islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Qur’on qiroatida maqom ilmini qo’llash

Ajri ulug’ va eng afzal ibodatlardan biri qur’on qiroatidir. Qur’on tilovati va uni go’zal ovoz bilan ziynatlash haqida hadislar ko’p kelgan.

Abu Muso Ash’ariy (roziallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tunda qiroatimni eshitibdilar. Tong otganda u Zot: “Ey Abu Muso, bu tun qiroatingni eshitdim. Senga Dovud oilasi naylaridan biri berilgan ekan” – dedilar. Shunda men: “Ey Rasulalloh, agar shu yerda ekaningizni bilganimda, bundan ham chiroyliroq o’qigan bo’lardim” – dedim. (Hokim, Ibn Hibbon va Bayhaqiy rivoyati)

Boshqa bir hadisda:

Baro ibn Ozib (roziallohu anhu) dan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qur’onni ovozlaringiz bilan ziynatlangiz! Chunki chiroyli ovoz qur’onni yanada go’zal qiladi” dedilar.

(Ibn Moja rivoyati)

Jaloliddin Suyutiy aytadi:

“Qiroatda ovozni chiroyli qilish sunnatdir”

Maqom lug’atda “o’rin”, “daraja”, “yo’l”, “yo’nalish” ma’nolarida qo’llaniladi. Maqom ilmi istilohida  qur’onni tajvid ila tilovatini komil qilib go’zal ovozda o’qish tushuniladi. Maqom ilmi qur’onni qur’oniy uslubda o’qishga va unga nomutanosib ohanglarda o’qishdan chetlanishga yordam beradi. Inson fitratida go’zalikka, go’zal ovozga va ohanglarga harislik bor. Insonning go’zal ohanglarga intilishi tabiiy holat. Ammo bu ehtiyojini harom bo’lgan kuy va musiqalar bilan emas, balki shariat ruxsat bergan qur’oniy maqom bilan qondirishi maqsadga muvofiqdir. Qur’oni karimda qo’llaniladigan asosiy maqomlar 7 ta bo’lib, ular صنع بسحر kalimasida jamlangan.

ص – صبا soba maqomi

ن – نهاوند nahovand maqomi 

ع – عجم ajam maqomi

ب- بيات bayati maqomi

س – سيكا siyka maqomi

ح – حجاز hijoz maqomi 

ر – رست rost maqomi

Shuni alohida aytish kerakki, har bir maqom ohangi o’ziga xos his-tuyg’u va ruhiyatni ifoda etadi. Shuning uchun ularni Qur’on tilovatida qo’llash jarayonida oyatlarning ma’nosiga ahamiyat qaratilishi va anashu ma’noga mos hissiyotni o’zida qamragan maqomning ohangidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Shu jumladan istagan maqomni har qanday oyatni tilovatida qo’llash ham yaramaydi. Aks holda oyatning mazmunida yuzaga keladigan hissiyot bilan ohangning zimnidagi hissiyot orasida nomutanosiblik yuzaga keladi. Demak, bunday holatdan saqlanmoq uchun tilovat qiluvchi o’qiyotgan oyatlarining ma’nosini bilmog’i va shu bilan birgalikda har bir maqom qaysi mazmundagi hissiyotni ifoda etishidan xabardor bo’lmog’i shart. Misol tariqasida olsak, jannat va uning ne’matlari hamda mo’minlarga yaxshilik bashoratini beruvchi oyatlar insonda umid va quvonch-shodlik kabi tuyg’ularni uyg’otgani uchun bunday oyatlarni xuddi shunday tuyg’ularni o’zida qamrovchi nahovand maqomida tilovat qilinadi. Soba yoki hijoz kabi maqomlarda bunday mazmundagi oyatlar tilovat qilinmaydi. Chunki bu ikkala maqom azob, shiddat va mahzunlik kabi hissiyotlarni o’zida mujassam etadi. Bunday maqomlar bilan ana shu mazmunni ifoda etuvchi oyatlar qiroat qilinadi.

  1. Soba

Soba maqomida hazin ma’nolarni ifodalaydigan oyatlar o’qiladi.Bunga hasrat-nadomat, xavf, mahzunlik, qayta tirilish, jahannamdagi azoblar kabi alamli holatlarga dalolat qiladigan oyatlarni misol qilish mumkin. Ushbu ohangdagi tilovat tinglovchida Alloh taolodan qo’rquv, sodir etgan gunohlariga  nadomat chekish kabi hissiyotlarni jumbushga keltiradi. Mazkur maqom ajam maqomi bilan oson bog’lanadi. Qolaversa u boshqa maqomlar bilan ham yengil tarzda bog’lanadi.

