Arablar tomonidan va ular uchun yozilgan yangiliklarni chop etuvchi birinchi bosma davriy nashr 1816-yilda Bag’dodda arab va turk tillarida chiqa boshlagan “Jurnal al-Iroq” bo’ldi. 1820-yillarda Qohirada ikkita arab gazetasi nashr eta boshladi. 1847-yilda Jazoirda, 1858-yilda Bayrutda, 1860-yilda Tunisda, Damashq va Tripolida, 1879-yilda Sanʼada, 1889-yilda Kasablankada, 1908-yilda Makkada gazetalar nashr etila boshlandi.
Livan va Misr bosma ommaviy axborot vositalarining yetakchi markazlari bo’lib, ko’pchilik arab davlatlaridan oldin muhim gazetalarni nashr etishgan. Ular yigirma birinchi asrda ham jurnalistikada yetakchi o’rinlarni egallab kelmoqda. Birinchi arab kundalik gazetasi 1873-yilda Bayrutda tashkil etilgan va hanuzgacha yetakchi kundalik gazeta sifatida rivojlanib kelayotgan “Al-Ahram” 1875-yilda Misrda ish boshlagan. Yigirma birinchi asrga kelib faqat Misrda yarim million nusxadan ortiq tirajli kundalik nashrlar mavjud edi. Uning ikki yetakchi “milliy” gazetalari “Al-Ahram” va “Al-Axbor” har biri yetti yuz mingdan ortiq, “Al-Jumhuriya” esa to’rt yuz mingga yaqin nusxada nashrdan chiqarilib sotilgan. Yigirmanchi asrning so’nggi o’n yilliklarida Fors ko’rfazining neftga boy arab davlatlari Livan, Misr, Iordaniya, Falastin kabi mamlakatlardan ma’lum mablag’ evaziga yollagan arab iste’dodlaridan ma’lum darajada foyda olib, o’zlarining bosma ommaviy axborot vositalarini tez sur’atda kengaytirdilar. Buning samarasi o’laroq mamlakatkarda gazetalar ko’paydi. Biroq, u yerda tirajlar kichik bo’lib qoldi. Masalan, Qatar, Bahrayn va Ummonda 1970-yillardan buyon muvaffaqiyatli kundalik nashrlar mavjud, lekin ularning tirajlari hech qachon bir necha o’n mingdan oshmagan.
Fors ko’rfazidagi kichikroq arab davlatlari orasida Saudiya Arabistonida eng qadimgi gazeta an’analariga mavjud va uning ba’zi yetakchi gazetalari nisbatan uzoq an’analarga ega. Saudiya Arabistonining g’arbiy mintaqasida “Al-Bilad” va “Al-Madina” kabi gazetalar XX asrning o’ttizinchi yillaridayoq gullab-yashnagan, “Ukaz” va “Al-Nadva” gazetalari esa yigirmanchi asrning olmishinchi yillarida paydo bo’lgan. XX asr 60-yillarining boshlarida “Al-Jazira” va “Ar-Riyod” gazetalari Ar-Riyodda, “Al-Yavm” esa Dammamda, 2003- yil holatiga ko’ra, ushbu yetti gazetaning hammasi hamon mavjud edi. Yamanda janubiy va shimoldagi hukumatlar 1960-yillardan beri kundalik gazetalarni nashr etishadi, ammo ular cheklangan tiraji va umuman sifat jihatidan qolgan davlatlarniki bilan raqobatlasha olmas edi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha tashkiloti (YUNESKO) har ming aholiga kamida yuz nusxa kundalik gazeta standartini o’rnatdi. Ammo 1966-yilga kelib faqat Livan va Fors ko’rfazining to’rtta davlati, ya’ni Bahrayn, Quvayt, Ummon va Birlashgan Arab Amirliklari stavkalari uni bosib o’tdi. Yigirma birinchi asrga kelib beshta arab davlatida yuz mingdan ortiq kundalik nashrlar nashr etilar edi. Qiyosiy jihatdan qaraydigan bo’lsak, har bir nusxani bir necha o’quvchi deb hisoblasak, tahminan o’ttiz million arab yoki jami arab aholisining o’n foizdan ortig’i kundalik gazetalarning doimiy o’quvchilari hisoblanadi.
Arab mamlakatlari orasida boylik, aholi, savodxonlik, siyosiy tizimlar va madaniy sharoitlardagi asosiy farqlarni aks ettiruvchi bosma ommaviy axborot vositalaridan foydalanish va tuzilishida sezilarli farqlar mavjud. Quyidagi xususiyatlar odatda ustunlik qiladi, garchi o’zgarishlar va istisnolar butun mintaqada bo’lsa ham.
Birinchidan, arab bosma nashrlarining aksariyati nisbatan iqtisodiy jihatdan zaif asosda faoliyat yuritar edi. Ularni o’quvchilar kichik savodli aholi edi. Shuningdek, gazetalar ko’p joylarda cheklangan daromadlardan aziyat chekar edi. Shuning uchun savdo cheklangan va bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarida reklama amaliyoti juda keng rivojlanmagan. Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida ba’zi arab davlatlari va shaxslar boyib ketganlarida ham, reklama oddiy bo’lib qoldi hamda ishbilarmonlar ommaviy axborot vositalarini foydali sarmoya sifatida ko’rmadilar. Garchi gazetalar XX asr o’rtalarida bo’lgani kabi o’rta tabaqalar uchun qimmat dabdaba bo’lmasa ham, narx va savodxonlik hali ham tirajni cheklab qo’ygan.
Ikkinchidan, arab ommaviy axborot vositalari siyosat bilan turli yo’llar bilan chambarchas bog’langan. Birinchi gazetalar byurokratlar va jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida hukumatlar tomonidan nashr etilgan. Birinchi mahalliy Misr gazetalari “Jurnal al-Xadyu” va “Al-Vaqaʾi al-Misriyya” 1820-yillarda hukumat nashrlari sifatida paydo bo’lgan. Amalda boshqa mamlakatlarda ham paydo bo’ldi. Jazoirda hukumat 1847-yilda “Al-Mubashir”ni nashr eta boshladi. Tunisda hukumat 1861-yilda “Al-Raʼid at-Tunis”ni, 1865-yilda “Damashq” esa Suriyada nashr etila boshlandi.
Iroqda hukumat 1816-yilda “Jurnal al-Iroq” gazetasini chiqarishni boshladi. Xususiy shaxslar va oilalar gazetalar chiqarishni boshladilar, ammo XIX asrda ular faqat Suriya, Livan, Misr va Marokashda paydo bo’lgan. Keyinchalik ko’proq xususiy gazetalar paydo bo’ldi, ammo Ikkinchi jahon urushidan keyin arab millatchiligi va mustamlakachilikka qarshi kurash davrida arab davlatlari hukumatlari o’z gazetalarini qattiqroq nazoratda tutishni boshlashdi. Hukumatga tegishli gazetalar hali ham mintaqaning aksariyat qismlarida mavjud bo’lib, ular hanuzgacha muhim siyosiy vositalar sifatida ko’riladi.
Ba’zi gazeta egalari mahalliy va xorijiy hukumatlardan yoki mahalliy siyosiy partiyalardan moliyaviy homiylik olishga intilishgan holatlari uchrab turgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo’lgan arab siyosiy partiyalari o’z qarashlarini matbuot orqali tarqatishga intildilar va bir qator arab mamlakatlarida partiya gazetalari vujudga kelib, hozirgi vaqtga qadar ham mavjud. Garchi ularning ko’pchiligi nisbatan kichik tirajli haftalik nashrlar bo’lsada.
Uchinchidan, arab gazetalari boshidanoq an’anaviy ravishda qisqa hikoyalar, she’rlar va seriyali romanlarni nashr etuvchi madaniy mazmunning sezilarli miqdorini o’z ichiga olgan. Olimlar hamda adabiyot arboblari gazetalarda tez-tez o’zlarining asarlarini nashr etishgan. Shu bilan birga, jurnalistlik kasbi, jumladan, tajovuzkor reportajlar qilish va xolis xabarlar taqdim etish odati arab dunyosida dunyoning ba’zi qismlarida bo’lgani kabi to’liq shakllanmagan.
Arab bosma ommaviy axborot vositalarining strukturasi tarqoq bo’lib, alohida gazetalar o’quvchilarining ko’pchiligi gazetaning kelib chiqishi mamlakati bilan chegaralangan. Ko’p gazetalar kichik, maxsus auditoriyaga ega. Shuningdek, aksariyat gazetalar tarqatishdagi to’siqlar tufayli har bir mamlakatning bir yoki ikkita shahrida nashr etiladi.
Toshkent islom instituti yoshlar bilan ishlash,
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimi
Badiyev Shukurjon Komil o’g’li
Foydalanilgan adabiyotlar
- Alterman, Jon B. New Media, New Politics?: From Satellite Television to the Internet in the Arab World, Policy Paper no. 48. Washington DC: The Washington Institute for Near East Policy, 1998.
- Rugh, William A. The Arab Press: News Media and the Political Process in the Arab World. 2d edition. Syracuse, NY: Syracuse University Press, 1987.