islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Poykent shahri

«Poykent mashhur shahar, unda xilma-xil odamlar (xalqlar) bor. Poykend aholisining hammasi savdogar bo‘lgan, ular Xitoy va dengiz orqali boriladigan mamlakatlar bilan savdo qilganlar va g‘oyat boy bo‘lganlar»

Narshaxiy «Buxoro tarixi» kitobidan

 

Qadimiy kent sanalgan Poykent Buxorodan 50 km janubi-g‘arbda, Jondor va Qorako‘l tumanlari tutashgan hududda, Zarafshon daryosining quyi oqimida Movarounnahr muzofotining janubiy qismida joylashgan.

Buxoro azal-azaldan ko‘hna tamaddun beshigi, ilk sivilizatsiya o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Sayohatchilarning esdaliklarida «mo‘jizalar va ertaklar shahri» deya tilga olinadi. Bunday e’tiroflar unga boy tarixi, har qanday odamni ham hayratga sola oladigan betakror obidalari va osor-u atiqalari, qadimiy shahar qo‘rg‘onlari uchun berilgan bo‘lsa, ajab emas. Buxoroning mana shunday qadim o‘tmishidan darak beruvchi ma’volardan biri Poykent shahridir.

Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu shaharni qadimgi Xitoy tarixchilari «Pati-yan», arab tarixchilari At-Tabariy, Ibn al-Xordadbeh va Ibn Faqihlar «Madina at-tujjor» – savdogarlar shahri, Muhammad Narshaxiy «Shahristoni roin» – Bronza shahristoni yoxud «mis shahar» deya ta’riflaganlar. O‘rta asr yozma manbalarida esa shahar Boykand, xitoy solnomalarida Bi nomlari bilan yuritilgan. Uning nomlari “Quyi shahar” ma’nosini anglatadi. Poykent mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘rab olinganligi sababli «jezdan qurilgan shahriston» (jez shahar) nomi bilan ham shuhrat topgan.

Ushbu betakror shahar ming yillar davomida cho‘l qumliklari ostida qolib ketgan, bu esa uning qoldiqlarini hozirgi kungacha saqlab qolishga yordam berdi. Aynan shu uchun arxeologlar bu hududni Osiyoning Pompeyi deb nomlashgan.

Tarixchilarning fikriga ko‘ra, So‘g‘d shahrining qadimiy qal’asida  odamlar birinchi ming yillikning boshlaridan yashay  boshlagan. O‘rta asrlarda bu yerda hukmdor saroyi, qadimiy ibodatxonalar va xo‘jalik qurilishlari joylashgan edi. Qal’aga tutash bo‘lgan va o‘z vaqtida eftalitlar yashagan ikkita ichki shahar (Shahristonlar) minorali mustahkam devorlar bilan o‘ralganligi unga antik shahar maqomini bergan. Shaharning shimoliy qismida qabriston va zardushtiylik diniga oid ibodatxonalari bo‘lgan.

Somoniylar hukmronligi davrida shahar o‘z rivojining eng cho‘qqisiga chiqib, yirik savdo va hunarmandchilik markaziga aylandi. Qadimgi shahar atrofida ko‘plab karvonsaroylar paydo bo‘lib, ular Buxoroga sayohat qilgan ko‘plab savdogarlar uchun to‘xtash joyi vazifasini o‘tagan. Arxeologlar bu yerda XI asrga oid qadimiy jome masjidining qoldiqlarini topganlar.

Olimlar bu yerda qadimgi So‘g‘diyona madaniyatiga tegishli  noyob materiallarni topdilar: uch rangli rasm solingan sirlangan keramika,  kimyoviy tajribalar uchun ko‘k shisha buyumlar, atirlar va dori-darmonlarni saqlaydigan idishlar.

