Imom, hofiz, shayxulislom Ahmad ibn Shu’ayb ibn Ali ibn Sinon ibn Bahr ibn Dinor Abu Abdulloh Xurosoniy Nasaiy hijratning 215-yili Xuroson shaharlaridan biri bo’lgan Nisoda dunyoga keldilar.
Bu zot “Sahih” sohiblari deb tan olingan olti imomning biri edilar. As’hobi hadislar ichida asllar ahlining imomi va peshqadami edilar. Yoshlari 15 ga yetganda Qutayba ibn Sa’iyd al-Bahliyning huzurlariga borib, bir yil-u ikki oy davomida hadis eshitadilar. Imom Nasaiy ilm talab qilib Xuroson, Hijoz, Misr, Iroq, Arabiston yarim oroli, Shom kabi yurtlarni kezib chiqdilar. So’ngra Misrda “Al-Qanadiyl” nomli mashhur kitob bozori bo’lgan tor ko’chada yashadilar. Bu zotning huzurlariga hadis eshitish uchun huffozlar tashrif buyurishar edi. Ana shu vaqtda bu kishiga teng keladigan kishi topilmas edi. U zotning sifatlarini zikr qilib Doraqutniy aytadilarki: “Abu Abdurahmon hadis ilmida esga olinganlarning muqaddami edilar”. Ibn al-Asir “Jome’ ul-Usul” kitobida: “Imom Nasaiy Shofe’iy mazhabida edilar va Shofeiy mazhabida “Haj” kitoblari bor. U kishi taqvoli talabchan bo’lib, Dovud payg’ambarning ro’zasida davomli edilar”, – deb aytadilar. Bu zot roviylarni o’z vaqtida jarohatlab, o’z vaqtida ta’dil etardilar. Shuning uchun jurh va ta’dillari ulamolar orasida e’tiborlidir.
Imom Nasaiy ta’lif etgan kitoblari quyidagilar: “Sunani kubro va sug’ro“,”Xasoisu fiy fazli Ali ibn abu Tolib va oli bayt”, “Kitobu zuafo val matrukiyn”, “Manosiku Nasaiy”, “Jam’u musnad Molik ibn Anas va musnad ali ibn Abi Tolib”.
Imom Nasaiyning “as-Sunani al-Kubro” kitoblari avvaliga ko’pgina zaif hadislarni ham o’z ichiga olgan edi. keyin esa zaif hadislarni olib tashlab, sahihlarini qoldirganlar va bu kitoblarini “Al-Mujtaba” deb nomlaganlar. Mazkur kitob bizning vaqtimizgacha yetib kelgan. Imom Nasaiyning “Al-Mujtaba” ni yozishlariga sabab u kishi “As-Sunanul-Kubro” kitobini yozgach Ramla degan joyning amiriga taqdim qilganlarida, amir: “Buning hammasi sahihmi?”, – deb so’ragan. Imom: “Bunda sahih ham, hasan ham bor“, – dedilar. Shunda amir sahihlarini ajratishni so’radi. Shu munosabat bilan Imom Nasaiy “As-Sunanul-Kubro” kitoblaridan sahih hadislarni tanlab “Al-Mujtaba’ yoki “As-Sunanus-Sug’ro” deb nomlangan kitobni yozdilar.
Bu kitob oltita “Sahih” deb nomlangan kitobning biridir. U birinchi marta 1256-hijriy sanada Hindistonda chop etilgan va eng ishonchli hadis kitoblaridan hamda hadis ulamolari tarafidan zaif hadislari eng kam, majruh kishilari yo’q kitoblardan deb tan olingan. Bu o’rinda Abu Dovud va Imom at-Termiziy hadislariga solishtiriladi. Shuningdek, bu kitob hadislarni bir o’rindagina keltirishga, zarurat tug’ilgandagina boshqa joyda rivoyat qilishga ehtimom qiladi. Bir vaqtning o’zida hadislardan fiqh hukmlarini illatlari bayoni bilan chiqarishga e’tibor beradi. Bu zotning kitoblariga ko’plab sharhlar yozilgan.
Bu zotning ustozlari esa quyidagilardir: Ahmad ibn Abdata az-Zabyi, Ahmab ibn Maniy’, Bashir ibn Muoz al-Aqdiy, Hasan ibn Saboh, Muhammal ibn Ismoil ibn Ayla Damashqiy, Muhammad ibn Abbon al-Baxliy, Ali ibn Xojar, Amr ibn Zirorata al-Kalbiy, Iso ibn Muhammad ar-Ramliy, Muhammad ibn Hoshim al-Ba’labakki, Is’hoq ibn Shohiy, Qutayba ibn Said, Is’hoq ibn Ibrohim, Is’hoq ibn Mansur, Is’hoq ibn Muso al-Ansoriy, Ibrohim ibn Said al-Javhariy, Ibrohim al-Javjoniy, Iso ibn Hammod, Hishom ibn Ammor va boshqalardir. Imom Nasaiydan Ahmad ibn Umayr ibn Javso, Muhammad ibn Ja’far ibn Mallas, Abulqosim ibn Abul Aqb, Abul Maymun ibn Rashid, Abu Ali at-Tabaroniy,Abu Ja’far at-Taxoviy va boshqalar rivoyat qilishgan. Muhammad ibn Muso al-Ma’muniy aytadilar: “Imom Nasuiy Abu Bakr va Umar ibn Xattob roziyallohu anhu fazilatlarini tashlab, Ali roziyallohu anhuni fazilatlari haqida “Al-Xasois” kitobini yozdi, deb uni qabul qilmay inkor qilayotgan qavmni ko’rdim. Bu haqda Imom Nasaiyga aytganimda shunday dedilar: “Damashqqa kirib Ali roziyallohu anhudan uzoqlashganlar ko’payganini ko’rib, “Al-Xasois” kitobini tasnif qildim va Allohdan ularni hidoyatga boshlashini umid qildim.
Bu zot tavallud topgan Niso shahri haqida ma’lumot: Shaharning Niso deb nomlanishining sababi shundaki, fotihlar Xurosonni fath etishgandan shahar erkaklari qochib ketishgan va musulmonlar shaharda erkak zotini topa olmay, uni tashlab o’tib ketishgan ekan. Shu sababli u Niso (“Ayollar”) shahri, deb atalgan ekan. U hozirgi Turkmaniston yerlarida joylashgan shahardir. Bu yerdan Imom Nasaiydan tashqari, Abu Ahmad Homid Zinjaviy al-Azdiy kabi katta olimlar ham chiqqan. Imom Nasaiy hijratning 303-yili Makkada shahid bo’ldilar va Safo-Marva orasiga dafn etildilar.
Toshkent islom instituti talabasi Axmadillo G’ofurjonov