islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Mir Sayyid sharif Jurjoniy

“Bahslarda va ilmlarda Taftazoniy hazratlaridan ustun bo‘lishi mumkin, biroq Jurjoniy hazratlari sayyidligi uchun ham bugun g‘olibdir”.  Amir Temur

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning shajarasiga 13 avlod vositasida tutashgan Muhammad ibn Zaydning nasabidan bo‘lgani, Abulhasan Ali ibn Muhammad Mir Sayyid Sharif Jurjoniy 24-Fevral kuni 1340 yilda Astrobod (Jurjon) yaqinidagi Togu (Toju) qishlog’ida tavallud topgan.

Yoshligidan bilimga chanqoq Jurjoniy hazratlari ilk ta’limini qishlog’ida olgan, keyinchalik Qutbuddin ar-Roziy hazratlaridan Hirotda dars oladi, keyinchalik ustozi Qutbuddin ar-Roziy hazratlarining tavsiyalariga ko’ra darslarini davom ettirish uchun Misrga Hazrat Muborakshoh al-Mantikiy yoniga yo’l oladi. Misrga yo’l olar ekan Hazrat Jamollidin Oqsaroyiydan dars olishni niyat qiladi va Anadoluga (Turkiya) Oqsaroyga keladi, Shayhni vafotini eshitgach u yerda tanishgan Molla Fanoriy hazratlari bilan birga Misrga yo’l oladi.

Misrda 10 yil davomida Shayx Badriddin, Shoir Ahmadiy, Hoji Ivaz Pasha kabi zamonining yetuk olim-u mutafakkirlari bilan birgalikda, Hazrat Muborakshoh al-Mantikiydan Aqliy, Hazrat Akmaliddin Babertidan Naqliy bilimlarni oladilar.

Misrdan Sherozga qaytib u yerda  Shoh Shuja tarafidan Darush shifa Madrasasiga Mudarris qilib tayinladi va bu joyda 10 yil mudarrislik qildi. 789/1387 yilda Amir Temur Sherozni ishg‘ol etadi va an’anaga ko‘ra, u yerdagi din kishilarining hurmatini o‘z o‘rniga qo‘yadi. Amir Temur Jurjoniyning yuksak ilmga egaligi hamda Payg‘ambar avlodidan ekanidan xabar topgach, unga alohida hurmat ko‘rsatadi. Hatto uning uyidan panoh topganlarga ham omonlik berdi. Amir Temur Jurjoniy bilan ko‘rishgach uni Samarqandga taklif etdi. Jurjoniy taklifni qabul qilib, Samarqandga yo‘l oldi. Jurjoniy hazratlari Samarqandda o‘n sakkiz yil bosh mudarris sifatida faoliyat olib bordi va o‘z qalamiga mansub asarlarining aksarini yurtimizda kechgan faoliyati davomida ta’lif etdi.

Samarqandda yashash davomida Sayyid Sharif Jurjoniy bir qator olimlar, xususan, alloma Taftazoniy (vaf. 794-1392 y.) bilan bir qancha ilmiy bahs va munozaralar olib bordi. Ushbu munozaralarning aks-sadosi butun olamga tarqaldi. Hatto mazkur ilmiy munozaralarga doir alohida risolalar ham bitildi. Munozaralarda ustun kelgan Jurjoniyning shuhrati olimlar orasida tanilishi bilan birga Amir Temur nazdida ham uning e’tibori yanada yuksaldi. Natijada Amir Temur uni Movarounnahrdagi birinchi raqamli olim mavqeiga chiqardi.

Samarqandda Naqishbandiya tariqati shayxi Hoja Alouddin Attorga qo’l berib Mavlona Nizommidin Hamish bilan do’st tutinib uning tasovvuf suhbatlarida bo’ldi. (807/1405) yilda Amir Temur vafot etganidan so‘ng mamlakatda yuzaga kelgan fitna va parokandalik sabab Sayyid Sharif Jurjoyiy Sherozga qaytdi.

Sayyid Sharif Jurjoniy o‘zidan so‘ng ulkan ilmiy meros qoldirgan kam sonli olimlardan sanaladi. U diniy va dunyoviy ilmlarga oid bir qancha asarlar ta’lif etdi. Mazkur ilmlar avvalida kalom ilmi, arab tili, falsafa, mantiq, astronomiya, matematika, tarix, fiqh, hadis, tafsir, tasavvuf kabilarni sanab o‘tish mumkin. Manbalarning qayd etishicha, Jurjoniy o‘ta zakiy, har bir masalaning daqiq joylarigacha o‘rganuvchi, fasohat va balog‘at sohibi, munozara yuritishda mohir, muhaqqiq ulamolardan hisoblangan. Uning arab tili, meros va kalom ilmiga oid asarlari bir necha avlod almashsa ham ta’lim maskanlarida asosiy manba sifatida o‘qitilmoqda.

Jurjoniy diniy va dunyoviy ilmlarga bag‘ishlangan ellikdan ortiq asar yozgan. Asarlarining aksar qismini sharh va hoshiyalar tashkil etadi. Ulardan ba’zilari:

Xususan, Kalom ilmiga oid: “Sharh al-mavoqif”,“Sharh al-aqoid al-azudiyya”,“Sharh al-asma al-husna”,“Risola fi-l-firqa an-najiya fi-l-mazahib”,“Hoshiya at-tajrid”.

Falsafa, Mantiq va Astronomiyaga oid: “Hoshiya a’la sharh hikmati-l-a’yn”,“Hoshiya a’la sharh hidoyati-l-hikma”,“Hoshiya a’la lavami’ al-asror sharh matole’ al-anvor”,“Risola fi-l-mantiq”.

Arab tiliga oid: “At-Ta’rifot”,“Sharh al-Izziy”,“Hoshiya a’la sharhi-l-Kofiya”,“Hoshiya a’la-l-Mutovval”.

Fiqhga oid: Hoshiya a’la sharh muxtasari-l-muntaho”,“Hoshiya a’la-t-talvih”,“Sharh al-faroiz as-sirojiyya”,“Hoshiya a’la-l-Mutovval”.

Tasavvufga oid: “Ar-Risola ash-shavqiyya”,“Ar-Risola al-bahoiyya”,“Ta’liq a’la a’varif al-maorif”.

Tafsir ilmiga oid: Hoshiya a’la-l-Kashshof”,“Hoshiya a’la tafsir al-Bayzoviy”,“Tafsir az-zahrovayn”,“Tarjumon al-Qur’on”.

Hadis ilmiga oid: “Ad-Diboj al-mazhab”, “Hoshiya a’la xulosa at-Tibiyva boshqa asarlarni sanab o‘tish mumkin.

Abulhasan Ali ibn Muhammad Mir Sayyid Sharif Jurjoniy hijriy “816-yil 6-robiul ahir  (mil. 1413-yil 6-iyul.) ” chorshanba kuni Sherozda vafot etdi u yerdagi Atik Masjididagi Vaqf qabristoniga dafn etildilar. Mir Sayyid Sharif Jurjoniy hazratlari vafot etguniga qadar o‘z ilmiy faoliyatini davom ettirdi. Alloma o‘zidan keyin diniy va dunyoviy ilmlarga bag‘ishlangan 50 dan ortiq asar meros qilib qoldirdi. Asarlarining aksar qismini sharh va hoshiyalarni tashkil etadi, ulardan eng mashhur ilmiy merosi kalom ilmiga oid “Sharh ul-Mavoqif”dir. Shu vaqtga qadar Mavoqifga u kishidek hech kim sharh yoza olmadi.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Nurmanov Yaxshilik

425530cookie-checkMir Sayyid sharif Jurjoniy

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: