islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

ALISHER NAVOIY HAYOTI VA IJODINING QISQACHA SOLNOMASI

1441-yil 9-fevral — Alisher Navoiy tavallud topgan sana.

Hirot — Alisher Navoiy tavallud topgan shahar. Xuroson davlatining poytaxti.

G‘iyosiddin Bahodir (Kichkina) — Alisher Navoiyning otasi, Temuriylar xonadoniga yaqin amaldorlardan.

Onasining ismi hech bir tarixiy manbalarda uchramaydi. Ammo, otasi va onasi o‘z davrining ma’rifatli kishilaridan bo‘lgan, Temuriylar saroyida xizmat qilgan: Otam bu ostonning xokbezi, Onam ham bu sara bo‘ston kanizi (“Badoyiul-bidoya”).

Mirsaid Qobuliy, Muhammad Ali G‘aribiy — Alisher Navoiyning tog‘alari, o‘z davrining ma’rifatli kishilari, shoirlari.

1445-yil. 4 yoshli Alisher Navoiy oliy nasab oilalarning farzandlari ta’lim oladigan maktabga boradi, shu paytdan yozish, o‘qishni o‘rganadi.

Qur’oni karim, Sa’diy Sheroziyning “Bo‘ston”, “Guliston”, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonlari —  Alisher Navoiyning ilk marotaba o‘qigan kitoblari, “Mantiq ut-tayr”ni to‘liq yod olgan.

Husayn Boyqaro — Alisher Navoiyning maktabdosh do‘sti, keyinchalik (1469-1506) Xuroson davlati hukmdori.

1447-yil. Navoiylar oilasi Iroqqa ko‘chib ketadi. Iroqning Taft shahrida mashhur tarixchi olim Sharafiddin Ali Yazdiy va yosh Alisher Navoiyning tarixiy uchrashuvi yuz beradi. Alloma yosh Alisherni — “Umring uzoq, boshing omon bo‘lsin. Olim, fozil bo‘lib, yaxshi obro‘ga erishgaysan”, – deb bashoratomuz duo qiladi.

1450-yil. Navoiylar oilasi yana Hirotga qaytadi. Otasi G‘iyosiddin Bahodir Sabzavor viloyati hokimi etib tayinlanadi.

1452-yil. Navoiylar oilasi Hirotga qaytib keldi.

Xoja Yusuf Burhon — o‘z zamonasining mashhur musiqashunosi. Alisher Navoiyga musiqa sirlarini o‘rgatgan ilk ustozlardan.

Mirshohiy — Alisher Navoiy 10-12 yoshlarida bu keksa shoir bilan she’riy yozishmalar qilib turgan.

Lutfiy — Alisher Navoiyning ustozi,  “Orazin yopg‘och ko‘zumdin sochilur har lahza yosh, Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz nihon bo‘lg‘och quyosh”, deb boshlanadigan yosh Alisher Navoiy g‘azaliga, agar iloji bo‘lsa, o‘zining o‘n-o‘n ikki ming turkiy va forsiyda yozgan she’rlarini almashtirmoqchi bo‘lgan shoir.

“Navoiy” (“Navo” so‘zidan) — o‘zbek tilidagi she’rlari taxallusi. “Foniy” (“Fano” so‘zidan) —  Alisher Navoiyning fors-tojik tilidagi she’rlari va  “Lison ut-tayr” dostonida qo‘llagan taxallusi.

1457-yil. Alisher Navoiy 16 yoshida otasi G‘iyosiddin Kichkina vafot etadi. Shu yil Abulqosim Bobur xizmatiga kiradi. Mashhad shahrida o‘qishni davom ettiradi. Sayyid Hasan Ardasher, Komil Turbatiy singari mashhur shoirlar bilan tanishadi, yaqindan do‘stlashadi.

1459-yil. Temuriylardan Abusaid Xuroson taxtini egallaydi, Alisher Navoiy va uning yaqin qarindoshlari ta’qibga uchraydi, xususan, tog‘alari Mir Sayid (taxallusi Kobuliy) va Muhammad Ali (taxallusi G‘aribiy)lar qatl qilinadi.

1465-yil. Alisher Navoiy Samarqandga keladi, Movaraunnahrning ijtimoiy-siyosiy, jug‘rofiy holati bilan tanishadi.

Fazlulloh Abulays Samarqandiy, Aloyi Shoshiy — Alisher Navoiyga Samarqandda tahsil bergan mashhur olimlar.

1469-yil. Hirot taxtini Sulton Husayn Boyqaro egallaydi, Alisher Navoiy Hirotga qaytadi, muhrdor lavozimiga tayinlanadi, keyinchalik amirlik (1472 yilda) martabasiga ko‘tariladi.

1476-yil. Alisher Navoiy — buyuk mutafakkir, shoir Abdurahmon Jomiy bilan uchrashadi, uni o‘ziga ustoz va pir deb biladi.

XV asrning 70-yillari o‘rtalarida o‘zining birinchi devoni — “Badoyi’ ul-bidoya”ni tuzdi.

1476-1483 yillar orasida ikkinchi devoni — “Navodir un-nihoya” yaratildi.

1483-1485 yillar o‘zining 51 ming 230 misradan iborat mashhur “Xamsa”sini yaratdi.

1487-yil. Alisher Navoiy Astrobod viloyati hokimi etib tayinlandi.

1482-1489-yillar orasida o‘zining “Vaqfiya”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki Ajam” singari asarlarini yozdi.

1490-yil. “Holati Sayyid Hasan Ardasher” asari yaratildi.

1491-yil. “Risolai muammo” asarini va “Majolis un-nafois”ni yozib tugalladi va keyinchalik qayta to‘ldirdi.

1492-1494-yillar oralig‘ida Abdurahmon Jomiy haqida “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”) asarini yaratdi.

1492-1498-yillar oralig‘ida “Munshaot”, “Mezon ul-avzon” (“Vaznlar o‘lchovi”), “Holati Pahlavon Muhammad”, “Nasoyim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadasi”) asarlarini yozib tugatdi.

1491-1498-yillar orasida “Xazoyin ul-maoniy” (“Ma’nolar xazinasi”), “Devoni Foniy”ni tuzdi.

1498-1499-yillarda “Lison ut-tayr” falsafiy dostonini, “Muhokamat ul-lug‘atayn” (“Ikki til haqida muhokama”)ni yozdi.

1500-yil so‘nggi yirik asari — “Mahbub ul-qulub” (“Ko‘ngillarning sevgani”) asarini yozdi.

1501-yil 3-yanvarda Alisher Navoiy vafot etdi.

Toshkent islom instituti talabasi Ahmadjon MAMASOLIYEV 

461230cookie-checkALISHER NAVOIY HAYOTI VA IJODINING QISQACHA SOLNOMASI

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: