Islom dinini bashariyatga mo‘tadillik dini va saodat manbai qilib bergan Alloh taologa beadad hamd va shukronalarimiz bo‘lsin. Bu dinni biz ummatlarga omonat bilan yetkazgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovot va salomlar bo‘lsin. Uni bizlargacha sof holida yetib kelishida xizmat qilgan sahobalar, tobeinlar va barcha ulamolardan Alloh taolo rozi bo‘lsin va ularni fazlu karami bilan mukofotlasin.
Muqaddas dinimizga sof tabiat nazari bilan nazar solgan kishi uning naqadar adolat va mo‘tadillik ustiga qurilgani, ilm-ma’rifat va axloq dini ekaniga amin bo‘ladi. Zero, islom ibodat masalalarida bo‘lsin, ijtimoiy masalalarda bo‘lsin hamisha adolat va mo‘tadilikka chaqiradi, yuksak axloqqa buyuradi, zulm va axloqsizlikdan qaytaradi. Xususan, “An’om” surasining 161-oyatida Alloh atolo shunday marhamat qiladi:
قُلۡ إِنَّنِی هَدَىٰنِی رَبِّیۤ إِلَىٰ صِرَ طࣲ مُّسۡتَقِیمࣲ دِینا قِیَما مِّلَّةَ إِبۡرَ هِیمَ حَنِیفا وَمَا كَانَ مِنَ ٱلۡمُشۡرِكِینَ
Sen: “Albatta, Meni Robbim to‘g‘ri yo‘lga – rost dinga – to‘g‘rilikka moyil Ibrohim millatiga hidoyat qildi. U mushriklardan bo‘lmagan edi”, – deb ayt![1]
Mazkur oyatda Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Alloh u zotni to‘g‘ri yo‘l, haq din, “hanif” – haqqa moyil bo‘lgan Ibrohim alayhis salomning millatiga hidoyat qilganini odamlarga aytishga buyurmoqda. Va uning ortidan Ibrohim alayhis salom mushrik bo‘lmaganini ta’kidlamoqda. Bu bilan mushriklar Ibrohim alayhis salomning millatidan uzoqdaligini va ularning shirk yo‘li noto‘g‘ri, botil yo‘lligini bayon qilmoqda. Darhaqiqat, to‘g‘ri yo‘l – nuqson va kamchilik ham haddan oshish ham bo‘lmagan mo‘tadil yo‘ldir. Shunday ekan kim haq yo‘lda ekani u tutgan yo‘lning nuqson va g‘uluv – haddan oshishdan xoliligi bilan ajratib olinadi.
Diniy masalalarning asosini tashkil etuvchi aqida ilmi ayni shu maqsadda, ya’ni islom ummatini Robbilari buyurgan yo‘ldan og‘ishmay, haq yo‘l – to‘g‘ri e’tiqodda mustahkam turishlarini ta’minlash uchun ulamolar tarafidan asos solingan. Yurtimiz faxri Imom Moturidiy ana shunday muassis ulamolardan, ahli sunna val jamoaning ikki yirik aqidaviy mazhab imomlaridan biri, Moturidiya ta’limotining sohibi hisoblanadi. Shu o‘rinda “muassis” so‘ziga biroz aniqlik kiritib ketish o‘rinli bo‘ladi. Ahli sunna val jamoadan deb e’tirof etilgan aqidaviy va fiqhiy mazhab sohiblariga nisbatan muassis so‘zini ishlatilganda uni quyidagicha tushinish lozim. Ular Qur’oni karim va hadisi sharif ma’nolarini Alloh taolo va Uning Rasuli iroda qilganidek, sahobalar tushunganlaridek tushunib, ummatga ana shu asl holida yetkazib berganlar. Ular hech bir hukmni o‘zlaridan to‘qib chiqarmagan, diniy hukmlar borasida shar’iy dalilsiz, asossiz biror so‘z aytmagan. Shunday ekan ularga ergashish shariatga ergashish, balki shariatga ular darajasida amal qilish hisoblanadi. Ba’zan quyidagicha e’tirozli savol tug‘ilishi mumkin: “Nima uchun Alloh taoloning kalomini har kim bevosita tushunib amal qilishi mumkin emas, Qur’oni karimda hamma narsa ochiq-oydin bayon etilmaganmi?”.
Alloh taolo Nahl surasi 89-oyatida marhamat qiladi:
وَنَزَّلۡنَا عَلَیۡكَ ٱلۡكِتَـٰبَ تِبۡیَـٰنًا لِّكُلِّ شَیۡءࣲ وَهُدًى وَرَحۡمَةً وَبُشۡرَىٰ لِلۡمُسۡلِمِینَ
“Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat, va musulmonlar uchun bashorat bo‘lgan Kitob (Qur’on)ni nozil qildik”[2]
Bu oyati karimani o‘qish bilan inson zehniga darhol: “ha, demak Qur’onda barcha narsa bayon etilgan ekan, dinimga amal qilshda boshqa narsaga na hojat”, – degan xayol kelishi mumkin. Lekin bunday xayolga borgan kishi oyatdagi “barcha narsa” dan murod nimaligi, nimalar Qur’onning bayoni bo‘lishi mumkinligidan g‘aflatda qoladi. Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy yuqoridagi oyati karimani o‘zining “Tafsirun Nasafiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan “مدارك التنزيل وحقائق التأويل” asarida quyidagicha tafsir qiladi:
وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَبَ تِبْيَنَا بليغاً لِكُلِّ شَيْءٍ من أمور الدين . أما في الأحكام المنصوصة فظاهر ، وكذا فيما ثبت بالسنة أو بالإجماع ، أو بقول الصحابة أو بالقياس لأنّ مرجع الكلّ إلى الكتاب[3]
Tarjimasi: oyati karimadagi “لِكُلِّ شَيْءٍ” – “hamma narsani ” dan murod – dinga ta’alluqli ishalardir. (Dinga ta’alluqli ishlardan) Qur’onda kelgan hukmlar (Qur’oni karim ularni bayon qilib beruvchi ekani) ochiq oydin tushunarli. Shuningdek, “Sunnat”, “Ijmo”, “Sahobaning so‘zi” yoki “Qiyos” bilan sobit bo‘lgan hukmlarni ham Qur’oni karim bayon qilgan hisoblanadi. Chunki ularning barchasini marje’si Qur’oni karimdir. Zotan Alloh taolo O‘zining kitobida bizlarni Payg‘ambarga ergashish va itoat etishga buyurgan, ijmoga chaqirgan, qiyos – o‘tgan ummatlarning holatidan ibrat olishga amr qilgan”.
Bobomiz Abul Barakot Nasafiy bizlarga oyatninng mazmunini izohlab, undagi “hamma narsa”dan murod dinga ta’alluqli ishlar ekani, qolaversa, Payg‘ambarimizning sunnatlari, sahobalarning ijmosi va qiyos ham Qur’onning bayoni hisoblanishini aytib, bunga dalilni ham keltirib berganlar. Bundan Qur’onni tushunishda mazkur manbalar zarurligi, ularsiz Allohning kalomini anglash mushkulligi kelib chiqdi.
Abul Barakot Nasafiyning “Usulul fiqh”[4] ilmiga bag‘ishlangan “رسالة المنار” asari shorihlaridan biri Ahmad ibn Abu Said “Manor” ga bitgan sharhining “qiyos” bobida – Qur’oni karimda haqiqatda barcha narsa bayon etilgani, lekin hamma ham ularni anglay olmasligini aytib o‘tgan[5]. Chunki oyatlar ba’zi ma’nolarni ochiq-oydin ifoda etsa, ba’zilariga ishora qiladi, yana ba’zi ma’nolarga dalolat qilsa, ba’zi ma’nolarni taqozo etadi. Shuning uchun ham islomning avvalidayoq Qur’oni karimning chuqur va yashirin ma’nolarini ochib berishga xizmat qiladigan tafsir ilmi paydo bo‘lgan. Bu haqida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Qu’ron ilmlari” kitobida quyidagicha ifoda qiladi:
“Islomning dasturi bo‘lgan Qur’oni karimni chuqur o‘rganishga bog‘liq bo‘lgani uchun ham tafsir ilmi alohida ahamiyatga ega. Aynan tafsir ilmi Qur’oni karimning hidoyati, ta’limoti, sirlari va ko‘rsatma hamda hukmlarini o‘rganishga xizmat qiladi. Ushbu ilmsiz mazkur narsalarni bilish va ularga amal qilish mumkin emas. Bu ulug‘ ilm Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning davrlarida yuzaga kelgan, chunki u zot bobarakot odamlarga Qur’oni karimning ma’nolarini o‘z sunnatlari bilan bayon qilar, sahobalarning Qur’on oyatlari to‘g‘risidagi savollariga javob berar edilar”[6].
