Oʻrta asrlarda turli ilm sohalarida faoliyat olib borgan ushbu mutafakkir va qomusiy olimning ismi manbalarda kengaytirilgan holda Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon an-Nasafiy as-Samarqandiy[1] bo‘lib, Abu Hafs kunyasi bilan mashhur bo‘lgan. Mazhab jihatidan al-Hanafiy, tavallud topgan yurtiga nisbatan an-Nasafiy, keyinchalik ko‘chib borib istiqomat qilgan shahriga nisbatan as-Samarqandiy nisbalari bilan tanilgan. Umar Nasafiy hijriy 461 (mil. 1068, ba’zi manbalarda 1069) yilda Nasafda[2] tug‘ilgan. U ilm talabida ko‘plab o‘lkalarga safar qilgan va juda ko‘p shayxlardan tahsil olgan. Najmuddin (dinning yulduzi), Sirojuddin (dinning chirog‘i), Muftiy as-saqolayn (inson va jin toifasining muftisi), Shayxul-Islom (Islom shayxi) kabi unvonlar bilan laqablangan. “Najmuddin” (Dinning yulduzi) laqabining berilishiga sabab uning islom ilmida koʻrsatgan xizmatlarining katta boʻlganligini koʻrsatadi. Imom Nasafiy Qur’on, hadis, aqida va fiqh kabi ilmlarni mukammal bilgan, sheʼriyat sohasida qalam tebratgan va tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyatga doir koʻplab asarlarni meros qoldirgan. Movarounnahrdagi Samarqand, Buxoro, Nasaf kabi, shuningdek, Bagʻdod, Marv kabi ilm markazlarida koʻplab olimlardan dars olgan va qator shogirdlarga dars bergan. Olim oʻz davrida hadis ilmini bilimdoni sifatida “al-Hofiz”, fiqh olimi sifatida “al-Faqih”, yirik tasavvuf namoyandasi sifatida “az-Zohid” unvonlariga musharraf boʻlgan. Movarounnahrda hanafiy mazhabining rivojiga qoʻshgan hissasi ulkan boʻlgani bois olim ismiga „al-Hanafiy“ nisbati ham qoʻshib aytiladi. Asli Nasafdan boʻlgan bu olim umrining asosiy qismini Samarqandda oʻtkazgani uchun manbalarda “an-Nasafiy summa as-Samarqandiy” (“nasaflik”, soʻngra “samarqandlik”) deya tavsiflanadi. Nasafning qadimiy nomi “Naxshab” boʻlgani bois, muallifning nasabi baʼzi manbalarda “an-Naxshabiy” shaklida ham uchraydi. Nasafiy yoshlik davrini Nasafda oʻtkazgan, 30 yoshidan soʻng Samarqandga borgan. Umrining asosiy, ilmiy-ijodiy qismini shu shaharda oʻtkazgan va oʻz tahsilini davom ettirgan. Shahardagi “Dor al-juzjoniya” nomli markaz uning yetuk olim boʻlib yetishishida katta ahamiyat kasb etgan. Keyinchalik olim ushbu ilm markazida mudarrislik qilgan. Nasafiy 1113-yili 45 yoshida Makkai Mukarramaga hajga yoʻl oladi. U oʻz safari davomida Bagʻdod shahrida boʻlib, u yerdagi taniqli olimlar suhbatidan bahramand boʻladi. Bagʻdoddagi Amir Xumor-tegin ibn Abdulloh madrasasida hadis ilmidan dars beradi. Hadis roviysi Abul Qosim ibn Bayondan hadislar yozib oladi. Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy va Saraxsda Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soigʻiy kabi ulamolardan hadislar eshitadi. Bagʻdodlik muhaddis olim Ibn an-Najjor Nasafiy jamlab taʼlif etgan “Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor” (“Xabarlar talabidagi uzoq safarlar”) nomli asaridan dars olib, uni oʻz shogirdlariga rivoyat qilgan. Mazkur asarda Nasafiy oʻzining besh yuz ellikta ustozlaridan rivoyat qiladi va o’zining ustozlarini barchasini ismlarini jamlab keltirgan[3]. Ammo olimning Bagʻdod, Makka va Madinaga qilgan safari uzoqqa choʻzilmadi. U tez orada oʻz ona yurtiga qaytdi. Olimning ijodi oʻz yurtiga boʻlgan kuchli muhabbat, milliy qadriyatlarga chuqur hurmat, ilm ahliga mehr va samimiyat tuygʻulari bilan yoʻgʻrilgan. Allomaning “shoh asari” — “Kitob al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand” Movarounnahr oʻlkasidan yetishib chiqqan mingdan ziyod yurtdoshlarimizning hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi qimmatli biografik maʼlumotlarni bergan. Nasafiyning tugʻilib ulgʻaygan ona yurti Nasaf oʻsha davrda Movarounnahrning yirik ilmiy markazlaridan biri boʻlgan. Yirik muhaddis olim Imom Buxoriy oʻz ilmiy safarlaridan birida Nasafga tashrif buyurgan edi. Nasafiy ilk tahsilini shu shaharda olib, yoshligidan ilmga muhabbati, ustozlarga hurmati, namunali odobi bilan tanilgan. Nasafiy ilm olish niyatida boshqa yurtlarga borgan va koʻplab ustozlardan taʼlim olgan. Olim hadis...