Oʻrta asrlarda turli ilm sohalarida faoliyat olib borgan ushbu mutafakkir va qomusiy olimning ismi manbalarda kengaytirilgan holda Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon an-Nasafiy as-Samarqandiy[1] bo‘lib, Abu Hafs kunyasi bilan mashhur bo‘lgan. Mazhab jihatidan al-Hanafiy, tavallud topgan yurtiga nisbatan an-Nasafiy, keyinchalik ko‘chib borib istiqomat qilgan shahriga nisbatan as-Samarqandiy nisbalari bilan tanilgan. Umar Nasafiy hijriy 461 (mil. 1068, ba’zi manbalarda 1069) yilda Nasafda[2] tug‘ilgan. U ilm talabida ko‘plab o‘lkalarga safar qilgan va juda ko‘p shayxlardan tahsil olgan. Najmuddin (dinning yulduzi), Sirojuddin (dinning chirog‘i), Muftiy as-saqolayn (inson va jin toifasining muftisi), Shayxul-Islom (Islom shayxi) kabi unvonlar bilan laqablangan. “Najmuddin” (Dinning yulduzi) laqabining berilishiga sabab uning islom ilmida koʻrsatgan xizmatlarining katta boʻlganligini koʻrsatadi. Imom Nasafiy Qur’on, hadis, aqida va fiqh kabi ilmlarni mukammal bilgan, sheʼriyat sohasida qalam tebratgan va tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyatga doir koʻplab asarlarni meros qoldirgan. Movarounnahrdagi Samarqand, Buxoro, Nasaf kabi, shuningdek, Bagʻdod, Marv kabi ilm markazlarida koʻplab olimlardan dars olgan va qator shogirdlarga dars bergan.
Olim oʻz davrida hadis ilmini bilimdoni sifatida “al-Hofiz”, fiqh olimi sifatida “al-Faqih”, yirik tasavvuf namoyandasi sifatida “az-Zohid” unvonlariga musharraf boʻlgan. Movarounnahrda hanafiy mazhabining rivojiga qoʻshgan hissasi ulkan boʻlgani bois olim ismiga „al-Hanafiy“ nisbati ham qoʻshib aytiladi. Asli Nasafdan boʻlgan bu olim umrining asosiy qismini Samarqandda oʻtkazgani uchun manbalarda “an-Nasafiy summa as-Samarqandiy” (“nasaflik”, soʻngra “samarqandlik”) deya tavsiflanadi. Nasafning qadimiy nomi “Naxshab” boʻlgani bois, muallifning nasabi baʼzi manbalarda “an-Naxshabiy” shaklida ham uchraydi.
Nasafiy yoshlik davrini Nasafda oʻtkazgan, 30 yoshidan soʻng Samarqandga borgan. Umrining asosiy, ilmiy-ijodiy qismini shu shaharda oʻtkazgan va oʻz tahsilini davom ettirgan. Shahardagi “Dor al-juzjoniya” nomli markaz uning yetuk olim boʻlib yetishishida katta ahamiyat kasb etgan. Keyinchalik olim ushbu ilm markazida mudarrislik qilgan.
Nasafiy 1113-yili 45 yoshida Makkai Mukarramaga hajga yoʻl oladi. U oʻz safari davomida Bagʻdod shahrida boʻlib, u yerdagi taniqli olimlar suhbatidan bahramand boʻladi. Bagʻdoddagi Amir Xumor-tegin ibn Abdulloh madrasasida hadis ilmidan dars beradi. Hadis roviysi Abul Qosim ibn Bayondan hadislar yozib oladi. Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy va Saraxsda Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soigʻiy kabi ulamolardan hadislar eshitadi. Bagʻdodlik muhaddis olim Ibn an-Najjor Nasafiy jamlab taʼlif etgan “Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor” (“Xabarlar talabidagi uzoq safarlar”) nomli asaridan dars olib, uni oʻz shogirdlariga rivoyat qilgan. Mazkur asarda Nasafiy oʻzining besh yuz ellikta ustozlaridan rivoyat qiladi va o’zining ustozlarini barchasini ismlarini jamlab keltirgan[3]. Ammo olimning Bagʻdod, Makka va Madinaga qilgan safari uzoqqa choʻzilmadi. U tez orada oʻz ona yurtiga qaytdi. Olimning ijodi oʻz yurtiga boʻlgan kuchli muhabbat, milliy qadriyatlarga chuqur hurmat, ilm ahliga mehr va samimiyat tuygʻulari bilan yoʻgʻrilgan. Allomaning “shoh asari” — “Kitob al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand” Movarounnahr oʻlkasidan yetishib chiqqan mingdan ziyod yurtdoshlarimizning hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi qimmatli biografik maʼlumotlarni bergan. Nasafiyning tugʻilib ulgʻaygan ona yurti Nasaf oʻsha davrda Movarounnahrning yirik ilmiy markazlaridan biri boʻlgan. Yirik muhaddis olim Imom Buxoriy oʻz ilmiy safarlaridan birida Nasafga tashrif buyurgan edi. Nasafiy ilk tahsilini shu shaharda olib, yoshligidan ilmga muhabbati, ustozlarga hurmati, namunali odobi bilan tanilgan. Nasafiy ilm olish niyatida boshqa yurtlarga borgan va koʻplab ustozlardan taʼlim olgan.
