“Jadidchilik bebaho ne’mat ekanligini xalqimizga, ayniqsa yoshlarimizga faol targ‘ib qilsak, albatta, ular uning qadriga yanada yetishadi”.
Sh.Mirziyoyev
Abdulla Qodiriy “O‘tgan kunlar” asarida: “Moziyga nazar bilan qarashlikning ko‘p foydalari bor”, deganlaridek, biz ham jadidlarimizni o‘rganishimiz, ularning ilmiy va ijodiy merosini hayotimizga tatbiq etishimizda katta xayr bor. Negaki, ular qurol kuchi yetib bormagan nuqtalarga ilm bilan, yangi usuldagi maktablarni ochish va yoshlarni tarbiyalash orqali erishdilar. Ana shunday ulug‘ namoyandalardan biri – Mahmudxo‘ja Behbudiydir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875-yilda Samarqandning Baxshitepa qishlog‘ida diniy oilada tavallud topgan. Ammo u zotning hayoti haqidagi ma’lumotlar juda kam uchraydi. Bu boradagi ayrim ma’lumotlarni Sadriddin Ayniy, Laziz Azizxo‘ja va Hoji Muin kabi olimlar orqali bilib olishimiz mumkin. Shuningdek, uning tug‘ilgan sanasi borasida ham ixtiloflar mavjud. Sirojiddin Ahmedov bu ixtiloflar ichida eng to‘g‘risi sifatida Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1874-yil 30-yanvarda Samarqandning Yomoni qishlog‘ida tug‘ilganini ta’kidlaydi.
Dastlabki ta’limni u tabiiyki otasi qo‘lida oladi. Favqulodda iqtidor sohibi bo‘lgan jadid bobomiz yoshligidanoq Qur’oni Karimni yod oladi, so‘ng tog‘alari Muhammad Siddiq huzurida tahsilni davom ettiradi. Buxoro va Samarqand madrasalarida ta’limni yakunlagach, 19 yoshida Muhammad Siddiq huzurida mirzalik lavozimida faoliyat boshlaydi. Shundan so‘ng u zot millatni uyg‘otish yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga kirishadi.
Afsuski, bu fidoiy insonning ko‘p yillik faoliyati 1919 yilda Sovet hokimiyati tomonidan o‘qqa tutilishi bilan yakun topadi. Uning shahid bo‘lgani haqidagi xabar esa bir yil o‘tgach e’lon qilinadi. Bu fojea ko‘plab adiblarni larzaga soladi va marsiyalar yoziladi. Xususan, Sadriddin Ayniyning:
“Sendayin endi Turkiston topolarmi, topolmasmi,
Sendayin mislini Turkiston ko‘ra olarmi, ko‘ra olmasmi”
– degan satrlari so‘zimizning yorqin dalilidir.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Mahmudxo‘ja Behbudiy millat va xalqni uyg‘otish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatgan shaxs edi. U zotning bu shonli yo‘li uch asosiy yo‘nalishda yaqqol namoyon bo‘ladi: birinchisi – yangi usul maktablarini ochganligi, ikkinchisi – kutubxonalar tashkil etganligi, uchinchisi esa – xalqning qabih illatlarini fosh etgan “Padarkush” dramasini yozganligidir.
Har qanday davlat kuchli va barqaror rivojlanishi uchun uning tomiri mustahkam bo‘lishi lozim. Inson jamiyatida bu tomir vazifasini bajaradigan eng muhim omil – maktab ta’limidir. Shu bois jadid bobomiz 1903 yilda Samarqandda yangi usuldagi “usuli savtiya” maktabini ochib, yoshlarning bilimini oshirishga kirishadi. Shuningdek, u muallifligida bir qator darsliklar yaratiladi: “Tarbiya ul-atfol”, “Risolai jug‘rofiya umroniy”, “Risolai jug‘rofiya Rusiya”, “Tarixi islom” kabi asarlar bunga misoldir.
Bitta maktab ochish bilan ish bitmasligini anglagan Behbudiy xalqning qabih illatlari va kamchiliklarini ko‘rsatib beradigan bir “oyna” zarurligini chuqur his qiladi. Bu yo‘lda kitoblarning o‘rni beqiyos edi. Chunki kitoblar insonni har qanday yuksak cho‘qqilarga olib chiqadigan pillapoya vazifasini bajaradi. Shu sababli u 1908-yilda Samarqand gubernatori ruxsati bilan kutubxona ochadi. Dastlab kutubxona fondi 220 jilddan iborat bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik u 225 jildli kitoblar xazinasiga aylanadi. Boshlanishida 125 nafar talabaning a’zo bo‘lishi bu ishning naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatardi. Biroq Sovet tuzumi bu ilm maskanini ham chetlab o‘tmadi va 1911-yilda kutubxona yopildi.
Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinadiki, Mahmudxo‘ja Behbudiyning faoliyati boshlang‘ich va keyingi bosqichdagi yoshlarni qamrab olgan. Turkiston jamiyatini to‘laqonli uyg‘otish uchun esa teatr san’atidan foydalanishni maqsad qiladi. Chunki jamiyatdagi og‘riqli, vaqtida davolamasa falokatga olib keladigan illatlarni ochib beradigan drama zarur edi. Shubhasiz, “Padarkush” dramasi ana shu ehtiyojga javob bo‘ldi.
Uch parda va to‘rt manzaradan iborat bo‘lgan bu asarda boyning o‘g‘li ta’limiga befarqligi oqibatida o‘z qotilini o‘zi tarbiyalab qo‘ygani xalqona va ta’sirchan tilda yoritib beriladi. Aytish mumkinki, bu asar jamiyatdagi og‘ir bir kasallikka davo bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, yuqoridagi fikrlar Mahmudxo‘ja Behbudiyning faoliyatini to‘liq qamrab oladi, deb o‘ylamasligimiz kerak. So‘zimiz so‘ngida shuni ta’kidlashni istardimki, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarda ham bobomizning orzulari ro‘yobga chiqayotganini ko‘ramiz. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan to‘y va marosimlarda yo‘l qo‘yilayotgan ortiqcha xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan loyihalar bunga yaqqol misoldir. Axir, bundan bir asr avval Behbudiy: “Ey birodarlar, molingizni to‘ylarga emas, farzandlaringizning ta’limiga sarflang!” – deb aytgan so‘zlari bugun o‘z tasdig‘ini topmayaptimi?!
Muhammadsodiq CHORIYEV,
TII 1-kurs talabasi.
Maqolani tayyorlashda “Jadidlar” toʻplami kitobidan foydalanildi.