Bundan ma’lum bo‘ladiki, sahobalar arab tilining asl egalari, uning zavqini his qila oladigan kishilar bo‘lganiga qaramay, Haq taoloning kalomini tushunishda Payg‘ambarimiz alayhis salotu vassalomning bayonlariga muhtoj bo‘lganlar. Shunday ekan bugungi kunda o‘zlaricha Qur’on va hadisdan mustaqil hukm olish, go‘yoki Qur’on va hadisga bevosita ergashishni da’vo qilayotgan toifalarning yo‘li juda xatarli va ummatning ijmosiga xilofdir. Bu borada to‘g‘ri yo‘l Qur’oni karim va hadisi sharifni mujtahid ulamolar fahmi bilan tushunib, ularning maslagini mahkam tutish hisoblanadi. Tan olib aytish lozimki, mazkur ulamolar islom ummatiga Alloh taoloning ulkan rahmati va inoyati bo‘lgan. Shunday ekan ularning mazhablari va qoldirgan ilmiy merosini har bir musulmon ko‘ziga to‘tiyo qilsa arziydi.
Agar biz islom ilmlarining rivoji o‘zining yuqori pallasiga chiqqan asrlarga va o‘sha davrga oid manbalarga e’tibor qaratsak, mazkur asarlarda ko‘tarilgan asosiy muammo oyat va hadislarni to‘g‘ri anglashga qaratilganini ko‘rishimiz mumkin. Buning isboti sifatida ba’zi misollarni keltirib o‘tamiz. Buxoro zaminidan yetishib chiqqan tasavvuf, hadis, aqida va fiqh ilmlarida yetuk olim – Imom Abu Bakr Kalobodiy (vaf. 380-hij) qalamiga mansub “معاني الأخبار” – “Xabarlarning ma’nolari” nomi bilan mashhur bo‘lgan “بحر الفوائد” “Foydalar dengizi” asarining mavzusi hadislarni asl ma’nosida to‘g‘ri tushunishga qaratilgan. Hanafiy mazhabining mashhur imomlaridan biri Abu Ja’far Tahoviy (hij. 238-321-yy) ning “معاني الآثار” “Asar(hadis)larning ma’nolari” nomli shoh asari ham aynan hadislarning ma’nolarini to’g’ri tushunishga qaratilgani ma’lum. Demak o’sha davrlarda ham hadislarni noto’g’ri fahmlash, noto’g’ri ta’vil qilish, bir hadisni beparvolik yoki johillik bilan zohiriy ma’nosiga suyanib umumiy hadislarga nomuvofiq ma’noga burish holatlari bo‘lib turgan. Natijada o‘zlari ham adashgan, boshqalarni ham adashtirgan. Shuning uchun ulamolar kitoblarida hadislarni bir-biriga muvofiq ma’nolarga haml qilib, faqat zarurat o’rnida, ya’ni hadislarni muvofiqlashtirishga yo’l qolmagan vaqtdagina hadislarning “taoruzi” (qarama-qarshi ma’nodaligi)ni inobatga olgan va sabablarini keltirib, ixtilofning asl idizini va hal qilish usullarini bayon qilib berganlar. Bunday asarlar ulamolar tarafidan yuksak e’zozlanib, hamisha dolzarb va ixtiloflarning yechimi sifatida baholangan. Bu uslubda yozilgan asarlarning bugungi kundagi ahamiyati yanada ortib ketgani barchamizga ayon. Alloh taolo barcha musulmonlarni O‘zining haq yo‘lida jamlasin, birligini mustahkam qilsin, nu yo‘lda xizmat qilgan ulamolardan rozi bo‘lsin va ziyoda mukofotlasin.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR:
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri hilol. 2-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2017. – 608 b.
- Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. – Toshkent.: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2004. – 624 b.
- Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy. مدارك التنزيل وحقائق التأويل, 2-juz. – Bayrut: “دار الكلم الطيب”, 1998. – 750 b.
- Ahmad ibn Abu Said. نور الأنوار شرح رسالة المنار – Karachi: البشرى – 960 b.
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qu’ron ilmlari. – Toshkent: Hilol nashr, 2019. – 453 b.
- Abu Mansur Moturidiy. Kitob at-tavhid/ Arab tilidan tarj. Abdulatif Alloqulov, Ixtiyor Adurahmonov, Abdulaziz Yaxshilikov. – T.: Hilol-nashr, 2024. – 672 b.
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri hilol. 2-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2017. – B. 282.
[2] Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. – Toshkent.: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2004. – B. 277.
[3] Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy. مدارك التنزيل وحقائق التأويل, 2-juz. – Bayrut: “دار الكلم الطيب”, 1998. – B. 229.
[4] Usulul fiqh – shariatning asl manbalari (Qur’on, sunnat, ijmo, qiyos)dagi batafsil dalillardan shar’iy hukmlarni istinbot qilib olish qoidalarini o’rganadigan ilm.
[5] Ahmad ibn Abu Said. نور الأنوار شرح رسالة المنار – Karachi: البشرى, 2021. – B. 708.
[6] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qu’ron ilmlari. – Toshkent: Hilol nashr, 2019. – B. 453.