Alloh taolo dunyoni yaratibdiki, uni sabablar ustiga bino qilgan va o‘zi yaratgan mezon va qonunlarga ko‘ra joriy qilgandir. Sof va pokiza fitratli inson o‘z aqli va tafakkuri bilan bu mezon va qonunlarni tushunishi, anglashi va hattoki shu qonunlar joriy bo‘lishida o‘zining sof aqli va tafakkuri orqali ishtirok etishi ham mumkin. Inson haqni izlashdan to‘xtamasa, Alloh unga haqni topishida yordamchi va madadkor bo‘ladi. “Yo‘l yurganga ko‘rinadi” deganlaridek, haqni izlashdan to‘xtamagan kishi uni topishi va anglashi ham tayindir. Bu ko‘rinishda haqiqatga erishgan kishilar sahobalar misolida bisyordir. Namuna sifatida Salmoni Forsiy, Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhum va boshqa ko‘plab sahobalarni keltirishimiz mumkin. Bularning ichida eng ko‘zga ko‘ringani, islomda ham, islomdan avval ham haqiqatni, adolatni izlashdan to‘xtamagan, hattoki haqiqat va botil orasini ajratuvchi ya’ni, Faruq deb nom berilgan Umar ibn Xattob roziyallohu anhudir. U kishiga bu nom bejiz berilmagan ekanini quyidagi satrlar orqali bilib olamiz.
Ulamolarimiz Umar roziyallohu anhuning hayotlarini ko‘p va xo‘b o‘rganganlar va barcha tafsilotlarini bayon qilganlar. Hozir esa biz Umar roziyallohu anhuning zehnlaridagi tafakkur mahsullari haqida so‘z yuritamiz. U zot doimo tafakkur qilishdan to‘xtamas, zehnlari hech bir vaqt tinch turmas edi. Doimo Alloh taolo joriy qilgan qonun-qoidalar haqida fikr yuritar, uni yanada takomillashtirish va jamiyatga foyda bo‘ladigan yangi qoida va nizomlarni nozil qilinishini Haq taolodan iltijo qilib so‘rar edilar. Natijada u zot sababli Qur’oni Karimda bir nechta oyatlar va Hadisun Nabaviy ilmida bir nechta hadislar vorid bo‘ldi. Ulardan quyidagilarni keltirishimiz mumkin:
1.Umar roziyallohu anhu ko‘pincha Qur’on oyatlariga muvofiq kelardilar. Sababi Nabiy alayhissalomdan oyatlar hukmi va ma’nosi haqida so‘rar, o‘zlarining ham fikrlarini ochiqko‘ngillik va o‘tkir fahmlari ila bildirar edilar, natijada, oyatlar u zotning fikrlariga muvofiq nozil bo‘lar edi. U zotning o‘zlari :“Uch narsada Robbimga muvofiq bo‘ldim” deganlar.
2. Munofiqlarga janoza namozini o‘qishni tark qilish borasida fikr bildirganlar. Munofiqlar boshlig‘i Ubay ibn Salul vafot etganda, Nabiy alayhissalom janoza namoziga chaqirdilar. Umar roziyallohu anhu bunga e’tiroz bildirdilar va “Dushmanlarning enga kattasi va falon kuni falon, falon degan kishiga namoz o‘qiymizmi?” dedilar. Rosululloh tabassum qildilar. Unga namoz o‘qidilar. Alloh taolo Tavba surasining 84-oyatini quyidagicha nozil qildi:
“Va hech qachon ulardan o‘lgan birortasiga ham (janoza) namoz o‘qima, qabri ustida turma. Chunki, ular Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiq hollarida o‘ldilar.”
Nabiy alayhissalom bundan keyin munofiqlarga namoz o‘qimadilar.
3. Badrda asir tushgan kofirlarning evaziga fidya olishning o‘rniga ularni qatl qilish fikrini bildirganlar. Bu fikrning to‘g‘ri ekanini Alloh taolo Anfol surasining 67-oyatida “Nabiy uchun yer yuzida zabardast bo‘lmagunicha asirlari bo‘lishi yaxshi emas edi”, deya bayon qildi. Shunda Nabiy alayhissalom Umar roziyallohu anhuga Faruq deb nom berdilar.
4. Birovning uyiga izn so‘rab kirish borasida u zot: “Ey Allohim, bizga uyqu vaqtimizda kirishlarini harom qil”-dedilar. Alloh taolo Nur surasining 58-oyati bilan izn so‘rash hukmini joriy qildi: “Ey, iymon keltirganlar! Qo‘lingizda mulk bo‘lganlar va o‘zingizdan balog‘atga yetmaganlar sizdan uch vaqtda izn so‘rasinlar: bomdod namozidan oldin, peshinda kiyimlaringizni yechadigan paytingizda va xufton namozidan so‘ng”.
5. Xamrning harom qilishini so‘rab Alloh taologa duo qilganlar. Alloh taolo unga ijobat qilib Moida surasining 91- oyatida “Endi to‘xtarsizlar”-deb bayon qildi. Shunda Umar roziyallohu anhu “to‘xtadik, to‘xtadik”-dedilar.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Bu esa Umar roziyallohu anhu o‘tkir aql va keng tafakkur egasi ekanliklariga dalolat qiladi. Bejiz, u zotga haq bilan botil orasini ajratuvchi, deb nom berilmagan ekan. Demak, har bir kishi “menga nima?”, “ bu haqda men bosh qotirib nima qilaman”, deb loqaydlikka berilmasdan, jamiyat hayotini yaxshilash, ijtimoiy odob-axloqni takomillashtirish borasida aql yurgizib, sa’y-harakat qilar ekan, albatta natijaga erishadi.
Toshkent Islom Instituti talabasi
Yaxshiboyev Muhammad Said