Olim hadis ilmi borasida Movarounnahrning yetakchi muhaddislari bilan muloqotda boʻlib, dars olgan. Oʻzining eʼtirofiga koʻra, u 550 nafar shayxdan hadis rivoyat qilgan. Yana u barcha ustozlari nomlarini “Ti’dod ash-shuyux li-Umar mustatrif ‘ala-l-huruf mustatir” (“Alifbo tartibida berilgan Umarning ustozlari sanogʻi’) asarida birma-bir sanab oʻtganini taʼkidlaydi. Oʻsha davrda mashhur boʻlgan ushbu asar, afsuski, bizgacha yetib kelmagan.
Birinchi ustozi Hasan ibn Abdulmalik Nasafiy nomi olimning “Kitob al-Qand” asarida 135-oʻrinda zikr etiladi. Nasafiy bu ustozidan Abul Abbos Mustagʻfiriyning maʼlumotlarini rivoyat qilgan. Mustagʻfiriyning “ulum al-hadis” sohasidagi yirik olimlardan boʻlganligi, bevosita “al-jarh va-t-ta’dil”, yaʼni hadislarni ishonchli yoki zaifga ajratish ilmining bilimdoni boʻlganidan dalolat beradi. Uning bu sohadagi tadqiqotlari, eng avvalo, “Tarixi Nasaf”da jamlangan. Bu asarni Abu Saʼd as-Sam’oni ikki jildli katta kitob deb tavsiflaydi. Demak, Nasafiy olim Mustagʻfiriyning maʼlumotlarini bir kishi vositasida naql etgan.
Ikkinchi ustozi — Umar ibn Ahmad ash-Shabibiy ad-Dizakiy. U oʻz ustozi Umar ibn Ahmad al-Forisiydan (vaf. 1062–63) olgan bilimlarini Nasafiyga yetkazgan. Movarounnahr ilm-fani tarixiga oid yozilgan “Kitob al-Kamol fi ma’rifat ar-rijol bi-Samarqand” (“Samarqand ulamolaridan hadis roviylarini bilish boʻyicha mukammal kitob”) asaridagi maʼlumotlarni Nasafiy aynan shu ustozidan olgan. Mazkur asar Abu Saʼd Abdurrahmon ibn Muhammad al-Idrisiy (vaf. 1015) tomonidan yozilgan boʻlib, “Kitob al-Kamol” boshqa mualliflar qatori Nasafiyga asosiy yozma manba boʻlib xizmat qilgan.
Uchinchi ustozi — Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad an-Nofila as-Samarqandiy (vaf. 1109–10). Nasafiy “Kitob al-Qand”da 45-oʻrinda uning maʼlumotlaridan foydalangan. Ammo Nasafiyning asarida mashhur muhaddis, hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh an-Najjorning nevarasi boʻlmish ushbu ustozi haqida vafot etgan yilidan boshqa toʻliqroq maʼlumot bizga yetib kelmagan.
Nasafiy yuzlab ustozlardan hadis rivoyat qilganidan maʼlum boʻladiki, olim yoshligidan boshlab bu ilm bilan shugʻullanishga jiddiy eʼtibor bergan. Uning ustozlari orasida Nasaf, Samarqand kabi Movarounnahrdan chiqqan va islom olamida mashhur boʻlgan olimlarni uchratish mumkin.
Shogirdlari
Nasafiyning shogirdlari qatorida birinchi oʻrinda uning 1113-yilda tugʻilgan va “al-Majd” laqabi bilan tanilgan oʻgʻli Abul Lays Ahmad ibn Umarni zikr etish mumkin. Olimning bu oʻgʻli haqida Abu Saʼd as-Sam’oni iliq fikr bildirgan va uning faqih, fozil, voiz va yetuk inson boʻlganini taʼkidlagan. As-Sam’oni 1154-yilda Samarqandga borganida Abul Lays bilan uchrashib, ilmiy muloqotda boʻlgan. Uning aytishicha, ular bir-birlari bilan tez-tez uchrashib turishgan, Majd undan baʼzi kitoblarni olib turgan.
Majd Nasafiy 1156-yilda haj safariga otlangan. U 1157-yilda Bagʻdoddan qaytayotib, Bistom shahridan oʻtganida ismoiliylardan boʻlgan qaroqchilar — “ahl al-qilo” (“qal’alar ahli”) guruhi karvon yoʻlini toʻsgan. Ular karvondagi Hijozdan kelayotgan yetmishdan ortiq kishi, jumladan, juda koʻplab ulamolarni qirib tashlagan. Ular orasida Majd Nasafiy ham bor edi. U Bistom nohiyasidagi bir qishloqda dafn etilgan.
Nasafiy shogirdlari orasida aksariyat hollarda nasaflik muhaddislarni uchratamiz. Ular qatorida Abu Muhammad Abdulloh ibn Ali an-Nasafiy (XII asr), Abul Qosim Muhammad ibn Muhammad an-Nasafiy (XII asr), Abu Bakr Muhammad ibn al-Hasan an-Nasafiylarni (XII asr) zikr etish mumkin. Ammo Nasafiyning shogirdlari orasida Abu Muhammad al-Hasan ibn Ahmad as-Samarqandiy, Abu Nasr Ahmad ibn Abdurrahmon ar-Rigʻdamuniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ibrohim an-Nurbashtiy kabi Nasafdan tashqaridagi muhaddislar ham uchraydi. Nurbashtiy Nasafiydan Bagʻdoddagi “Xumor-Tegin” madrasasida hadis eshitgan.
Xulosa qiladigan bo’sak, Abu Hafs Nasafiy qomusiy olim, din va shariat ilmlarining barcha sohasida yuzlab asarlar muallifi bo‘lgan. Jumladan, Qur’oni karim tafsiriga bag‘ishlangan to‘rt mujalladdan iborat “at-Taysir fit-tafsir” asarida Qur’onning yuzta nomini zikr qilgan, so‘ng tafsir va ta’vilni ta’riflab, undan keyin maqsadga kirishgan va oyatlar ma’nolarini batafsil nozik jihatlari bilan go‘zal tafsir qilgan. “Sahihul-Buxoriy”ga sharh yozib uni “an-Najoh” deb nomlagan. O‘z shayxlaridan eshitgan hadislarni jamlab “Tatvilul-asfor litahsilil-axbor” nomli kitob yozgan. Hanafiy mazhabidagi fiqhiy atamalar haqida “Tilbatut-tolaba” kitobini bitgan. So‘ralgan savollarga bergan javoblarini jamlab “al-Fatovo an-Nasafiyya”ni tuzgan. Hanafiyya furu’i bo‘yicha “Mashori’ ash-shori’”ni yozgan. Uning yigirma mujalladli “al-Qand fi ulamoi Samarqand” asari Movarounnahr va Xurosonda yashab o‘tgan ulamolarning hayot yo‘llari va tarjimayi hollarini yorituvchi qimmatli manba bo‘lib, Imom Zahabiy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi buyuk olimlar ham shu sohada yozgan asarlarida ushbu manbadan keng foydalanishgan. Shuningdek, u Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyning “al-Jomi’ as-sag‘ir” kitobini nazmiy uslubda bayon qilgan. Aytilishicha, bu asar fiqhiy masalalarni nazmda bayon qilgan eng birinchi kitobdir. Uning avvalida musannif qalamiga mansub aqoidga doir sakson bir baytdan iborat “ro”iy qasida o‘rin olgan.
Nasafiy 74 yil umr kechirib, juda sermahsul ijod qilgan. U koʻproq Samarqand shahrining “Sikkat al-labbodin” (“Kigizchilar koʻchasi”) mavzeidagi koʻchalarning birida hayot kechirgan. Bu mahalla keyinchalik uning sharafiga “Zuqoq Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy” (“Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy koʻchasi”) deb atala boshlagan.
Nasafiy 461/1068-yili Nasafda tavallud topgan va 537 yil 12 jumodu-l-avval/1142-yil 3-oktyabr kuni Samarqandda vafot etgan.[4] Alloma Chokardiza qabristoniga, “Imom al-hudo” (“Hidoyat yoʻlboshchisi”) Abu Mansur Moturidiy yoniga dafn etilgan.
401-guruh talabasi Fazildinov Saydburxon
[1] Umar Nasafiy. At-taysir fit-tafsir. – Istanbul: Dorul-lubob, 2019. J. 1. – B. 12.
[2] Nasaf Naxshab deb ham atalgan. U qadimda Jayhun (Amudaryo) bilan Samarqand o‘rtasida joylashgan (hozirgi Qarshi shahri atrofiga to‘g‘ri keladi), aholisi ko‘p, obod shahar bo‘lgan. U yerdan ko‘plab yirik ulamolar yetishib chiqqan. Yoqut al-Himaviy. Mu’jam al-buldon, 5-juz, 285-286 sahifa.
[3] Umar Nasafiy. At-taysir fit-tafsir. – Istanbul: Dorul-lubob, 2019. J. 1. – B. 27.
[4] Umar Nasafiy. At-taysir fit-tafsir. – Istanbul: Dorul-lubob, 2019. J. 1. – B. 35.