Bolaning ota-onadagi haqlaridan, ota-onaning farzand oldidagi vazifalaridan biri farzandiga ma’nodor, chiroyli ism qo‘yishdir. Bola tug‘ilgan kunidayoq, yoki uchinchi yoxud yettinchi kunda ism qo‘yish mumkin. Ism qo‘yish uchun ma’lum kun tayin qilinmagan.
Bolaga ism qo‘yish otaning haqqidir. Ona bu borada eriga qarshi chiqishi mumkin emas. Lekin ota-ona maslahat bilan ism tanlashi afzaldir. Agar kelisha olishmasa ism tanlash otaning haqqi hisoblanadi.
Islomda har bir narsaning go‘zal bo‘lishiga alohida ahamiyat beriladi. Bunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari asos bo‘ladi:
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ’’Rosululloh solallohu alayhi vasallam dedilar: “Albatta Alloh go‘zaldir. Go‘zallikni sevadir”.
Mustahab sanalgan ismlar quyidagilar hisoblanadi:
-
Abdulloh va Abdurahmon ismlari. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh uchun ismlarning eng go‘zali Abdulloh va Abdurahmondir”.
-
Alloh taologa bandalik ma’nosini anglatuvchi ismlar. Masalan, Abdulaziz, Abdulkarim
-
Nabiy va Rasullarning ismlari
-
Sahoba va o‘tgan solihlarning ismlari
Shuningdek qizlarga ham o‘tgan ahli iymon momolarimizning, sahobiyga ayollarning ismlarini va ezgulik ma’nolari bor ismlarni qo‘ymoq yaxshi sanalgan ishlardandir.
Mug‘ira ibn Shu’ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Albatta ular (oldingilar) o‘zlaridan oldingi payg‘ambar va solihlarning ismlari bilan ismlanar edilar”. Imom Muslim rivoyat qilganlar.
Harom qilingan ismlar:
-
Alloh taolodan boshqasiga bandalik ma’nosini anglatuvchi ismlar. Masalan, Abdurasul, Abulhasan va hokazo
-
Alloh taologa xos bo‘lgan ismlar bilan ismlanish. Masalan, Al-Rohman, Al-Xoliq va hokazo
-
Sanamlar ismi bilan ismlanish. Masalan, Lot, Uzzo va hokazo.
-
Shayton ismlari bilan ismlanish. Masalan, Xanzab, Hubob va hokazo.
Masxara ma’nolari bor ismlarni qo‘yish makruhdir va bu Payg‘ambar alayhissalomning tutgan yo‘llariga teskaridir. Masalan, xanjar, fozih va hokazo.
Gunoh ma’nolarini o‘z ichiga olgan, tarixdagi zolim kishilarning, farishtalarni ismlarni qo‘yish ham makruh sanalgan ismlar toifasiga kiradi.
Ismning chiroyli bo‘lishi qiyomat kuni ham kerak bo‘lar ekan. Chunki barcha xaloyiq yig‘ilgan joyda birovning ismi aytib chaqirilganda, ismi go‘zal bo‘lsa, xursand bo‘lishi, aksincha bo‘sa xijolat bo‘lishi tabiiy. Bu holat ushbu yorug‘ dunyoda ham bor. Ismi noqulayligidan xijolat bo‘lib yuradiganlar ham oz emas, ismini o‘zgartirganlar ham ko‘p. Ammo o‘sha narsa avval boshida bola tug‘ilgan paytda yo‘lga qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Uning musulmon farzandi ekanligi dunyo oxiratda ham ismi namoyon qilib turadi.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Albatta qiyomat kuni o‘z ismlaringiz va otalaringiz ismlari bilan chaqiralursiz. Bas ismlaringizni go‘zal qiling”.
Abu Dovud, Bayhaqiy, Ibn Hibbon va Tabaroniy rivoyatlari.
Binobarin musulmon inson barcha narsada go‘zalikni ko‘zlashi kerak jumladan farzandiga ism qo‘yishda ham.
Xulosa qilib aytganda ota-onalar yangi tug‘ilgan farzandlariga munosib ism qo‘yishlari uchun yuqoridagi ma’lumotlarga asoslanib ism qo‘ysalar maqsadga muvofiq ish bo‘lar edi.
Toshkent islom instituti talabasi
Buriboev Abdulvohid