Bu mashhur antik shaharning atrofida ko‘plab qo‘rg‘onlar barpo etilgan. Poykent atrofida ko‘plab rabotlar qurilishidan ham uning hududi yanada kengayib borgan. Umumiy maydoni 20 gektarni tashkil etadi. Poykent atrofida 3000 ta rabot bo‘lganligi yozma manbalar asosida isbotlangan. Baland tepalik ustida barpo etilgan Poykend shahrini «savdogarlar shahri» deb ham yuritganlar. Bunday deyilishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan. Birinchidan, Narshaxiyning yozishicha, shahar aholisining aksariyati savdogar bo‘lib, ular Xitoy va dengiz bo‘yi mamlakatlari bilan savdo qilganlar va juda davlatmand bo‘lgan. Ikkinchidan esa, bu shahardan Buxoroga tomon yo‘nalgan karvon yo‘li (kengligi 20 m) ning ikki yoqasi bo‘ylab joylashgan 20 dan ortiq karvonsaroy vayronalarining qayd etilganligidir. Uchinchidan Tabariyning yozishicha, arablar ya’ni Qutaybaning Poykentga bosqini arafasida shaharning boyligidan arablar hayratga tushganlar, hatto, eritilgan oltin-kumush anjomlar va butlarning tosh qolipidan 150 ming misqol miqdorda yombi ajratib olingan. Bu ma’lumotlar shuni tasdiqlaydiki, shaharning yana bir nomi bo‘lib, u «Bayrkent» – yaltiroq matolar Vatani», deb atalganligidan dalolat beradi.

XI asrda Zarafshon daryosining sayozlanishi tufayli, Poykentga suv kelishi to‘xtagan, bu esa shaharning inqirozga uchrashiga sabab bo‘lgan. Asrlar o‘tgach bu yerlar sahroga aylandi, qum ostidagi xarobalar olimlarga qadimgi tarixning ulkan xazinasini bitta to‘plamga jamlashga yordam berdi.

Poykentdan ko‘plab buyuk olim va allomalar yetishib chiqqan. Bulardan ayrimlarining nomlarini manbalarda uchratishimiz mumkin: Abu Zakriyo ibn Ja’far A’yan al-Azdiy Bahriy (hadisshunos), Muhammad ibn Salom (fiqhshunos), Ahmad ibn Yunus an-Nazr ibn Shamil (xatib), Ali as-Sulaymon (ulug‘ muhaddis), Abu Fazl Ahmad ibn Ali (hofiz), Muhammad ibn Ahmad ibn Homidibn Ubayd (mu’tazimiy olim), Abu Amr Usmon ibn Ali al-Poykandiy(imomi solih) va boshqalar shular jumlasidandir.

Uch ming yillik tarixga ega o‘zbek davlatchiligi hamda shaharsozligining ilk poydevori hisoblangan Poykent shahri markazidan VIII-IX  asrga oid dorixonaning topilgani olamshumul yangilik bo‘lgan. Poykent dorixonasidan tibbiyotda «alembiklar» deb yuritiladigan 12 dona qon so‘ruvchi idishlar topilgan. Aptekar (dorishunos)ga tushgan buyurtmalar, murojaatnomalar va ularning ro‘yxati tarixiy hujjatlar orqali aniqlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, yurtimizda buyuk vatandoshimiz, Avitsenna nomi bilan mashhur bo‘lgan bobomiz Abu Ali ibn Sinodan ham oldin tabiblikning ilk kurtaklari barq ura boshlagan.

Bu yerdan topilayotgan tarixiy ashyolar esa yurtimizning dunyo tamaddunida yetakchi o‘rin tutganligini yana bir karra namoyon etishiga shak – shubha yo‘q.

Poykent tepaligi oldida 2001 yil 1 mayda «Qadimgi Poykent tarixi» muzeyi tashkil etilgan. Muzeyda qadimgi Poykent tarixi, madaniyati, san’ati, siyosiy-iqtisodiy rivojlanishi, savdo-sotiq aloqalariga daxldor 5000 dan ziyod nodir eksponatlar saqlanib kelinadi. Muzey hozirda Parijning Luvr hamda Sank-Peterburg Ermitaj muzeylari bilan yaqindan aloqa olib bormoqda.

Ilk sivilizatsiya o‘choqlaridan biri bo‘lgan Poykend shahrining qadimda shunchalik darajada yuksak taraqqiy topganligi ajdodlarimizning nechog‘lik yuksak aql-zakovat va mukammal ilm-fan egalari bo‘lganligidan dalolat beradi.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Abdurrohman Mansur

 

Uzbekistan.travel

Xabar.uz

417450cookie-checkPoykent shahri

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: