Savdo va tijoratning qoida va hukmlarini o‘rganish vojib yoki mustahab amal sanaladi. Tijorat bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan odam haromga qirib qolmasligi uchun savdo qoidalarini o‘rganishi vojib bo‘ladi. Shu sababli, ilm olmay turib tijorat bilan shug‘ullangan kishi quyidagi ikki gunohga aralashib qolishi mumkin:
O‘zi uchun vojib bo‘lgan ilmni olmay, jaholat va beparvolikka yo‘l qo‘yish;
Tijoratda haromga aralashib qolish.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Bozorimizda savdo ilmini yaxshi bilmagan kishilar savdo qilmasin”, deganlar”.
Birinchi qoida: “Savdo aslida joiz amaldir, ya’ni savdo islomda “muboh” deb ataluvchi tamoyilga asoslanadi”.
Ushbu qoida Allohning “…Alloh bay’ (savdo)ni halol qildi…” (Baqara, 275) degan oyatiga asoslanadi.
Alloh taolo shuningdek “…O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa…” (Niso, 29) deb marhamat qiladi.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham savdo bilan shug‘ullanganlar va hatto yahudiy va mushriklar bilan ham savdo-sotiq qilganlar.
Shulardan kelib chiqqan holda aytadigan bo‘lsak, savdo muboh amallar sirasiga kiradi.
Ibaha (joizlik) – qilinishi yoki qilinmasligi ixtiyoriy bo‘lgan amaldir.
Shuningdek, har bir savdo bitimi uchun biror bir vaj (isbot)ning mavjud bo‘lishi shart emas. Agar kimdir falonchining savdosi halol emas desa, u holda aynan uning o‘zi o‘sha falonchining savdosi halol emasligini isbot qilishi kerak bo‘ladi (ya’ni, savdogar o‘z savdosining halolligini isbotlashga majbur emas).
Savdo-sotiq mubohligining yana bir afzalligi shundaki, biz har bir savdo bitimining joiz yoki joiz emasligini o‘rganib chiqishimiz shart emas, asosiysi biz savdoda nimalar va uning qaysi turlari joiz emasligini bilishimizdir.
Quyidagi holatlar savdodagi “umumiy joizlik” tamoyilini istisno qiladi:
- savdo bitimi asosiy shartlaridan birining umuman yoki qoniqarli tarzda bajarilmaganligi;
- savdoni amalga oshishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlarning mavjud bo‘lishi;
Ushbu ikki istisnoning muhim jihati, ularning savdo qilayotgan tomonlar o‘rtasida nizo/ziddiyatlar chiqishini oldini olishga qaratilgan hikmatga asoslanganligidir (ya’ni ushbu istisnodan birining mavjud bo‘lishi nizo va ziddiyatlarga sabab bo‘ladi).
Ikkinchi qoida: “Shartnomalarda maqsad va ma’nolar ahamiyatga ega, so‘zlar yoki so‘z birikmalari emas”.
Ushbu qoida yuzasidan olimlar o‘rtasida ba’zi ixtiloflar mavjud bo‘lishiga qaramasdan aynan shu qoida ahamiyatga molikdir.
Ushbu qoidadan qanday xulosalar chiqaramiz?
Bitim tuzish uchun so‘zlar shart emas. Bunga misol qilib arab tilida بيع المعاطة deb ataluvchi bitimni keltirish mumkin. Ushbu bitimning mazmuni shundaki, bunda tomonlar bir og‘iz ham so‘z aytmasdan savdo-sotiqni amalga oshirishlari mumkin. Odatda bunday savdo-sotiq bozor va do‘konlarda amalga oshiriladi. Xaridorlar mahsulotni bir og‘iz so‘z aytmasdan peshtaxtadan olishadi va g‘aznachi oldiga borib pulini to‘lashadi. Ko‘rib turganimizdek bunda savdo-sotiq so‘zlar emas, xatti-harakatlar yordamida (ب الفعل) amalga oshirildi (mana shundan ham savdo bitimlaridan murod so‘z birikmalari qo‘llash emas, balki savdoni amalga oshirish ekanligini anglasak bo‘ladi).
Toshkent islom instituti talabasi
Tillayev Muhammadali