Til inson uchun berilgan ulkan ne’mat. U koʻplab yaxshiliklarga vosita va koʻplab yomonliklarni toʻsuvchidir. Undan toʻgʻri va oqilona foydalanish ham buyuk bir fazilatdir. Agarda buning aksi boʻlsa boshga balo boʻlishi va kishini koʻpgina xayr-barakalardan mahrum boʻlishiga sababchi boʻlishi mumkin.
Tildan keladigan ofatlar bisyordir. Inson tabiatida bularga intilish mavjud. Chunki til ofati ham qorin, farj shahvatlari kabi shahvatdan kelib chiqadi. Bu shahvatdan qutulishning asosiy yo’li tilga xushyor bo’lish va uni noo’rin va nojoiz so’zlardan saqlashdir. Bu esa ulkan fazilat. Jim turish diqqatni jamlaydi va kishini xato qilishdan saqlaydi.
Ulamolarimiz til ofatlari qatorida botil soʻz, gapda chuqur ketish, faxsh soʻz, so’kinish, achitib gapirish, mazah qilish, masxara va istehzo qilish, yolgʻon, gʻiybat, chaqimchilik, ikkiyuzlamachining gapi, maddohlik, diqqatsiz gaprish (vaysash) kabilarni zikr qilganlar. Bularning barchasi behuda gapga koʻp berilishdan kelib chiqadi. Vaqtining qadriga yetgan odam uni foydasiz narsaga sarflamaydi. Chunki Alloh taoloning zikrni qoʻyib, keraksiz gap-soʻz bilan mashgʻul boʻlgan odam gavharni qoʻyib, tezakni olgan odam bilan barobardir.
Bu borada Nabiy alayhissalomdan bir qancha hadislar kelgan.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosulloh sollallohu alayhi vasallam: “Oʻziga keraksiz narsani tark qilish, kishi Islomining goʻzalligidandir” (Termiziy rivoyati) Bu hadis islom madori boʻlgan toʻrt hadisning biridir.
Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan boʻlsa, yaxshi soʻz soʻzlasin yoki jim tursin”,dedilar”
Abu Saiddan rivoyat qilinadi: “Odam bolasi tong ottirsa, uning a’zolarining barchasi tilga kirib: “Bizning haqqqimizda Allohdan qo’rq! Biz senga bogʻliqmiz, To’g’ri boʻlsang, toʻgʻri boʻlamiz. Egri boʻlsang, egrimiz, deydilar”
Abu Xurayra r.a aytadilar: “Gapning ortiqchasida yaxshilik yoʻq”
Umar ibn Xattob r.a esa ”kimning gapi koʻpaysa, xatosi koʻpayadi” deganlar
Usul ulamolari “yozish gapirish kabidir” deb aytganlar, bundan esa, kishi aytgan gapiga qanchalar e’tibor bersa, yozgan soʻzlariga ham shu qadar e’tibor berishi kerakligi anglanadi. Kishi bekorchi soʻz va amallardan tiyilar ekan, hayotida unum, vaqtida barakani his qila boshlaydi
Kishinig soʻzi yo uning foydasiga yoki zarariga guvoh. Aytilgan soʻzni qaytarib boʻlmas deganlaridik, inson bir soʻzni aytishi bilan yelkadagi yozuvchi farishtalar uni yozib oladilar. Darhaqiqat, har kim nima yozdirayotganiga nazar solsin!
Toshkent Islom Instituti talabasi
Yaxshiboyev Muhammad Said