islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

ABU MANSUR AL – MOTURIDIY – “HIDOYAT YO’LI IMOMI”

Tarixdan bizga ma’lumki, Movorounnahr diyorida azaldan ko’plab buyuk allomalar yetishib chiqqanlar. Ayniqsa, o’rta asrlarda (IX–XII) o’z kashfiyotlari va ta‘limotlari bilan jumlai jahonni lol qoldirgan yuzlab ulug` allomalar samarali faoliyat ko‘rsatganlar. Mana shunday mashhur siymolar silsilasida kalom ilmining asoschilaridan biri imom Abu Mansur al-Moturidiy hazratlari alohida o‘rin egallaydi.

Abu Mansur al-Moturidiy (to’liq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy) (870 — Samarqand — 944) — imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi. «Imom al-hudo», «Imom al-mutakallimin» («Hidoyat yo’li imomi», «Mutakallimlar imomi») nomlari bilan ulug’langan. Moturid qishlog’i (hozirgi Jomboy tumani)da tavallud topib, to umrining oxirigacha shu yerda yashagan, bu yerda katta bog’ ham barpo etgan.[1]

Imom al-Moturidiy haqida allomaning shogirdlarining eng taniqlilaridan biri Abul Mu’in an-Nasafiy bo’lib, u o’z asarlarida, ayniqsa, «Tabsirat al-adilla» («Dalillar tilga kirganda») nomli tasnifida imom al-Moturidiy va uning ta’limoti haqida ko’p muhim ma’lumotlarni keltiradi. Imom Abu Mansur al-Moturidiy haqida yozgan tarixchilar uning tabarruk nomini xilma-xil yuksak va sharafli laqablar bilan bezab zikr qilganlar. Taniqli muarrix al-Kafaviy va boshqa qator mualliflarning yozishlaricha, imom al-Moturidiy o’z zamonasidayoq «Qudvat ahl as-sunna val-ihtido» («Sunnat va hidoyat ahliga ibrat zot»), «Rofi‘ a‘lom al as-sunna val-jamoa» («Ahli sunna val jamoaning bayrog`ini baland ko‘taruvchisi»), «Qoli’ azoliyl al-fitna val-bid‘at» («Xurofot va bid’atga botgan uydirmalarni ildizi bilan qo’poruvchisi»), «Imom al-mutakallimiyn» («Barcha mutakallimlarning imomi»), «Musahhih aqoid al-muslimiyn» («Barcha musulmonlar aqidalarining tuzatuvchisi») kabi yuksak laqablarga sazovor bo‘lgan alloma sifatida tan olingan.[2]

Bu zotning benazir salohiyatini e’tirof etgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari ham o’zining «Nasoyim ul-muhabbat» nomli mashhur asarida: «Shayx Abu Mansur al-Moturidiy o’z zamonining a’lam ulamosi ermish. Ul vaqt ulamosi alarni «Sulton al-muizzin» der ermishlar. Zohir va botin ulumlari bila orosta ermishlar», deb lutf qilgan edilar. Bu o‘rinda taniqli tarixchi at-Tamimiyning ul zoti sharif haqida yozganlariga ham e’tibor qiling: «Imom al-Moturidiy o’z zamonasining eng buyuk allomalaridan biri sifatida tan olinib, barcha uning ilmi-yu ma’rifatiga iqtido qilib, uning ta’limoti ziyosini ko’zlariga to’tiyo sifatida surtganlar. Shu bois imom al-Moturidiy nafaqat unga xayrixoh kishilar, balki raqiblari nazdida ham «Imom ahl as-sunna val-jamoa», «Imom al-hudo» («Rushdi hidoyatga boshlovchi imom») degan eng oliy unvonga sazovor bo’lib, kalom ilmida o’ziga xos bir mo’jiza sifatida dovrug`i tillarda doston bo’lgan.[3]

Moturidiy fiqh va kalom masalalariga qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olish davomida ko’plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo’lganlar. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyoziy, Imom Aʼzam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fazl kabi ulamolardan ilm olganlar va quyidagi asarlarni yozib qoldirganlar:“Kitob at-Tavhid” “Kitob al-Maqomat”, “Kaʼbiy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag’ishlangan kitob”, “Muʼtazila g’avg’olari va undan qo’rqmaslik haqidagi kitob bayoni”, “Qurʼon taʼvili kitobi”, “Shariat asoslari”, “Kitob al-jadal”, “Dialektika haqida kitob”. Bulardan tashqari Moturidiyning islom huquqshunosligiga oid “Usul kitobi” asarlari ham mavjud.[4]

Abu Mansur al-Moturidiyning kalom va fiqh ilmlari sohasidagi qarashlari uning ikki – «Kitob at-Tavhiyd» va «Kitob ta’viylot ahl as-sunna» nomli asarlarida bayon etilgan.

