islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ma’rifat chirog’i – Hazrat domla Xonaqohiy

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Marg‘ilonda yashab, ilm-fanning turli sohalari bo‘yicha samarali ijod qilgan bir qator allomalar va tasavvuf shayxlari nomini keltirish mumkin. Chunki bu davrda Marg‘ilonda ko‘plab shariat olimlari va yetuk mutasavviflar istiqomat qilib, ilm-fanning turli sohalariga doir, jumladan, fiqh, siyra, tarix, adabiyotga oid turli mazmun va shaklda ko‘plab nodir asarlar yaratganlar. Shunday zotlardan biri bu buyuk alloma, tasavvuf shayxi Muhammad Yusuf Xonaqohiy Hazrat Hazin Marg‘inoniydir.

Muhammad Yusuf Xonaqohiy Hazrat Marg‘inoniy o‘z davrining yirik shariat olimi, yetuk tasavvuf shayxi, ko‘plab muridlar tarbiyalagan murshid, din-millat manfaati yo‘lida jasorat ko‘rsatgan fidoyi zot sifatida faoliyat olib borgan. Tarixiy manbalar bizga u zotni shayx, murshid, alloma, faqih, mufassir, mudarris, shorih, adib va shoir sifatida tanitadi.

Alloma XIX asr ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida Chor Rossiyasi boshqaruvi ostida mamlakatda yuzaga kelgan murakkab siyosiy jarayonlarda o‘ziga xos salmoqli mavqeni egallagan. Zero, u zot faoliyatlari o‘sha davrda Marg‘ilonda vujudga kelgan ijtimoiy-diniy vaziyatning barqarorlashuvida katta ahamiyat kasb etgan. Mavjud jamiyatda ma’naviyatni rivojlantirishda, xususan, tasavvuf ta’limotining umuminsoniy g‘oyalarini mahalliy xalq orasida yanada chuqurroq kirib kelishida Xonaqohiy Hazrat Domla va izdoshlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Mahalliy xalq orasidan chiqqan yuzlab kishilarni ilm-ma’rifatli bo‘lishiga harakat qilib, ularni keyinchalik o‘z davrida shariat olimi va tariqat piri sifatida ma’naviyat va irfon xodimlari bo‘lishiga beqiyos hissa qo‘shganlar.

Hazin Marg‘inoniy hayoti va faoliyatlarini ilmiy-nazariy jihatdan atroflicha o‘rganish Qo‘qon xonligi tarkibidan mustahkam o‘rin egallagan Marg‘ilon shahrining o‘sha davrga xos bo‘lgan madaniy tarixini yoritishda jiddiy ahamiyat kasb etadi. Hazin Marg‘inoniyning asarlarini o‘rganish esa naqshbandiya tariqatiga oid hanuzgacha noma’lum bo‘lgan qator axloqiy, ma’naviy va nazariy masalalarni yoritishga yordam beradi.

Zero, bu sulukning mazkur hududda yetakchi tariqatga aylanishi bevosita Xonaqohiy Hazrat Marg‘inoniy nomi bilan bog‘liq. Zotan, u zot o‘z faoliyatida mazkur mintaqada o‘ziga xos uslub – shariat ta’limini tariqat vazifalari bilan uyg‘unlashgan holda olib borgan va bu soha rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk tarixiy shaxsdir. U zotning beqiyos xizmatlari tufayli Marg‘ilon va unga qo‘shni shahar va qishloqlar ijtimoiy-ma’naviy, diniy-madaniy hayotida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan alohida sulola – xonaqohiylar – Xonaqoh madrasasida ta’lim olgan allomalar va tariqat soliklari faoliyati yuz yildan ortiq davr mobaynida izchil davom etishi ta’minlandi. Ayniqsa, u zotni diyorimizda amal qilib kelingan sunniylikdagi hanafiylik mazhabi sofligini saqlash yo‘lidagi xizmatlari diqqatga sazovor.

Alloma 1840 yilda Marg‘ilonda tavallud topganlar. Boshlang‘ich ta’limni Marg‘ilonning Go‘ri Avval mahallasidagi maktabda olganlar. Keyin esa Buxoroga borib u yerdagi Mir Arab madrasasida uzoq vaqt ta’lim oladilar.

Xonaqohiy Hazrat madrasadan qaytganlaridan so‘ng shahardagi Xonaqoh madrasasiga kelib faoliyat boshlaydilar. Tez orada dovrug‘lari atoflarga ham yetib boradi. Ma’lumotlarda bu yerga butun Movarounnahr shahar va qishloqlaridan Ozarbayjon, Sharqiy Turkistonning Qoshg‘ar viloyati, Tatariston o‘lkasining Qozon, Ufa shaharlaridan ham murid va talabalar kelib ta’lim olgani aytilgan.

Izlanish va tadqiqotlar shuni ma’lum qiladiki, Xonaqohiy Hazrat faoliyat olib borgan davr Xonaqoh madrasasi tarixida oltin davr bo‘lgan. Chunki bu yer aytilganidek, nafaqat tasavvuf, balki shariat ilmlari ham o‘rgatiladigan maskanga aylangan edi.

Bu davrga kelib Xonaqohda katta ilmiy-ijodiy jarayon vujudga keladi. Ayni choqda Marg‘ilonning yetuk shariat olimlari, tariqat arboblari – shayx va so‘fiylar, tarixchilar, shoir va adiblardan iborat katta jamoa Hazrat tegrasida jam bo‘lib, birgalikda faoliyat olib borishgan.

Xonaqohiy Hazrat Domla ularning barchasiga «marje’u ahli zamon» («zamon ahlining peshvosi») bo‘lib turganlar.

Toshkent islom instituti talabasi

Boqijonov Muhammadamin

410010cookie-checkMa’rifat chirog’i – Hazrat domla Xonaqohiy

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: