Jamoliddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Yusuf ibn Muhammad ibn Ayyub ibn Muso al-Hanafiyaz-Zaylaiy[1] al-Qohiriydir[2]. Uning kunyasi Abu Abdulloh bo‘lib, Jamoliddin taxallusi bilan mashhur[3].
Zaylaiy hayoti haqida ma’lumot beruvchi manbalarda uning tug‘ilgan joyi va vaqti haqida emas, balki uning 762 hijriy (1360 milodiy) yil Muharram oyining o‘n beshinchi kuni Qohirada vafot etganini ta’kidlaydilar[4].
Jamoliddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Yusuf ibn Muhammad Zaylaiy Hanafiy Misriy hijriy VIII milodiy XIV asrning birinchi choragida hozirgi Somali davlatining Zayla’ shahrida tug‘ilgan. U keyinchalik Misrda yashab ko‘plab ustozlardan fiqh va hadis ilmlarini chuqur o‘rgangan, tariqat yo‘lini tutgan mutasavvif ulamolardan bo‘lgan. Zaylaiy hadislar tahrijidagi aniqlik va ularning fiqhiy dalillarini bayon qilishdagi xolisligi bilan mashhur bo‘lgan.
Zaylaiy fiqhni asosan hanafiy fiqhidagi eng nufuzli matnlardan biri “Kanz ad-daqoiq” asariga sharh yozgan faqih ulamo Imom Faxriddin Usmon ibn Ali Zaylaiy (vaf. 743/1343 y.)dan o‘rgangan. Hadislarni Abdullatif Harroniy (vaf. 672/1273 y.)ning bir guruh shogirdlaridan va yana “Faqihul Qohira va Iskandariya” laqabini olgan Shihob Ahmad ibn Muhammad ibn Qays Ansoriy (vaf. 749/1348 y.), “Shayxush Shofeiy” Shams Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Adlan (vaf. 749/1348 y.), Jamoliddin Abdulloh ibn Ahmad ibn Hibatulloh ibn Buriy Iskandariy (vaf. 767/1365 y.) kabi muhaddislardan eshitgan.
Shuningdek, o‘z davrida “muhaddislar ustozi” bo‘lgan Imom Abul Hajjoj Mizziy (vaf. 742/1342 y.), Imom Shamsiddin Zahabiy (vaf. 747/1347 y.) va yana hanafiy mazhabi usulchi, faqih olimi, shuningdek, tafsir, hadis va lug‘at ilmlarida ham mohir bilimdon Imom Alouddin Mardiniy (Ibn Turkmaniy) (vaf. 750/1349 y.) kabi muhaddis ulamolardan ham ta’lim olib, hadis ilmidagi bilimlarini o‘stirgan. Bu haqda Taqiyuddin Abu Bakr Tamimiy o‘zining “at-Tabaqot as-saniya” asarida shunday degan: “U ilm o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lib, ko‘plab fazilatlarga ega bo‘lgan muhaddislardan hadis eshitgan. “Kanz ad-daqoiq” asarini sharhlagan Faxriddin Zaylaiy, qozi Alovuddin Turkmaniy va boshqalar qo‘lida ilm o‘rganib, to “al-Hidoya” va “al-Kashshof”ning hadislarini tahrij qilgunicha hadis kitoblari mutolaasini o‘ziga lozim tutdi”[5].
Zaylaiy rohimahulloh tomonidan ko`plab asarlar yozilgan. Jumladan,
“Nasbur Roya” hadislarning tariqatlarini jamlagani, ular to‘g‘risida jarh va o‘zgartirish ma’lumotlarini o‘z ichiga olgani, boshqa mazhablarning dalillarini o‘z ichiga olgani, o‘zidan keyin kelgan ko‘plab tadqiqotchilar uchun manba bo‘lgani uchun hadis va ayniqsa, hanafiy fiqhiga oid hadislarni to‘plash muhim o‘rin tutadi.
“Nasbur Roya” hadis ustozlari ham, faqihlar va hanafiylardan boshqa mazhablar uchun murojaat qilishi mumin bo‘lgan asardir. Zaylaiy “Nasbur Roya” hanafiylarning dalillarini to‘plash va ularni sahihligi nuqtai nazaridan baholashni maqsad qilgan bo‘lsa-da, boshqa mazhablarning dalillari uchun ham xuddi shunday qilgan. “Al-Hidoya”ga oid tahrij asari “Nasbur Roya” hadis yo‘nalishida tengdoshlaridan ko‘ra mashhurroq va bunga loyiq edi.
Tadqiqotda “Nasbur Roya” asarining mavzusi, yozilish uslubi, boshqa asarlardan ustunlik jihatlari ochib berilgan hamda uning hadis ilmida tutgan o‘rni va ulamolarning e’tiroflari bayon etilgan.
“Nasbur Roya” mashhur fiqhiy manba “al-Hidoya”da kelgan hadislarini o‘rganishga bag‘ishlangan tahrij asardir. Tahrij ilmi hadis sanadi va matni bilan bog‘liq, Qur’on va sunnatga xizmat qiluvchi muhim ilmlardan biri bo‘lib, u orqali hadisning hadis manbalaridagi o‘rni, roviylari, rivoyat yo‘llari va boshqa taalluqli masalalar o‘rganiladi. Tahrij ilmining eng muhim jihati talaba yoki tadqiqotchi u orqali hadisning asl manbasiga eng yaqin va oson yo‘l bilan etadi, shuningdek, hadisning sahih yoki zaiflik kayfiyatidan ham tezda xabardor bo‘ladi.
Zaylaiyning ushbu asari “al-Hidoya” hadislariga yozilgan tahrij asarlar orasida eng yaxshisi, eng foydalisi va keng qamrovlisidir. Muallif asarda hadislarning rivoyat yo‘llari va ularning hadis to‘plamlaridagi o‘rinlarini bayon qilgan. Shuningdek, olim jarh va ta’dil imomlarining roviylar haqlaridagi so‘zlarini go‘zal bir shaklda keltirgan.
“Nasbur Roya” asari hanafiy mazhabining ilm xazinalaridan biridir. Shuningdek, asar boshqa mazhablar uchun ham qadrli manba hisoblanib, ular ham keng miqyosda foydalanishadi[6]. Chunki Zaylaiyning ijodiga xos xususiyat shundaki, uning asarida nafaqat hanafiy, balki boshqa mazhablarning mavzuga oid dalillari ham qamrab olingan. Shu jihatdan, “Nasbur Roya” asari barcha islom ulamolari tarafidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Toshkent islom instituti talabasi
Sharipov Alisher
[1]Bannuriy. Nasbur-royaga Muqaddimasi. 1393/1973. – B. 8.
[2] Yusuf Eflan Serkis.Majmua Matbuoti al-Arobiyya. – Misr. 1968. J. 1. – B. 988.; Abdul-Qodir at-Teminu. At-Tabaqot as-Saniyya fi Tarojimu Hanafiyya. – Bayrut. 1410/1989. J. 6. – B. 253.; Abdulhay Laknaviy. Favoidul Bahiyya. – Bayrut: Dorul Ma’rifa. – B. 228-229.
[3]JaloliddinSuyutiy. ZayluTabaqotil-Huffoz. – B. 362.; Ibn Fahd al-Makkiy. Lahzul-Alhoz. – Bayrut: Dorul Ma’rifa. – B. 128.; Muhammad Ali ash-Shavqoniy. Badrut Taliy bi Mahosinu man Bade’ul Qornis Sabi’. – Bayrut: Dor ul-Ma’rifa. J. 1. – B. 307.
[4]Jaloliddin Suyutiy. Zaylu Tabaqotil-Huffoz. – B. 362.; Ibn Fahd al-Makki. Lahzul-Alhoz. J. 5. (yili ko‘rsatilmagan). – B. 128.; Muhammad Abdulhay Laknaviy. Al-Favoidul Bahiyya. – Bayrut: Dor al-kutub al-ismalamiyya. – B. 228-229.; Muhammad Ja’far al-Qattoni. Risolatul Mustatrafa. – Bayrut: Doru-l-fikr, 1986. – B. 185.
[5] Abdulloh ibn Yusuf Zaylaiy. Nasb ar-roya li ahadisi al-Hidoya. – Bayrut: Muassasatu ar-rayyan, 1997. – B. 27
[6] Abdulloh ibn Yusuf Zaylaiy. Nasb ar-roya li ahadisi al-Hidoya. – Bayrut: Muassasatu ar-rayyan. J. 1. – B. 392; J. 3. – B. 325, 349.