Arab va islom olamida eng ko‘p tarqalgan va mashhur bo‘lgan xatlar qo‘ydagilar: suls, nasx, ta’liq (nasta’liq, forsiy), diyvoniy, kufiy, riq’a, diyvoniy jaliy, muhaqqaq, ijoza, tug‘ro, mag‘ribiy, rayhoniy, toj va shikaste.
Bu xat turlarini ikki asosiy qismga bo‘lishimiz mumkin, ular asosiy xatlar va asosiy xatlardan hosil bo‘lgan, ya’ni asosiy xatlar asosida tuzilgan xatlar.
Asosiy xatlarning asli birinchi paydo bo‘lgan va hech qanday boshqa xatlar shakllaridan o‘zlashtirilmagan xatlardir. Bunda o‘sha xatning yozilish qoidalari, harflarining yagona (bir ko‘rinishli) yozilish uslublari va shakllari hamda qo‘shib yozilganidagi shakl va ko‘rinishlari o‘ziga xos boshqa xatlardan o‘zlashtirilmagan bo‘ladi. Asosiy xatlar sirasiga suls, nasx, ta’liq, diyvoniy, kufiy va riq’a xatlari kiradi.
Mazkur xatlarning har biri alohida o‘rinlarda qo‘llanilgan:
muhaqqaq — qasida va she’rlar yozishda;
suls — ilmiy asarlar va xat yo‘l-yo‘riqlarida;
rayhoniy va nasx — qissa va xabarlarda;
tavqi’ — buyruq va farmonlarda;
riqo’ — maktublarda ishlatiladi.
Bu olti asosiy uslubning har biri ingichka va yo‘g‘on qalamlarda yozilishi natijasida yana o‘n ikki xil xatni tashkil etgan.
1. Rayhoniy. Kufiydan kelib chiqqan bu xatning yozilishi shakl jihatidan rayhonga o‘xshash bo‘lib, aylanma shaklli harflar suls xatiga qaraganda yotiqroq va cho‘ziqroq yoziladi. Rayhoniy xatning ixtirochisi Ibn Bavvob (vaf.mil.1022 y.) bo‘lgan.
2. Suls. Aholining ijtimoiy sharoiti va san’atning gullab-yashnashi bilan kalligrafiya talablari yana oshdi. Endilikda bir-biriga asosan o‘xshash bo‘lgan xat turlaridan sezilarli farq qiluvchi yangi xat turiga ehtiyoj tug‘ildi. SHu yo‘sinda suls xati vujudga keldi. Xatning bu turi masjid va madrasalar peshtoqlarini bezay boshladi. Suls xati boshqa arab xatlaridan o‘zining qiyinligi, harflarining tuzilish jihati va shakllarining go‘zalligi hamda o‘ta chiroyi bilan ajralib turadi. Bu xat qoidalari boshqa xatlar qoidalaridan biroz jiddiy va mukammal hisoblanadi. Suls xati “Xatlar onasi” deb ham nomlanadi. Xat III hijriy asr oxirida paydo bo‘lgan. “Ibrohim Shajariy o‘zining o‘tkir qalami bilan tumor varaqi parchasiga yozishlik uchun ikki yangi xatni ixtiro qildi, birini “Suls”, birini esa “Sulusiyn” xati deb nomladi”. Suls xati qoidalariga eng birinchi mukammal e’tibor qaratgan shaxs Ibn Muqilla hisoblanadi. Ibn Muqilladan so‘ng Ibn Bavvob kunyasi bilan mashhur Ali ibn Hilol suls xati qoidalariga kerakli bo‘lgan qoidalarni qo‘shdi. Ulardan keyingi suls xati bilan mashhur bo‘lgan Yoqut Mu’tasimiydir. Bu xattotlardan so‘ng suls xatini davom ettirgan va shu xat bilan shuhrat topgan xattotlar faqatgina yuqorida kelgan xattotlar shogirdlari bo‘lib qoldi. Hozirda ham bu xat borasida o‘rganiladigan bo‘lsa, asl qoidalar Ibn Muqilla, Ibn Bavvob va Yoqut Mu’tasimiylarning shogirdlari va bizga qoldirgan ma’lumotlariga murojaat qilinadi.
Suls xati – harflarni bir-birining oralariga joylab, san’atkorona kompozitsiyalar tuzish yo‘li bilan har xil chiroyli shakllar yasash imkoniyati bo‘lgani bilan ajralib turadi. Bu xatda bezak belgilar ham katta ahamiyat kasb etadi. Suls – bir narsaning uchdan bir hissasi yoki uchinchi hissasi, demakdir. Suls xati deyilishiga sabab shuki, bunda qalamning uchinchi hissasi ishlatiladi yoki suls xati ta’limida qalamning uchdan bir hissasi ko‘proq ishga solinadi. Mazkur yozuv uslubida “alif”, “dol”, “lom” harflari gajakli bo‘ladi. Boshlanishda tikka chiziqlarning uch qismi changaksimon boshlanib, oxiri nafis burama bilan tugaydi.
Suls xati egiluvchan, yumshoq qayishqoq xat hisoblanib, xattot bu orqali harflarga shakl berish va chiroy bilan yozishda keng imkon beradi.
Suls xati “sulsu odiy” va “sulsu jaliy” qismlarga bo‘linadi.
Sulsu odiy. Sulsu odiy xati miqdor jihatidan 4 millimetr o‘lchamida va satrlarda oddiy bir xil o‘lchamda yoziladi. Qur’on karim suralarining boshlarida, kitoblarning kirish qismida va Qur’oniy va boshqa fanlar lavhalarida ham asosiy foydalaniladi.
Sulsu jaliy. Sulsu jaliy xati miqdor jihatidan 8 millimetr o‘lchamida va asosan tuxumsimon va doira, satrlarda esa, o‘ta murakkab shakllarda yoziladi. Bu xat turi harflar va ko‘rinish murakkabligi bilan boshqa xatlardan ajralib turadi. Qur’oniy lavhalar va murakkab shakllarni yozishlikda foydalaniladi (2-ilovaga qaralsin).
3. Nasx. “Nasx”ning lug‘aviy ma’nosi “o‘chirish, bekor qilish” demakdir. Bu xat turi ixtiro qilingandan to hozirgi kungacha xattotlar tomonidan keng qo‘llanilib kelinadi.
Islom madaniyati taraqqiy topib boshlagach, kompozitsion san’at turlari bo‘lmish naqsh va o‘ymakorlik san’atlari keng tarqaldi. Musulmon san’ati ahli bu ruhni yozuvga ham olib kirishga harakat qilib, yangi xat turlarini kashf qila boshladilar va ularga ko‘proq bezakli shakllar berishga urindilar. Oqibatda xattotlikda muayyan qoida va normalar ishlab chiqildi. Bu xat turlari oldingilaridan farqli o‘laroq geometrik shakllarga emas, balki nafis og‘ma shakllarga asoslangan.
Bu xayrli ishlar boshida abbosiylar davlati vaziri Ibn Muqla (vaf. 328 h.) turadi. Shunday qilib, o‘z tuzilishi va ko‘rinishi bilan avvalgi kufiy xatidan ancha farq qiluvchi yozuv turlari kashf etildi. Ularning boshida nasx xati vujudga kelib, (bu xat turida) ilgari mushaflar I asr kufiysida bitilgan bo‘lsa, endilikda ular yangi kashf qilingan nasx xatida yozila boshladi. Bu xat turi yuzaga chiqib, shuhrat qozongandan keyin boshqa xatlarning barchasi «mansux» qilingan, ya’ni ishlatishdan qoldirilgan. Nasx xati tez va ravon yozilgani, ko‘zga go‘zal va bejirim tashlangani uchun ham u matbaalarda chop etiladigan kitoblarda asosiy yozuv vazifasini o‘tagan. Hozirgi davrda eng keng tarqalgan yozuv bo‘lib, bu xatdan zamonaviy matbuot va adabiyotlar chop etishda foydalanilmoqda.
Ilmiy adabiyot va qo‘lyozmalarda ko‘p uchraydigan g‘ubor xati nasx xatining mayda qalamda yozilishidir. Matnlar maxsus raqamda juda mayda qilib yozilgani uchun g‘ubor deb aytilgan. G‘ubor xatining ixtirochisi — Said Qosim.
4. Riqo’. Riqo’ “ruq’a” so‘zining ko‘pligi bo‘lib, qog‘oz parcha, maktublar demakdir. Riqo’ xatida harflar bir-biriga qurama qilib yoziladi. Bu yozuv turi usmoniylar hukmronligi davrida katta shuhrat qozongan va keng tarqalgan. Ko‘pincha, maktublar, kishilarga yuboriladigan nomalar shu xat bilan yozilgan. Tavqi’ va riqo’ xatlarining ixtirochisi ma’lum emas.
5. Ta’liq. Ta’liq osilib turuvchi, ilingan yozuv ma’nolarini anglatadi. Bu xat aslida riqo’ bo‘lgan. Uni har kim turli shakllarga aylantirib, undan bir ravish ixtiyor qilgan. XV asrda paydo bo‘lgan bu yozuv turidan, asosan, rasmiy va shaxsiy xatlar yozishda, hujjatlar bitishda foydalanganlar. Mazkur yozuv harflari yuqoridan chapga kengroq holda yoziladi. Xoja Tojiddin Sulaymon shu uslubni ixtiro qilgan kishilar jumlasidandir. Bu kishi ixtiro qilgan ta’liq xati riqo’ xatining shoxchasidir. Bu xat insho va maktublarga tegishli bo‘lib, munshiy (insho yozuvchi)lar uni cho‘zib yozganlar. Ayrim olimlar ta’liq xatining ixtirochisi Abul’ol nomli shaxs deb ko‘rsatganlar. Abul’ol ixtiro etgan ta’liq xatining grafik asoslari kufiy xatidan kelib chiqqan bo‘lib, bu xat forsiy matnlarni yozish uchun ixtiro qilingan. YUqoridagi xat turlari xattotlar tilida “Al-Xutut as-sab’a” (“Etti xat”) deb yuritiladi. Xattotman, degan har bir inson shu xatlarni bilishi zarur bo‘lgan.
Ilmiy adabiyotlar va qo‘lyozmalarda ko‘p uchraydigan “Qubor” xati nasx xatining mayda qalamda yozilishidir. Mashhur xattotlardan Said Qosim bir dona guruchga Qubor xati bilan Ixlos surasini yozgan, bu xat ixtirochisi ham ana shu kishidir.
Devoniy xati. Usmoniylar davlati tugatilishi davrida sulton farmonlari va davlatning devonlaridagi hujjatlar va vasiqalar uchun ishlatiladigan maxsus xat turi yuzaga keladi va devoniy xati deb nomlanadi.
Qalam yurgizishga, harflarining shakliga ko‘ra ushbu xatdan ajralib chiqqan xat turi bo‘lib, u jaliy devoniy (yoki gulli devoniy) deb ataladi. Agar devoniy xatida harflar orasidagi cho‘ziqlar bo‘sh qolsa, jaliy devoniyda ushbu bo‘shliqlar bezak shakllar bilan to‘ldiriladi.
Ijoza xati. Bu xat turi nisbatan kam ishlatilib, u rayhoniy xatining rivojlantirilgan formasi sanaladi. Undagi harflar xatti suls va xatti nasx harflarining qorishmasidan yasalgan.
Toshkent islom instituti talabasi Boqijonov Xojiakbar