiq, ularning boshiga ularni mashgʻul qilib qoʻyadigan ish keldi”, deganlar.
Ta’ziya uchun uch kun oʻtirish joiz, undan keyin makruh boʻladi. Chunki bu mayyit ahlining yarasi yangilanishiga sabab boʻladi. Lekin janoza haqida xabari boʻlmay qolgan yoki uzoqdagi inson kelgandan keyin ta’ziya bildirishi joiz. Shuningdek, qabrning oldida ta’ziya bildirish ham makruhdir.
Agar uy ichida ta’ziyaga kelganlar uchun yetarli joy boʻlsa, ta’ziya uchun eshikni oldida yoki koʻchalarda oʻtirish makruhdir. Agar koʻchada oʻtirishga majbur boʻlinsa, koʻchaning haqlariga rioya qilish lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan koʻchaning haqlari haqida soʻralganda “Koʻzni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish” , deganlar. Afsuski, hozirgi kunda yurtimizda erkaklarning koʻchada uch kun ta’ziya qilib oʻtirishi odat boʻlib qoldi, bu esa oʻtgan-ketgan yoʻlovchilarga, ayniqsa, ayollarga noqulaylik tugʻdirmoqda. Aslida esa ta’ziya bildirish uchun kelgan inson hamdardligini bildirib, mayyit haqqiga duo va istigʻforlar aytgandan keyin tezda qaytishi, xonadon ahllarini malollantirib qoʻymasligi kerak. Ertadan kechgacha koʻchada oʻtirib olishdan mayyitga ham, xonadon ahliga ham biror foyda yoʻq.
Xalqimiz orasida keng yoyilgan sunnatga xilof ishlardan yana biri mayyit ahli ta’ziya bildirish uchun kelganlarga taom ulashishidir. Yuqorida zikr qilganimizdek, aslida qarindosh va qoʻshnilar mayyit ahliga taom tayyorlab, ularning ogʻirini yengil qilishlari lozim. Ammo hozirda ta’ziya marosimi chinakam mehmongarchilikka aylanib qoldi. Yaqinini endigina yoʻqotgan bechora uy egalari duo va istigʻfor bilan mashgʻul boʻlish oʻrniga, “mehmon”larga taom tortishdan ortmay qolyapti. Bu juda xunuk ish. Ayniqsa, agar taom vafot etgan kishining molidan tayyorlanib, merosxoʻrlar ichida yosh bola yoki safardagilar boʻlsa, bu taomdan yeyish harom sanaladi.
Ta’ziya marosimlarida guvoh boʻlinadigan harom ishlardan yana biri qattiq baqirib yigʻlashdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam baqirib yigʻlaydigan ayolni ham, uni tinglayotganni ham la’natlaganlar. Yaqini vafot etganda inson mahzun boʻlishi, koʻziga yosh kelishi tabiiy va Islom dini aslo bundan qaytarmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻgʻillari Ibrohim vafot etganda koʻzlaridan yosh oqqan. Sahobalar hayron boʻlib: “Siz hammi, ya Rasululloh?!”, deyishganda, “Bu rahmatdir. Albatta, koʻz yoshlanadi, qalb mahzun boʻladi, lekin faqat Robbimiz rozi boʻladigan soʻzni aytamiz. Ey Ibrohim, sendan ayrilganimiz sababli mahzunmiz”, deganlar.
Ayollarimiz orasida “Ta’ziyaga kelganda qaysi zikrlarni qanday tartibda aytishimiz kerak”, degan savol ham koʻp uchraydi. Hatto, ba’zida bu janjalga ham aylanib ketadi. Ammo bu hecham ixtilof qiladigan, bahslashadigan ish emas. Har kim oʻzi xohlagan zikrni qilishi mumkin, xohlasa istigʻfor aytib oʻtirsin, xohlasa tahlil (la ilaha illalloh) aytsin, xohlasa Qur’on oʻqisin. Mayyit qabrga qoʻyilguncha Qur’on oʻqish mumkin emas, deyish ham notoʻgʻri. Mayyit xali yuvilmagan boʻlsa, uning olida tilovat qilish makruh, lekin boshqa xonada Qur’on tilovat qilish joiz, vallohu a’lam.
Alloh taolo barchamizga uzoq va barakali umr, maqbul amal va goʻzal xotima nasib qilsin!
Surayyo IBRAGIMOVA, Toshkent islom instituti «Aqoid va fiqhiy fanlar» kafedrasi katta oʻqituvchisi
Ziyoda IBROXIMOVA, TII 1-kurs talabasi