Imom al-Moturidiyning bizgacha yetib kelgan ushbu ikki yirik asari – «Kitob at-tavhid» va «Ta’vilot ahli as-sunna» buyuk alloma merosida alohida ahamiyatga egadir. Mazkur asarlarda islom dinining falsafasini tashkil etuvchi kalom ilmining turli masalalarida ibratli fikrlar ilgari surilgan, haqiqatdan adashgan firqalar ilmiy nuqtai nazardan tanqid qilingan. Imom al-Moturidiy fikricha, insonlarning yomon xulqli ishlari, gunohlari Alloh taoloning irodasi bilan (chunki Alloh shu ishlarni taqdir qilgan), lekin uning roziligisiz amalga oshiriladi. Alloh taolo insonlarga o’z erkini qo’liga bergan holda yaratgan, ya’ni uning harakatlari azaldan taqdir etib qo’yilgan bo’lsada, insonning ba’zi ishlarga sohib ixtiyorligini ham bergandir. Bu ishlarni imom al-Moturidiy «af’oli ixtiyoriy, ya’ni insonda iroda erkinligi mavjud» deb ataydi. Imom al-Moturidiy hazratlarining bundan o’n bir asr muqaddam aytgan bu ajoyib fikri bugungi kunda ham g`oyatda dolzarb bo‘lib, inson aql-zakovati va tafakkurining imkoniyatlari cheksiz, uning o’z xatti-harakatlari uchun esa javobgar ekanligiga ishoratdir.[5]

 Alloma faoliyatida, yuqorida aytilganidek, muborak islom dinimizning hayotbaxsh mazmun-mohiyatini ravshan talqin qilish, turli bid’at va xurofotlarga botgan guruh va toifalarga qarshi kurash alohida o’rin egallaydi. Shu nuqtai nazardan ham imom al-Moturidiy ilgari surgan g`oyalar bugungi kunda ham g`oyatda dolzarb bo‘lib, nafaqat ilmiy, balki katta amaliy ahamiyatga ham ega. Imom al-Moturidiyning o’ziga xos ta’limotini o’rganish uchun olimlarimiz oldida katta imkoniyatlar mavjud. Chunonchi, allomaning asosiy asarlari qo’lyozmalari va ularga yozilgan ba’zi sharhlar nafaqat Misr, Turkiya, Hindiston, Angliya kabi mamlakatlarda, balki respublikamizdagi qo’lyozmalar xazinasida ham saqlanadi. Mustaqillika erishganimizdan so’ng, ulug’ allomlarimizning nomlari tiklandi.

Xususan, imom al-Moturidiyning hayoti va merosini ilmiy asosda har tomonlama chuqur o’rganib, keng xalq ommasiga yetkazishda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Imom Abu Mansur al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligini nishonlash to‘g`risida»[6]gi qarori muhim ahamiyatga molik hujjat bo’ldi. 2000 – yil noyabr oyida imom al- Moturidiy tavalludining 1130 yilligi keng miqyosda nishonlandi. Allomaning tug’ilgan yurtida Moturidiy maqbarasi ham qad ko’tardi.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, imom al-Moturidiy islom olamimning ko’zga ko’ringan namoyondalaridan biri hisoblandi. Olimning kalom va fiqh ilmining rivojlanishidagi roli beqiyos. Ulug’ alloma islom dinidagi ikki yirik aqidaning birining asoschilaridandir. Moturidiylik aqidasi hanafiy mazhabi asosida paydo bo’ldi. Shuningdek, imom al-Moturidiyning yirik asari «Ta’vilot ahli as-sunna» yoki «Ta’vilot al-Qur’on» nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olamida beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Mazkur asarning ilmiy va amaliy ahamiyati juda katta bo’lib, u ahli-sunna ulamolari tomonidan Qur’oni karimni sharhlash (ta’vil) bo’yicha qilingan dastlabki jiddiy urinish bo’lib, bu sharh aql va naql nuqtai nazaridan amalga oshirilganligi bilan ajralib turadi. Boshqacha aytganda, Qur’oni karim imom al-Moturidiyning kalom ilmiga oid ta’limotlari nuqtai nazaridan turib tafsir qilingan.

Toshkent islom instituti matbuot xodimasi

Eshonqulova Hurriyat Suvonqul qizi

 

Foydalanilgan adabiyotlar

[1]. hhtps://iiau.uz

[2]. “O’rta Osiyo allomalarining ilmiy merosi” uslubiy qo’llanma. N.A.Jumayeva. Buxoro., “Durdona” nashriyoti, 2013 – yil.

[3]. “O’rta Osiyo allomalarining ilmiy merosi” uslubiy qo’llanma. N.A.Jumayeva. Buxoro., “Durdona” nashriyoti, 2013 – yil.

[4]. hhtps://www.mirarbmadrasa.uz

[5]. “O’rta Osiyo allomalarining ilmiy merosi” uslubiy qo’llanma. N.A.Jumayeva. Buxoro., “Durdona” nashriyoti, 2013 – yil.

[6]. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Imom Abu Mansur al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligini nishonlash to‘g`risida»gi 517 – sonli qarori. 03.12.1999 – yil.

376170cookie-checkABU MANSUR AL – MOTURIDIY – “HIDOYAT YO’LI IMOMI”

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: