islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Boborahim Mashrab – shoir va xalq donishmandi

Boborahim Mashrab-shoir va xalq donishmandi (1641–1711)

Boborahim Mashrabning hayoti va ijodi haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?

Boborahim Mashrab-o’zbek adabiyoti va xalq o‘g‘zaki ijodining yirik namoyandalaridan biridir. Bu zot-shoir, mohir gʻazalnavis, xalq donishmandi va mutafakkir bo‘lgan. XVII asrning oxiri va XVIII asrning boshlarida Boborahim Mashrab yashab ijod qilgan. Uning hayoti va ijodi ko‘plab afsona va rivoyatlar bilan o‘ralgan yani Boborahim Mashrabning hayoti va faoliyati haqida aniq tarixiy ma’lumotlar oz, ammo u haqida xalq o‘rasida ko‘plab o‘g‘zaki hikoyalar, afsonaviy voqealar tarqalgan. Ularning hammasi ham tarixiy haqiqat bo‘lmasligi mumkin, lekin ular xalqning unga bo‘lgan muhabbatini, e’tiqodini ko‘rsatadi. Boborahim Mashrab din asoslari va falsafadan yaxshi xabardor boʻlgan so’fi Eshon Mulla Bozor Oxund (xoʻja Ubaydullo) qoʻlida diniy taʼlim olgan, so’fiy tariqatlar boʻyicha bilimini oshirgan, forsiy tilni oʻrgangan. Boborahim Mashrab fors tilida ham bir necha sheʼriy turlarda yetuk namunalarni yozgan. Boborahim Mashrab oʻzbek adabiyoti tarixida eng koʻp mustazod yozgan ijodkorlardan biri. Shoir mustazodlari ham, xuddi gʻazallari kabi shoʻx va jarangdor, nafis va zavqbaxshdir. Mumtoz sheʼriyatda murabba’ turining uzil-kesil mustahkamlanishi va takomilida Boborahim Mashrab ijodining oʻrni katta. Shoir sheʼrlarida Allohning mavjudligi, bor-u birligi, barcha jonli va jonsiz mavjudotni yaratganligi uzil-kesil va qatʼiy tan olinadi, Xudoning kuch-qudrati, taqdirning oʻzgarmasligi va Mahshar kuni haqidagi taʼlimot toʻla-toʻkis qabul qilinadi. Shoir Boborahim Mashrab merosi, asosan „Qissai Mashrab”asari orqali yetib kelgan. Asarda Rindiy, Umar, Mahvash, Zinda va Mansur taxalluslari ham uchraydi.

Boborahim Mashrab taxminan 1641-yilda (yoki 1640, 1653, 1657) Namanganda tugʻilgan. Boborahim Mashrab qachon tugʻilgani toʻgʻrasida olimlar orasida har-xil fikrlar mavjud. Boborahim Mashrab otadan yosh yetim qoladi, oilaning moddiy qiyinchiliklari yanada ortadi. Onasi ip yigirib tirikchilik oʻtkazadi. Boborahim Mashrab yoshlik davrida bilim olishga intilgan. U koʻplab diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan. Boborahim Mashrab dastlab eshon Mullo Bozor Oxund qoʻlida tahsil oladi. Xorazm, Buxoro, Balx kabi oʻsha davrning yirik ilm-ma’rifat markazlarida bo‘lgan. U Naqshbandiya tariqatining taniqli shayxi Hofiz Muhammad Sodiqdan ta’lim olgan. Taxminan,1665-yilda Mulla Bozor Oxund tavsiyasiga koʻra, oʻsha zamonda katta obroʻga ega boʻlgan yirik din arbobi qashqarlik Hidoyatullo Ofoq Xoʻja eshon huzuriga boradi. Qashqarda Ofoq Xoʻja huzurida o‘z bilimini yanada chuqurlashtiradi. Lekin u yerdagi pir-u murshidlik uzoqqa choʻzilmaydi.

Boborahim Mashrab SamarqandXoʻjandBuxoro kabi shaharlarda kezib yuradi va Qubodiyonda (hozirgi Afg’onistondagi tarixiy shahar nomi) Soʻfi Olloyor bilan uchrashib qoladi. Shoir adabiy merosidagi diniy mazmun va tasavvufiy yoʻnalish ruhidagi sheʼrlarning koʻpchilik qismi Ofoq Xo’ja dargohida va uning targʻibot saboqlari taʼsirida yozilgan. Ofoq Xoʻja shaxsiy xislat-fazilatlarini madh etuvchi, uni “pir-u rahbar” deb tan oluvchi bayt-misralar mujassam boʻlgan gʻazal va muxammaslar ham (“Koshki”, “Oʻzum” radifli gʻazallar, “Qolmadi” radifli muxammas) shu muridlik yillari mahsulidir. Boborahim Mashrab taxminan 1672–1673-yillarda Ofoq Xo’ja dargohini tark etadi. Boborahim Mashrab piri dargohidan ketgach, deyarli 40 yillik umrini doimiy safarda, turli oʻlkalarda darbadarlikda oʻtkazadi.

1673-yildan boshlab Boborahim Mashrab umrining oxirigacha qalandarlarcha hayot kechiradi. 1711-yilda shoir Boborahim Mashrab Balxga keladi. Balx viloyat hokimi Mahmud Qatagʻonning hukmi bilan dorga osib oʻldiriladi.

Boborahim Mashrab nomi XVIII-XIXasrlarda tuzilgan tazkira va tasavvufiy yoʻnalishdagi asarlarda zikr etiladi (masalan, Bade Samarqandiyning “Muzokir ul-as’hob”ida). Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan maʼlumotlar nihoyatda kam. Boborahim Mashrabning qoldirgan adabiy merosi xususida ham aniq maʼlumot beruvchi manba yoʻq. Uning oʻz asarlarini toʻplab, devon yoki biror majmua tuzganligi maʼlum emas. Faqat “Devoni Mashrab”, “Devonai Mashrab”, “Eshoni Mashrab”, “Hazrati shoh Mashrab” nomlari ostida xalq orasida qoʻlyozma va toshbosma shaklida tarqalgan qissalardagina (ularning kim tomonidan va qachon tuzilganligi nomaʼlum) shoirning hayot yoʻli va ijodiy faoliyati maʼlum tartib va izchillikda bayon etiladi, shu jarayonda asarlaridan namunalar ham keltiriladi. Qissalar keyinchalik oʻzgartirish va tuzatishlarga duch kelgan, turli toʻqimalar, yangi-yangi rivoyat, nakdlar, sarguzasht va latifasimon lavhalar bilan toʻldirila borilgan. Natijada qissalarda tarixiy Boborahim Mashrab va uning ijtimoiy hamda ijodiy faoliyati xalq tasavvuridagi toʻqima Boborahim Mashrab va bu zot haqidagi sarguzasht-rivoyatlar bilan qorishib ketgan. Shunday boʻlsa ham, shoir Boborahim Mashrab haqidagi qissalar shoir hayot yoʻlini nisbatan toʻla va bosqichma-bosqich bayon etuvchi, shuningdek, yozgan asarlarining koʻpgina qismini oʻzida jamlovchi adabiy-tarixiy manba sifatida ilmiy ahamiyat kasb etadi.

Quyidagi asarlarda ham shoir Boborahim Mashrab haqida ayrim maʼlumotlar uchraydi:“Tazkirat ul-avliyo”(Majzub Namangoniy),“Tazkirai qalandaron”(Is’hoq Bogʻistoniy),“Muzakkiri as’hob”(Maleho Samarqandiy),“Muntaxab ut-tavorix” (Hakimxon Toʻra) va “Ansob us-salotin” (Mirzo Olim). Boborahim Mashrab haqida mukammalroq tasavvur hosil qiluvchi manba–“Qissai Mashrab”dir (boshqa nomlari “Shoh Mashrab”, Devonai Mashrab”). Uning koʻpgina qoʻlyozma va toshbosma nusxalari mavjud.

Boborahim Mashrab taxminan 1672–1673-yillarda Ofoq Xo’ja dargohini tark etadi. Boborahim Mashrab piri dargohidan ketgach, deyarli 40 yillik umrini doimiy safarda, turli oʻlkalarda darbadarlikda oʻtkazadi.

Shoir Boborahim Mashrab asarlarining aksariyati chuqur ijtimoiy yoʻnalishga ega boʻlib, oʻsha davr hayoti, jamiyatdagi voqea-hodisalar bilan chambarchas bogʻliq. Xususan, u baʼzi ruhoniylarning kirdikorlari va hiylagarliklarini fosh etadi, tekinxoʻr mulkdorlar va johil amaldorlarning zoʻravonlik faoliyatlarini tanqid qiladi. Boborahim Mashrabning bu asarlari qoʻldan qoʻlga, ogʻizdan ogʻizga oʻtib, tez tarqalgan. Xuddi shuning uchun ham Boborahim Mashrabning biror qishloq yoki shaharga kelishi izsiz qolmagan, odil kambagʻal xalq uni quvonch-xursandchilik va qiziqish bilan kutib olgan.

