“Tabarruk” arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda “baraka istash” degan ma’noni bildiradi. Istilohiy ma’noda esa “Alloh taolodan biror muborak narsa yoki zot sababli yaxshilik, baraka va fazilat tilash” degan tushunchani anglatadi.
Ulamolar ittifoqi bilan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan qolgan narsalar – kiyimlari, sochlari, foydalanilgan idishlari, taomlari va u zot bilan bog‘liq boshqa narsalar bilan tabarruk qilish joizdir. Bu haqda sahih hadislar mavjud bo‘lib, sahobalar hayotida yaqqol namoyon bo‘lgan.
1. Tahorat suvlari bilan tabarruk qilish. Sahobalar Rasulullohning tahorat suvini olishga intilishgan. Kimki bu suvdan ulgurmasa, boshqalar qo‘lida qolgan namlikdan foydalanishgan.
عَنْ أَنَسٍ: أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ ﷺ دَعَا بِقَدَحٍ، فَتَوَضَّأَ، فَتَرَكَهُ، فَانْقَضَّ عَلَيْهِ نَاسٌ، فَأَصَابُوا مِنْهُ، فَقَالَ النَّبِيُّ ﷺ: مَا حَمَلَكُمْ عَلَى مَا صَنَعْتُمْ؟ قَالُوا: يَا نَبِيَّ اللَّهِ رَجَاءَ بَرَكَتِهِ
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) idish so‘rab, tahorat qildilar va uni qoldirdilar. Keyin odamlar unga talashib ketishdi va undan nasiba olishdi. Payg‘ambarimiz so‘radilar: “Nega bunday qildingiz?” Ular dedilar: “Ey Allohning Rasuli, uning barakasidan umid qildik”» (Imom Muslim rivoyati)
2. Sochlari bilan tabarruk qilish. Sahobalar Rasulullohning muborak sochlaridan bir tolani olishga intilganlar va ularni saqlab, suvga solib ichganlar.
عَنْ أَنَسٍ: رَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ ﷺ وَالْحَلَّاقُ يَحْلِقُهُ، وَأَطَافَ بِهِ أَصْحَابُهُ، فَمَا يُرِيدُونَ أَنْ تَقَعَ شَعَرَةٌ إِلَّا فِي يَدِ رَجُل
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qildilar: «Rasulullohning sochlarini sartarosh olayotganini ko‘rdim. Sahobalari u zotning atrofini o‘rab olishgandi. Biror tola yerga tushmasdan, albatta, bir sahobiy qo‘liga tushardi» (Sahih Muslim)
3. Taomlari bilan tabarruk qilish. Sahobalar Rasulullohdan qolgan taom va ichimliklarni muborak deb hisoblab, uni yeyish va ichishga oshiqishgan.
قَالَ سَهْلُ بْنُ سَعْدٍ: «أُتِيَ النَّبِيُّ ﷺ بِشَرَابٍ، فَشَرِبَ مِنْهُ، وَعَنْ يَمِينِهِ غُلَامٌ، وَعَنْ يَسَارِهِ الْأَشْيَاخُ، فَقَالَ لِلْغُلَامِ: أَتَأْذَنُ لِي أَنْ أُعْطِيَ هَؤُلَاءِ؟ قَالَ: مَا كُنْتُ لِأُوثِرَ بِنَصِيبِي مِنْكَ أَحَدًا
Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasulullohga ichimlik keltirildi. Undan ichdilar. O‘ng taraflarida bir yosh yigit, chaplarida esa katta yoshli sahobalar o‘tirishgandi. Rasululloh: “Bu ichimlikni chap tarafdagilarga uzatishimga ruxsat berasanmi?” – deb so‘radilar. Yosh yigit: “Sizdan menga kelgan nasibani boshqaga bermayman”, dedi».
4. Kiyimlari bilan tabarruk qilish. Sahobalar Rasulullohning kiyimlarini saqlab, undan foydalanib, hatto u bilan shifo topishgan.
قَالَتْ أَسْمَاءُ بِنْتُ أَبِي بَكْرٍ: «هَذَا جُبَّةُ رَسُولِ اللَّهِ ﷺ كَانَتْ عِنْدَ عَائِشَةَ، فَلَمَّا قُبِضَتْ قَبَضْتُهَا، وَكَانَ النَّبِيُّ ﷺ يَلْبَسُهَا، فَنَغْسِلُهَا لِلْمَرْضَى، يَسْتَشْفُونَ بِهَا
Asmo binti Abu Bakr (roziyallohu anho) aytdilar: «Bu Rasulullohning choponlaridan. U Oisha onamizda edi. Ular vafot etgach, men saqlab qo‘ydim. Rasululloh uni kiyganlar. Biz uni yuvib, suvini bemorlarga berardik. U suv bilan shifo so‘rashar edi».
5. Rasululloh tegingan narsalar bilan tabarruk qilish. Sahobalar Rasulullohning qo‘llari bilan tegingan, o’zlari bo’lgan joylarni, hatto u zot namoz o‘qigan joyni barakali deb hisoblashgan.
عَنْ عُتْبَانَ بْنِ مَالِكٍ: «يَا رَسُولَ اللَّهِ، إِنِّي أُنْكِرُ بَصَرِي، وَأَنَا أُصَلِّي لِقَوْمِي، فَإِذَا كَانَتْ الْأَمْطَارُ سَالَ الْوَادِي الَّذِي بَيْنِي وَبَيْنَهُمْ، فَلَا أَسْتَطِيعُ أَنْ آتِيَ مَسْجِدَهُمْ، فَأُحِبُّ أَنْ تَأْتِيَنِي فَتُصَلِّي فِي بَيْتِي، فَأَتَّخِذَهُ مُصَلًّى
Utbon ibn Molik (roziyallohu anhu) Rasulullohga murojaat qilib: «Yo Rasululloh, ko‘zim hiralashgan. Yomg‘ir yog‘sa, masjidga borish qiyin bo‘ladi. Uyimga kelib namoz o‘qib bersangiz, o‘sha joyni namozgoh qilib olaman», dedilar. Rasululloh u kishining uyiga borib, aytilgan joyda namoz o‘qidilar. Darhaqiqat, sahobalar Payg‘ambar alayhissalomning: “Men sizlarga farzandingiz, ahli-ayolingiz, mol-dunyoingiz va barcha odamlar ichidan eng suyukli kishi bo‘lmagunimcha komil mo‘min bo‘lolmaysizlar”, degan mazmundagi hadislariga qat’iy amal qilganlar. Ularning fidoiyligi, Rasulullohga bo‘lgan muhabbati va sadoqati biz uchun eng go‘zal namuna bo‘lib qolgan. Biz ham ulardan o’rnak olib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga e’tiborli bo‘laylik. Amal qilayotgan sunnatlarda davomli bo‘laylik, qilolmayotganlarimizni qilishga, unutilayotgan sunnatlarini esa tiriltirishga harakat qilaylik. Shoyadki, ikki dunyoda ham Rasululloh huzurlarida yuzimiz yorug‘, qadamimiz sobit bo‘lsa…
Nasrulloh OTAJONOV,
TII 401-guruh talabasi