Синдийнинг илмий мероси аҳамияти шундан иборатки, у фақат фиқҳ ва ҳадис илмини ривожлантиргани билан эмас, балки илмий, диний ва маданий анъаналарнинг сақланиб қолишини таъминлаган. Унинг ишлари кенг тарқалган ва унинг таъсири нафақат араб, балки турли мусулмон мамлакатларида ҳам сезилган. Синд шаҳри ҳозирги кунда Покистон ҳудудига тўғри келади. Ушбу шаҳар ҳижрий биринчи асрнинг охирларида ислом етиб келган. У ердан дин йўлида хизмат қилган, исломий илмлар борасида манфаатли китоблар таълиф этган кўплаб улуғ уламолар етишиб чиққан. Синд диёридан ғарбу шарққа, араблар-у ажамларга машҳур китоблар мусаннифлари намоён бўлган. Шулардан бири замондош уламолари томонидан Абу Ҳанифа (роҳимаҳуллоҳ)нинг кўз қувончи сўзлари кўзларни равшан қиладиган ноёб дур, дақиқ масалаларни билувчи хазина” деб таърифланган етук олим Муҳаммад Обид ибн Аҳмад Али ибн Муҳаммад бўлиб насаблари саҳобий Абу Айюб Ансорийга етиб боради. Алломанинг сийратини ёритиб берувчи китобларда унинг туғулган йили ҳақида аниқ маълумот берилмаган. Фақатгина “Бадрут толиъ” китобининг муаллифи у кишини таҳминан 1190/1776 санада Ҳиндистонинг шарқий қисмидаги Синд шаҳри, Сийвон[1] қишлоғида туғилган, деб ўтган . Ўша пайтда Сийвон Таттаҳ[2] подшолигига тегишли бўлган. Таттаҳ Синд диёрининг маркази, пойтахти эди. Муҳаммад Обид Синдийнинг туғилган санаси борасида “Бадрут толиъ” китобининг муаллифи имом Шавконийнинг зикр қилган санаси ҳақиқатга яқин бўлиши мумкин. Чунки, Синдий Шавконий билан узоқ муддат бирга бўлган ва ундан “Ҳидоятул Абҳурий” китобидан таълим олган. Эҳтимол, Синдий Шавконий билан бирга бўлганда, Шавконий ундан туғулган санасини сўраган бўлиши мумкин. Аллома илм ва маърифат нурини дунёга таратган хонадонда ўсиб улғайди. Аввал бобоси шайх Муҳаммад Мурод Ансорий, кейин отаси шайх Аҳмад Али Ансорий ва амакиси шайх Муҳаммад Ҳусайн Ансорий қўлида илм олди. Уларнинг гўзал тарбиялари остида улғайди[3]. Тенгдошларидан фарқли ўлароқ Муҳаммад Обид ёшлигидан илм билан шуғулланишни яхши кўрар, кўп китоб ўқир эди[4]. Ўсиб улғайган уйи унинг биринчи мактаби эди. У аксар илмини амакисидан олди. Хусусан, ақлий ва нақлий илмларни шунингдек, тиб илмини ҳам амакисидан ўрганди. Табобатга моҳирлиги сабабли 1208/1793-йилдан 1213/1798-йилгача Ҳижозда, Санъо ҳокими Мансур Синдийни ўзининг хос табиби қилиб тайинлаган[5]. Кузатилган манбаларга кўра, Муҳаммад Обид Синдийнинг фарзанди бўлмаган. Буни у кишининг қуйидаги вақф тўғрисидаги мактубидан билишимиз мумкин: Имом Муслимнинг китобига шарҳ ёзиб бўлгандан сўнг, Муҳаммад Обид Синдий: “Бу китони ҳаётлик пайтимда ўзим учун, мендан кейин эркак бўладими аёл бўладими Аршад(имом Муҳаммад Обид Синдийнинг бобосидан бўлган авлод)нинг зурриётига, агар зурийёти бўлмаса Синд шаҳридаги Маторо қишлоғининг уламоларига вақф қилдим” деб ёзиб қолдирган[6]. Аллома ўзининг машҳур асари “ал-Маваҳибу-л-Латифа асарини ёзаётганида “Албатта фарзандларингиз касбларингиздандир” ҳадисини шарҳлай туриб, “Роббим мени солиҳ зурриёт билан ризқлантир, бепушт қилиб қўймагин” деб ёзган. Ўшанда Муҳаммад Обид Синдий умрининг охирги йилларини яшаётган эди. Бир муддат Ҳижозда яшаган, сўнгра Макка, Тоиф ва Жидданинг буюк шайхларидан таҳсил олди. Шунингдек, амакиси билан Яманга ҳижрат қилганда эса, Яман шайхларидан илм олган ва уларнинг маърифат чашмаларидан қониб қониб сув ичган. Шунинг учун бўлса керак, қачон Яман шайхларини эсласа аллома: “Кўп юртларни кездим. Санъо олимларидек илм ва ҳадисларни таҳқиқ қилган, насда келган буйрқларга бор кучини сарфлаб амал қиладиган олимларни кўрмадим”, деб кўп китобларида келтиргин[7]. Синдий асосан Яманнинг икки вилоятида яъни Забийд ва Ҳудайдада яшаган. Муҳаммад Обид Синдийнинг Ямандаги энг катта шайхи имом Шавконий бўлган. Муҳаммад Обид Синдий илм ва машойихларни излаб кўп юрт кезган. Шу сабабдан, унинг устозлари жуда кўп...
Vakolat (الوكالة) Islom huquqida muhim o‘rin tutadi va kundalik hayotda, tijoratda, yuridik hamda ijtimoiy munosabatlarda keng qo‘llaniladi. Hanafiy mazhabi asosida vakolat shaxsning boshqa bir shaxsga o‘z nomidan ish yuritish yoki huquqiy harakatlarni amalga oshirish vakolatini berishidir. Zamonaviy davrda vakolatning turlari ortib, elektron va raqamli shakllar ham yuzaga keldi. Ushbu maqolada vakolatning shar’iy asoslari, Hanafiy mazhabi talablari va zamonaviy turlari ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilinadi. Vakolatning shar’iy asoslari Qur’on va Sunnatdagi dalillar Vakolat masalasi Qur’on va hadisda mustahkam asosga ega. Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Birortangizga o’lim kelganda-vasiyat qilar chog’ida o’zingizdan bo’lgan ikki adolatli kishi agar yer yuzida safardalik chog’ingizda o’lim musibati yetsa o’zgalardan ikki kishi o’rtangizda guvoh bo’lsin.” (Moida surasi, 106-oyat) Bu oyatda vasiyat qilish va guvohlarni jalb qilishda vakolat zarurati nazarda tutilgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) vakolatni amalda qo‘llaganlar. “Nabiy (s.a.v.) Urvani qo‘y sotib olish uchun vakil qildilar.” (Imom Buxoriy rivoyati) Sahobalarning amaliyoti Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) biror mulkni boshqarish uchun vakil tayinlaganlari rivoyat qilingan. Bu kabi misollar vakolatning sahobalar davrida ham qo‘llanilganligini ko‘rsatadi. Hanafiy mazhabida vakolat tushunchasi Hanafiy ulamolari vakolatni shariatga muvofiq va halol ishlarni amalga oshirish uchun tayinlangan vakil orqali bajariladigan huquqiy harakat sifatida ta’riflaydilar. Hanafiy mazhabi vakolatni quyidagi jihatlar bilan izohlaydi: Vakil qiluvchi (مُوَكِّل) va vakil (وَكِيل) aqli raso va balog‘atga yetgan bo‘lishi lozim. Vakolat berilayotgan ish shar’an joiz bo‘lishi kerak. Vakolat aniq va tushunarli bo‘lishi zarur. Vakolatning asosiy turlari (Hanafiy mazhabiga ko‘ra): Umumiy vakolat (وكالة عامة): Barcha ishlarni o‘z ichiga oladi. Xususiy vakolat (وكالة خاصة): Faqat muayyan vazifani bajarish uchun. III. Zamonaviy vakolat turlari va fiqhiy masalalar Tijoratda vakolat Vakolatning zamonaviy tijoratdagi ahamiyati ortib bormoqda. Bank va moliya institutlarida vakolatnomalar orqali muomala ishlari amalga oshiriladi. Hanafiy ulamolari bunday vakolatlarni shar’iy jihatdan maqbul deb hisoblaydilar, agar ular halol va adolatli bo‘lsa. Fatvo: Dorul Uluum Devbandning fatvosiga ko‘ra, bank vakolatlari joizdir, agar ular ribo va qimor kabi harom ishlarni o‘z ichiga olmasa. Elektron va raqamli vakolat Zamonaviy davrda elektron imzo va raqamli vakolatlar keng tarqaldi. Hanafiy ulamolari bu masalada ehtiyotkorlikka chaqiradilar. Elektron vakolatlar ishonchlilik va halollik talablarini qondirsa, shar’an maqbul hisoblanadi. Dalil: Imom Abu Hanifa (r.a.)ning fikricha, hujjatlar va guvohlik ishonchli bo‘lsa, vakolat joizdir. Yuridik va notarial vakolatlar Notarial vakolatlar huquqiy jihatdan shartnoma tuzish yoki meros masalalarida keng qo‘llaniladi. Shar’iy jihatdan notarial vakolat, agar qonuniy asosga ega va shar’iy qoidalarga zid bo‘lmasa, joizdir. Siyosiy va ijtimoiy vakolatlar Saylov vakolatlari va davlat vakolatlari zamonaviy dunyoda muhim ahamiyat kasb etadi. Islomda vakolatni suiiste’mol qilish qattiq qoralanadi: “Alloh sizga omonatlarni o‘z egalariga topshirishni amr etadi.” (Niso surasi, 58-oyat) Vakolatning suiiste’moli va shar’iy halollik Zamonaviy dunyoda vakolatlarni suiiste’mol qilish holatlari ko‘p uchraydi. Vakolatni adolat va halollik asosida amalga oshirish lozim. Hanafiy ulamolari vakolat bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda halollik va ishonchni asosiy tamoyil sifatida belgilaydilar. Vakolat, xoh an’anaviy, xoh zamonaviy shaklda bo‘lsin, shar’iy jihatdan joizdir, agar u halollik, adolat va ishonch asosida amalga oshirilsa. Zamonaviy texnologiyalar va tijorat usullari rivojlangan sari, elektron va raqamli vakolat turlari ham dolzarb masalaga aylanmoqda. 401 – guruh talabasi Abdulvahhobov Orifjon 124