Shoir Boborahim Mashrabning romantik koʻtarinkilik ruhi ufurib turgan asarlarini adabiyot tarixida murabba turida yaratilgan eng yetuk namunalar jumlasiga kiritish mumkin. Boborahim Mashrabning gʻazal, mustazod va murabba’larida ishq-muhabbat vafo-sadoqat mavzui yetakchi oʻrinda tursa, muxammas va musaddaslarida chuqur ijtimoiylik ustunlik qiladi, taqdirning kemtikligi va hayotning nosozliklaridan, davr (charx, falak) va adolatsiz muhitning shaxs boshiga tinimsiz keltirayotgan jabr-u jafosidan shikoyat, taʼqib-tazyiqidan norozilik dardli, ammo qatʼiy va keskin ifodalanadi.

Shoir Boborahim Mashrab qoldirgan ijodiy merosda diniy va tasavvufiy gʻoyalar ham, oʻsha zamonda keng tarqalgan qalandarlik tariqatining ayrim ohang-taʼkidlari ham sezilarli oʻrin egallaydi.

Shoir Boborahim Mashrab ijodi keyingi asrlar adabiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Nodirabegim, HuvaydoQoriy Xojandiy, Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli FurqatHamza Hakimzoda Niyoziy kabi shoirlar uning gʻazallariga taxmis va naziralar bogʻlashgan.

Shoir Boborahim Mashrab qoldirgan adabiy meros toʻla aniqlanib, oʻrganilgan emas. Baʼzi tadqiqotchilar juda koʻp sheʼriy hikoyat va gʻazallarni oʻzida jamlovchi “Mabdai nur”  nomli yirik asarni shoirga nisbat beradilar. “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlari muallifligi borasida munozara mavjud. 1997-yilda “Mabdai Nur”  (Jaloliddin Rumiy “Masnaviyi maʼnaviy”siga sharh) Boborahim Mashrabning asari sifatida chop etildi.

Shoir Boborahim Mashrab ijodi haqida rus sharqshunoslari N.I.Veselovskiy, N.S.Likoshin, V.L.Vyatkin; oʻzbek adabiyotshunoslari Izzat Sulton, V.Zohidov, I.Moʻminov, Gʻafur Gʻulom, A.Hayitmetov, V.Abdullaev, A.Abdugʻafurov, E.Shodiev, I.Abdullaev, J.Yusupovning tadqiqot va maqolalari bor. Boborahim Mashrab hayoti va ijodi haqida bir necha badiiy asarlar (roman, qissa, dostonlar va sahna asarlari) yozilgan, shoirning asarlaridan namunalar qator xorijiy tillarga tarjima qilingan. Shoir Boborahim Mashrab asarlari bir necha marta chop etilgan.

Jonajon Vatanimiz Oʻzbekistonning turli shahar va viloyatlarida shoir Boborahim Mashrab nomidagi istirohat bogʻlari va kinoteatrlar, maktab va kutubxonalar, koʻchalar va jamoa xoʻjaliklari bor.

Xulosa qilib aytganda, shoir Boborahim Mashrab qoldirgan badiiy meros hajm va janrlar jihatidan hanuzgacha aniqlanmagan. Ammo bizga hozircha maʼlum asarlarining oʻzi ham Boborahim Mashrabning favqulodda noyob isteʼdod egasi ekanligidan dalolat beradi. Boborahim Mashrab ijodi sheʼriyatning yanada kengroq ijtimoiy mazmun va jangovar ruh kasb etishida, adabiyotdagi xalqchillik va dunyoviylikning chuqurlashuvida, lirik turlarning takomillashuvi hamda badiiy sanʼatning kamolotga erishuvida yangi bir yuqori bosqichni tashkil etadi.

Shoir Boborahim Mashrabning inson qadri-sharafi va maʼnaviy kamolotini ulugʻlashga, ezguli va goʻzallikni madh etishga bagʻishlangan sheʼriy merosida gʻazalmustazodmurabbamuxammasmusaddasmusabbamasnaviyruboiytaʼrix kabi janr turlarida bitilgan yetuk namunalarni uchratamiz. Ammo shoir Boborahim Mashrab, avvalo, mohir gʻazalnavis hamda koʻplab shoʻx va jarangdor mustazodlar, oʻynoqi va jozibador murabba’ hamda xalq gʻam-u hasratiga hamdardlik his-tuygusini ifodalovchi muxammaslar ijodkori sifatida keng dovrugʻ chiqargan. Boborahim Mashrabning juda koʻp gʻazallari xalq qoʻshiqlaridek sodda va jarangdor, joʻshqin va taʼsirchandir.

 

Foydalanilgan adabiyotlar va Internet saytlari

1.w.w.w.uz.wikipedia.org

  1. w.w.w.arboblar.uz

3.w.w.w.arxiv.uz

 

“Tillar” kafedrasi katta oqituvchisi

Faxriddin Yernazarov tomonidan tayorlandi.

450360cookie-checkBoborahim Mashrab – shoir va xalq donishmandi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: