Alloma Imom Moturidiyning to`liq ismi Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur al-Moturudiy as-Samarqandiy bo`lib, Samarqandning Moturid (bazi manbalarda Moturit) deb ataladigan mahallasida tug`ilgan.
Moturid — Samarqand yaqinidagi qishloqlardan birining nomi. U hozirda buzilgan shaklda Matrit deya ataladi. Aslida esa, manbalarda aytilishicha, qishloqning nomi arabcha «Mo turid?» so`zidan olingan. Ma’nosi «Nima demoqchisan?»dir. Aytishlaricha, Shayx Abu Mansur kalom ilmiga ruju qilgan paytlarida shogirdlari ko`payib ketgan va ular o`zaro bahs qilganlarida bir-birlariga arab tilida ko`pincha «Mo turid?» deb murojaat qilganlar. Shu so`z ko`pchilik qulog`iga tez-tez chalinavergach, Shayx shogirdlarini moturidiylar, qishloq nomini esa Moturid deb atay boshlaganlar (Zarnujiy. «Ta’lim al-muta’allim» sharhi).
Nasablari Payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilib kelganlarida o`z uyidan joy bergan mashhur sahobiy – Abu Ayyub Xolid ibn Zayd ibn Kulayb al-Ansoriy hazratlariga borib etadi, deb naql qiladilar. Bu nisbatni ba’zi muarrixlar rad etganlar.
Tug`ilgan yillari haqida tarixiy manbalarda qat’iy ma’lumot yo‘q, lekin taxminiy sanalar berilgan. Masalan, uning abbosiy xalifalardan Mutavakkil (232-247h.) davrida yashaganlari aniq. Yana, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy (vafoti 248 yil hijriy) va Nasir ibn Yahyo al-Balxiy (vafoti. 268 h.) kabi ustozlaridan saboq olganliklarini nazarda tutilsa, Shayxning tug`ilgan yilini 238 hijriy deb taxmin qilish mumkin.
Lekin boshqa manbada, aniqrog`i “Islom” qomusida tug`ilgan yillari 870 milodiy yil deb ko`rsatilgan. Shunga asosan 2000 yilda tavalludlarining 1130 yilligi nishonlandi. Bu hisobga ko`ra, Shayx tavalludlari 257 h. yilga to`g`ri keladi.
Vafot etgan sanalari to`g`risidagi ma’lumotlarning eng ishonchlisi 333 h.y. hisoblanadi. Bu milodiy sana bo`yicha 944 yilga to`g`ri keladi.
Moturidiya ulamolarining eng mashhurlaridan Abu Muin an-Nasafiy (438-508 H./1046—1114 m.) o`zlarining «Tabsiratul-adilla» kitobida shunday yozadilar: «Abu Mansur Moturidiy vafot etganlarida yaqin shogirdlaridan biri Abul-Qosim al-Hakim uning qabr toshiga quyidagi bitikni yozdirgan ekan:
Yani: «Bu qabr nafaslari miqdoridagi ilmlarni o`zida jam etgan, bor kuchini u ilmlarni tarqatish va o`rgatish bilan tugatgan, bas, shuning uchun diniy asarlari maqtovga sazovor bo`lgan va o`z umridan serhosil mevalarni olishga erishgan zotning qabridir».
Shayx Abu Mansur Moturidiyning qabri Samarqand shahrining “Chokardiza” qabristonida ekanligi ishonchli manbalar va ilmiy tadqiqotlar asosida o`z tasdig`ini topdi. Shunga binoan 2000 yilning may oyida O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan bu xususda maxsus fatvo chiqarildi
Manbalar asosida
Toshkent islom instituti talabasi
Abdusattoriy Abdulloh tayyorladi