عَنْ إِسْمَاعِيلَ قَالَ: حَدَّثَنِي مَالِكٌ عَنْ إِسْحَاقَ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ أَبِي طَلْحَةَ أَنَّ أَبَا مُرَّةَ مَوْلَى عُقَيْلِ بْنِ أَبِي طَالِبٍ أَخْبَرَهُ عَنْ أَبِي وَاقِدٍ اللَّيْثِيِّ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَيْنَمَا هُوَ جَالِسٌ فِي المَسْجِدِ وَالنَّاسُ مَعَهُ إِذْ أَقْبَلَ ثَلَاثَةُ نَفَرٍ فَأَقْبَلَ اثْنَانِ إِلَى رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَذَهَبَ وَاحِدٌ قَالَ: فَوَقَفَا عَلَى رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَأَمَّا أَحَدُهُمَا فَرَأَى فُرْجَةً فِي الحَلْقَةِ فَجَلَسَ فِيهَا، وَأَمَّا الآخَرُ فَجَلَسَ خَلْفَهُمْ، وَأَمَّا الثَّالِثُ فَأَدْبَرَ ذَاهِبًا، فَلَمَّا فَرَغَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «أَلَا أُخْبِرُكُمْ عَنِ النَّفَرِ الثَّلَاثَةِ؟ أَمَّا أَحَدُهُمْ فَآوَى إِلَى اللَّهِ فَآوَاهُ اللَّهُ، وَأَمَّا الآخَرُ فَاسْتَحْيَا فَاسْتَحْيَا اللَّهُ مِنْهُ، وَأَمَّا الآخَرُ فَأَعْرَضَ فَأَعْرَضَ اللَّهُ عَنْهُ». Abu Voqid al-Laysiydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam masjidda o‘tirgan edilar, odamlar u zot bilan birga edilar. Shu payt uch kishi keldi. Ularning ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yaqinlashdi, biri esa ketdi. U ikkitasi Rasululloh huzuriga kelib to‘xtashdi. Ulardan biri halqada bo‘sh joyni ko‘rib, o‘sha joyga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaroqqa o‘tirdi. Uchinchisi esa yuz o‘girib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ishlarini tugatgach, dedilar: “Sizlarga bu uch kishi haqida xabar berayinmi? Ulardan biri Allohning huzuriga intildi – Alloh uni panohiga oldi. Ikkinchisi uyaldi – Alloh undan hayo qildi. Uchinchisi yuz o‘girdi – Alloh undan yuz o‘girdi.” Islomda ilm majlislari Allohning eng sevimli bandalaridan bo‘lish yo‘lida muhim manba hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ilmlarni faqat bilim emas, balki Allohga yaqinlik manbai sifatida o‘rgatganlar. Yuqoridagi hadis bu haqiqatning yorqin namunasi hisoblanadi. Hadis voqeiy tarzda uchta kishining masjidga kirib kelishi bilan bog‘liq. Bu voqea orqali quyidagi ijtimoiy-axloqiy saboqlar olinadi: Ilmiy majlisda faol qatnashish savobdir. Halqaga kirib o‘tirgan kishi Allohning panohiga erishdi. Bu ilm majlisiga intilishning fazilatini ko‘rsatadi. Hayo – Allohga yaqinlik belgisi. Orqaroq o‘tirgan kishi uyalgani sababli Alloh undan hayo qildi. Hayo musulmonlikning ajralmas jihatidir. Ilmdan yuz o‘girish – ilohiy rad etilish sababidir. Hadisda yuz o‘girgan kishidan Alloh ham yuz o‘girgani ta’kidlanadi. Bu ilmiy muhitdan chetlashishning jiddiy oqibatlarini bildiradi. Ilm halqasiga yaqin o‘tirish mustahabdir. Ko‘pchilik fuqaho bu hadisdan ilmiy halqaga yaqinlashish mustahab ekani haqida istinbot qilganlar. Uyat hissi shariatda fazilat sanaladi. Hattoki orqada o‘tirish ham hayo niyatida bo‘lsa, bu maqbul bo‘lishi mumkin. Ilmdan nafratlanish, ishtirokni rad etish ma’naviy halokatga olib keladi. Bu hadis orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallam musulmonlarning ilm majlisidagi odobini, Allohga yaqinlashish vositalarini, va ijtimoiy muomala shakllarini o‘rgatganlar. Har bir musulmon bu uch kishining qaysi biri bo‘lishni tanlashi kerak: ilmga intilgan, hayo bilan ishtirok etgan, yoki yuz o‘girgan… Korabayev Nurpeys 401-guruh talabasi 156