islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Musulmon kishi qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar niyatini to‘g‘ri qilmoqligi va shariatga muvofiq yashamoqligi zarur. Xoh u real hayotda bo‘lsin, xoh virtual hayotda! Jumladan hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish inson hayotidan katta joy egalladi desak xato bo‘lmaydi. Shu sababli ijtimoiy tarmoqdan foydalanadigan har bir musulmon kishi bir qancha narsalarni bilishi va unga amal qulishi zarur.

Ijtimoiy tarmoqqa kirishdan oldin umrning qadrini yodga olishi zarur. Zero har bir behuda o‘tkazilgan vaqt zulmdir. Hattoki agar musulmon kishi bir ish bilan mashg‘ul bo‘lib ibodatlarini o‘tkizib yuboradigan darajada bo‘lsa, bu amal u inson uchun harom hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoq orqali o‘zga jins vakillari bilan munosabat qilishda nomahramlik masalasiga juda ehtiyot bo‘lish kerak. Mana shu masalaga beparvo bo‘lish ko‘p muammolarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bir-biriga nomahram bo‘lgan shaxslarning o‘zaro nojo‘ya suhbatlari oilalar o‘rtasidagi ko‘plab ajrimlarga ham sabab bo‘lmoqda. Hali oila qurmagan yoshlar orasida ham ijtimoiy tarmoqlarda turli noshar’iy munosabatlar, hayosizlik, zinoning virtual ko‘rinishlari kuzatilmoqdaki, bu narsalar shariatimizda qat’iyan man qilingan. To‘g‘ri, shariat qoidalariga amal qilib, beg‘araz maqsadlar bilan, zarurat miqdoricha biror ma’lumot olish, so‘rab o‘rganish mumkin. Lekin o‘zaro “elektron muhabbat” aloqalarini o‘rnatish harom hisoblanadi.

Eng achinarlisi – ko‘pincha tarqatilgan yolg‘on ma’lumotlar oqibatida insonning obro‘ va sha’ni toptalmoqda, tana toshlari otilmoqda, shariatimizda qaytarilgan katta gunohlarga yo‘l ochilmoqda. Shariatimizga ko‘ra, har bir musulmonning sha’ni va obro‘sini to‘kish – xuddi qonini to‘kish yoki molini o‘zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir.

Turli oqimlar o‘zlarining manfur qarashlarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng ko‘lamda foydalanmoqdalar. Bu esa dindan, diniy ma’rifatdan yaxshi xabardor bo‘lmagan kishilarni, ayniqsa yoshlarimizni, sof aqidadan og‘ib ketishiga, fiqhiy mazhablar borasida noto‘g‘ri fikr va tushunchalar shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Avvalo shuni aytish kerakki, islom ulamolari yosh avlodga ilmlarni tartib bilan o‘rgatishga alohida e’tibor berganlar. Ilmni o‘rganish – dinni o‘rganishdir! Qolaversa, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta’lim olgani ham noma’lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir!  Shariatimizga ko‘ra esa, uni kim yetkazayotgani muhimdir.

Ijtimoiy tarmoqdan shariatga muvofiq foydalanish – oxirat uchun foydali juda yaxshi vosita bo‘ladi. Undan noto‘g‘ri foydalanish esa – hisob-kitob kunida juda katta zarar bo‘lib qoladi!

 

Toshkent islom instituti talabasi

Imron Xolmirzayev

417910cookie-checkIjtimoiy tarmoq odoblari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: