Nikoh — Islomda eng muqaddas rishtalardan biridir. U faqatgina ikki insonning o‘zaro shaxsiy ittifoqi bo‘lib qolmay, balki jamiyatning axloqiy va ijtimoiy tuzilmasiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi muhim institutdir. Islomda, nikohga alohida e’tibor qaratilgan. Nikoh ibodat maqomida ko‘riladi. Bu borada mashhur hanafiy olimi Ibn Obidin rahmatullohi alayh quyidagi fikrni bildirgan:
“Odam alayhissalomdan to qiyomatgacha ibodat qilib belgilangan hamda jannatda ham davom etadigan amal ikkita bo‘lib, birinchisi — iymon, ikkinchisi — nikohdir.”
Bu fikr nikohning ilohiy qadriyat ekanini anglatadi. Nikoh orqali oila barpo etiladi. Oila esa jamiyatning eng kichik, ammo eng muhim birligi sanaladi. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi va orangizda sevgi va marhamatni solib qo‘ygan (ham) Uning oyat–belgilaridandir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir.” (Rum surasi, 21-oyat). Bu oyat nikohning faqat jismoniy emas, balki ruhiy, hissiy va ma’naviy jihatdan uyg‘unlikni ta’minlovchi ilohiy muassasa ekanini ko‘rsatadi. Nikohni barqaror, sog‘lom va mas’uliyatli tarzda qurish uchun Islomda muayyan mezonlar — xususan kafoat (tenglik) talabi ilgari suriladi.
Kafoat lug‘aviy jihatdan “tenglik”, “moslik”, “muvofiqlik” degan ma’nolarni anglatadi. Fiqhiy istilohda nikohda erkak bilan ayol o‘rtasida muayyan jihatlar bo‘yicha muvofiqlik bo‘lishi lozimligini bildiradi. Bu muvofiqlik faqat shaxsiy istak emas, balki ijtimoiy barqarorlik va axloqiy muvozanatni saqlash maqsadida belgilangan mezondir. Hanafiy mazhabi ulamolari kafoatni nikohning maqbul va uzoq muddatli bo‘lishi uchun zarur omil deb hisoblashgan. Kafoat mezonlari vaqt o‘tishi bilan ba’zi tafsilotlarda farq qilgan bo‘lsa-da, uning asosiy mohiyati o‘zgarmagan: Er va xotin o‘rtasida din, axloq, moliyaviy ahvol, ijtimoiy maqom va boshqa muhim jihatlar e’tiborga olinishi kerak.
Eng muhim mezon — bu diniy muvofiqlikdir. Ulamolar diniy yetuklikni nikoh uchun birinchi darajali ahamiyatga ega deb bilishgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Agar sizlarga dini va xulqi sizni rozi qiladigan biri (qizingizga sovchi bo’lib kelsa) qizingizni unga turmushga bering. Agar buni qilmasangiz, yer yuzida fitna va katta buzuqlik paydo bo‘ladi” deganlar.
Bu hadisdan ko‘rinadiki, erkakning taqvodorligi, dinni tushunishi, ibodat va axloqiy pokligi eng muhim ustuvorlik hisoblanadi. Dindor ayolni fosiq erkakka berish, nafaqat oilaning, balki jamiyatning barqarorligiga ham xavf tug‘diradi.
Tenglik yana nasabda ya’ni bo’lajak kuyov kelinga nasl-nasabda teng bo’lishi e’tiborga olinadi. Chunki faxrlanish nasl- nasab tufayli kelib chiqadi. Nasl noma’lum bo’lsa, tenglik hisoblanmaydi. Nasl-nasabi aniq bo’lmagan erkak nasl-nasabi ma’lum bo’lgan qizga teng bo’la olmaydi. Nasabning muhimli kelin-kuyovning oilalari orasida muvofiqlik bo’lishi va oilaviy qadiryatlarni bir-biriga mos kelishiga asoslanadi. Bu esa kelgusida oilada kelib chiqadigan ziddiyatlarning oldini olish va barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi.
Moliyaviy jihatdan tenglik. Erkakning ayolga nafaqa berish qobiliyati fiqhda zaruriy shartlardan biridir. Shuningdek, bu mezon kafoat mezonlari ichida ham e’tiborga olinadi. Ba’zi fuqaholar erkakning kasbi va ijtimoiy maqomini ham kafoat mezonlariga kiritishgan. Chunki ayrim jamiyatlarda kasb-hunar oilaning obro‘siga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi kunda kafoat masalasiga kengroq nuqtai nazardan yondashilmoqda. Endilikda faqat nasl-nasab yoki kasb emas, balki quyidagi jihatlar ham muhim o‘rin tutadi. Ma’naviy uyg‘unlik: Hayotiy qarashlar, diniy e’tiqod darajasi va ruhiy holatning o‘zaro mosligi, ta’lim darajasi, bilim saviyasi va fikrlash tarzi o‘rtasidagi moslik.
Oilaviy madaniyat: Har ikki tarafning oila qadriyatlariga munosabati va axloqiy uyg‘unligi, halollik, fidoyilik, sabr-toqat kabi insoniy fazilatlarning mavjudligi ham e’tiborli va zaruriy ishlardan hisoblanadi.
Ushbu zamonaviy mezonlar, fiqhiy asoslarni inkor qilmagan holda, diniy prinsiplar bilan uyg‘unlashtirilib ko‘rilishi kerak. Har qanday zamonda nikohning barakali bo‘lishi, ikki tarafning din, axloq, ijtimoiy holat va psixologik tayyorgarlik darajasi bilan bevosita bog‘liqdir. Diniy uyg‘unlikka asoslangan nikohlar barakali, sabrli va uzoq umrli bo‘lish ehtimoliga ega. Bugungi kunda esa an’anaviy kafoat mezonlarini zamonaviy ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirish, ilm, ta’lim, axloq va ruhiy barqarorlik asosida nikoh qurish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Nikohda kafoat — oilaviy hayotning totuvligi, barqarorligi va uzoq umr ko‘rishining muhim kafolati hisoblanadi. Shariatda bu tushunchaning mavjudligi shuni anglatadiki, nikoh faqat hissiy tuyg‘ularga emas, balki ongli, mas’uliyatli va uzoqni o‘ylagan qarorga asoslanishi lozim. Islomda nikoh doimiy, barakali va ma’naviy birlikka asoslangan bo‘lishi lozim. Kafoat esa ushbu birlikning ichki tamal toshi sifatida xizmat qiladi. Uni inobatga olish orqali kelishmovchiliklar, ajralishlar oldi olinadi.
401-guruh talabasi Bakirov Otabek