  1. Nahovand

Nahovand maqomi surur, shodlik, mehr-shafqat kabi mazmunlarni o’zida mujassam etadi. Nahovand maqomida ana shunday mazmunlarga dalolat qiladigan oyatlar tilovat qilinadi. Ushbu maqom maqomlarning eng go’zali va eng shiralisi hisoblanadi. Bu maqomda qiroat qilgan qurrolarning eng mashxurlari Alafasiy va Shatriylardir.

  1. Ajam

Ajam maqomi kuch-quvvat, ulug’lik, haybat kabi sifatlarni o’zida qamrovchi ohanglardan iborat. Shu jihatdan Alloh taoloning ism va sifatlarini o’zida jamlagan oyatlar ushbu maqomda o’qiladi. Mazkur maqom soba  va rost maqomlaridan so’ng o’qilsa, ohanglar orasidagi bog’liqlik oson amalga oshadi.

  1. Bayati

Maqomlar orasida eng keng tarqalgani bayati maqomi hisoblanadi. Bu maqomni maqomlar onasi deb ham atashadi. Chunki bayati maqomi barcha hissiyotlarni ifodalovchi ohanglardan iborat. Shuning uchun har qanday oyatni ushbu maqomda tilovat qilish mumkin. Shuningdek, ko’p qorilar ham ushbu maqomda tilovat qilishadi. Qiroat ushbu maqom bilan boshlanib, shu maqom bilan tugatiladi.

  1. Siyka

Siyka maqomi ulug’lik, oliylik,mahzunlik kabi hissiyotlarni ifodalaydi. Ushbu maqom ko’pgina o’rinlarda qo’llash mumkin. Siyka maqomining ohanggi yig’layotgan kishining nolasini eslatadi. Bu maqom qalb tubidan chhiqib qalbga yetib boradigan maqomdir. Ikki shayx: Minshaviy (murattal) va Xolid Qohtaniy ushbu maqom tilovatida shuxrat qozonganlar.

  1. Hijoz

Hijoz maqomi Arabiston yarimorolidagi Hijioz o’lkasiga nisbat berilib shu nom bilan atalgan. Bu maqom qolgan maqomlar orasida xushu va tazarruni ifodalashda yaqqol ajralib turadi. Unda  mahzunlik, Alloh taologa zorlanish, iltijo, qo’rquv kabi hazin ohang mujassam. Bu jihatdan u soba maqomiga o’xshaydi. Hijoz maqomida ham xuddi soba maqomida keltirganimizdek, azob, shiddat, vaiyd, o’kinch kabi hissiyotlarga dalolat qiluvchi oyatlar qiroat qilinadi.

  1. Rost

Rost maqomi forscha so’zdan olingan bo’lib “to’g’rilik” ma’nosida qo’llaniladi. U  kuch-qudrat, haybat, viqor, salobat, barqarorlik kabi ko’p mazmunlarni ifodalaydi. Qur’ondagi qissalar va tashriiy (shariat ahkomlari zikr qilingan oyatlar) shu maqomda o’qilgani afzal.  Undan oldin bayati, nahovand, hijoz maqomlarini, undan keyin esa soba, bayati, siyka va ajam maqomlarini keltirish mumkin. Odatda u bayati maqomidan keyin qiroat qilinadi. Madinai munavvara va Haromi sharifdagi Huzayfiy, Sudays, Muhaysniy kabi imomlar rost maqomida tilovat qiladilar.

Keyinchalik Kurd va Iroq maqomlari ham bu tarkibga kiritilgan. Hozirda bu maqomlar ham qolganlari kabi mashhurdir.

Maqom ilmini faqat shu ilmda mutaxassis bo’lgan ustozlardan eshitib, ularga taqlid qilib yodda saqlab qolish orqaligina o’rganish mumkin. Ohanglarni zehnda saqlab qolish faqatgina ularni takror-takror eshitish orqali bo’ladi. Shuni alohida aytish kerakki, maqom ohanglariga berilib qur’on tajvididan chiqib ketish katta xato sanaladi. Agar mazmuni o’zgarib ketadigan bo’lsa, gunoh bo’ladi. Shu jihatdan ham ba’zi ulamolar maqom ilmini joiz deb hisoblamaydilar. Maqom ilmini o’rganish istagida bo’lgan qorilarga avvalo tajvid ilmini mukammal o’rganishlari va qur’onni puxta yodlagan bo’lishlari tavsiya etiladi.

TII 3-guruh talabasi

Norxo’jayeva Nilufar Ulug’bek qizi

357052cookie-checkQur’on qiroatida maqom ilmini qo’llash
1 та фикр мавжуд
  1. Abdulloh

    Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh qoyil juda ham yaxshi. Ammo Hijoz maqomida shiddat ifodalangani uchun unda asosan Allohning hukmiga dalolat qiluvchi oyatlarni oʻqishni maʼqul deb bilaman

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: