Ibn Hajar Asqaloniy Hijriy 773 yil –yil (Milodiy 1372-yil) Shaʼbon oyida Misrda tavallud topgan. Hadis ilmining olimi, fiqh, tafsir ulamosi hisoblanadi. U taniqli muhaddis olim, shofe’iy mazhabi faqihi, aqidada ash’ariy boʻlgan ulamo, oʻz davridayoq shuhrat qozongan allomalardan biridir. Misrda bir necha marta qozilikka ta’yinlangan, soʻngra ijodiy ishlar sababli iste’foga chiqqanlar. Yuzdan ortiq asarlar muallifi. Uning “Sahihi Buxoriy”ga bitgan “Fath al-Boriy” asari juda mashhur.
Ushbu muqaddima va asosiy qismga boʻlingan 13 ta jilddan iborat boʻlgan kitobni sunnat amallar qomusi desa ham boʻladi. Ibn Hojar hijriy 813-yili bu kitobning muqaddimasini yozgan. Oradan 4-yil vaqt oʻtgachgina kitob ustida ish boshlagan va hijriy 842-yil rajab oyida batamom yozib tugatgan. Shu munosabat bilan katta ziyofat uyushtirgan, ushbu bazmga koʻpgina taniqli Islom olami olimlari, taniqli kishilari tashrif buyurganlar. Keyinroq bir musulmon rahbar ushbu kitobni 300 dinorga sotib olmoqchi boʻldi. Aytib oʻtish joizki, oʻsha uyushtirilgan birgina ziyofatga ibn Hajar 500 dinor sarf qilganlar.
Ibn Hajar Asqaloniy ta’lim olishni besh yoshga toʻlgach boshladi. Toʻqqiz yoshida ustozi shayx Sadriddin Muhammad Saqtiy huzurida Qur’oni karimni toʻliq yod oldi. Hijriy 785-yil oʻn ikki yoshida Masjidul Haramda taroveh namozida imom boʻlib Qur’oni karimni xatm qildi. U Makkayi mukarramada boʻlib turgan vaqtda Shayx Afifuddin Nashavuriydan “Sahih al-Buxoriy” ning aksar qismini eshitish baxtiga muyassar boʻldi.
Shunday qilib, Ibn Hajar undan ilk bor hadis eshitgan ustozi – shayx Afifuddin boʻldi. Hijriy 786-yilda Misrga qaytib ilm olishga shoʻngʻib ketdi. Natijada qisqa fursatda Ibn Surur Maqdisiyning “Umdat al-ahkom”, Qazviniyning “Al-hoviy as-sogʻir”, Abu Amr Ibn Hojibning “Muxtasari ibn al-Hojib”, Haririyning “Milhat al-e’rob”, Bayzoviyning “Minhaj al-vusul”, Iroqiyning “Alfiyyat al-hadis”, Ibn Molikning “Alfiyyatu ibn Molik” nomli asarlarni yod oldi. Uning xotirasi kuchli boʻlib har kuni Qur’oni karimdan yarim pora miqdorda yod olar, darslarni faqat yodlash bilan cheklanmasdan har bir ma’lumotni tushunishga urinardi. Hofiz ibn Hajar oʻzining serqirra ijodi bilan islom olami kutubxonasini oʻz sohasida qimmatli deya topilgan kitoblar, manbalar ila boyitdi.
Ibn Hajar kamtarlik qilib: “Men “Fath al-boriy”, uning “Muqaddimasi”, “Tahzib” va “Lison al-miyzon”dan boshqa kitoblarimdan koʻnglim toʻlmagan. Chunki ularni faoliyatimning avvalida yozganman. Keyinchalik esa ularni qayta tahrir qilishda yordam beradigan kishi topilmadi”, der edi. Saxoviy ustozining ushbu soʻzlarini keltirib: “Bu uning oʻta tavozeli ekanini hamda kun sayin ilm-u ma’rifati oshib borganini anglatadi”, deydi. Bu haqda ustoz, muhaddis Hibiburrahmon A’zamiy: “Allomaning ushbu soʻzi uning oʻta kamtarligini koʻrsatib beradi. Vaholanki, u ta’lif etgan kitoblar oʻz sohasida asosiy manbalardandir”, deydi.
Toshkent islom instituti talabasi
Komilov Abdullo