islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Shayh ibn Hojib

Alloh taolo Qur’oni karimni insonlar hidoyat topishi uchun tushirdi. Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni esa bu Kitobni bayon qilib tushuntirib berishi uchun jo’natdi. Salafi solih sahobalar Qur’onga qattiq ehtimom bilan e‘tibor berardilar. So’zimizning dalili sifatida Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning quyidagi so’zlarini keltiramiz: “O’zidan boshqa iloh yo’q bo’lgan zotga qasamki, Alloh taolo Kitobidan qaysi bir oyat tushgan bo’lsa, men uni kim haqida nozil bo’lgan, qayerda nozil bo’lgan, bilaman. Agar biror kishining Allohning kitobini mendan ko’ra ko’proq bilganini eshitsam, albatta, uni oldiga borardim, – deganlar.

Darhaqiqat, Qur’on ilmini bilish biz uchun to’g’ri yo’lni ochib beruvchi yagona vositadir. Bu ummat ulamolari Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan keyin Qur’oni karimni tushunish va tadabbur qilish uchun sahobalar roziyallohu anhumlar davridan boshlab bugungi kungacha jidd-u jahd qilib kelmoqdalar. Ayniqsa bu borada arab tilining rivojiga katta hissa qòshgan olimlarning qilgan mehnatlariga alohida e’tibor qaratishimiz lozim, chunki Qur’onni bilish biz uchun hidoyat vositasi bòlsa , Qur’onni tushunish vositasi albatta arab tilidir.Shunday ulamolardan biri Shayx ibn Hojib rohimahullohdir. Ismlari:

Jamoliddin Abu Amr Usmon ibn Umar ibn Abu Bakr ibn Yunus ibn Hojib Kurdiy Duvayniy Molikiy. Otalari amir Izzuddinning huzurida hojiblik lavozimida faoliyat olib borganlar.

Shayx ibn Hojib rohimahulloh hijriy 570-yilda Misrning Sano qishlog’ida dunyoga keladilar. Hali balog’atga yetmaslaridan otalari bilan Qohiraga ko’chib o’tadilar. U yerda Qur’onni to’la yod oldilar va Imom Shotibiy rohimahullohdan ba’zi qiroatlardan ijoza olganlar.U kishidan ,,Taysir’’ kitobini hamda Imom Shihob G’aznaviyning yo’nalishiga ko’ra ,,Manhaj’’ asarini dars olganlar. Abu Jud rohimahullohga yetti qiroatda Qur’on o’qib berib, ijoza olganlar. Va shu  qatorda Abu Qosim Busiriy, Ismoil ibn Yosin, Bahouddin Qosim ibn Asokir, Fotima bintu Sa’dulxoyrlardan ham ijozalar olganlar. Fiqh ilmini Abu Abu Mansur Alyobiy rohimahullohdan o’rganganlar. So’ngra arab tili va uning qoidalarini o’rganishga kirishadilar va misli ko’rilmagan natijalarga erishadilar.

Arab tili qiroatini G’aznaviy, Shotibiy singari zamonasining sanoqli olimlaridan o’rganadilar, Hadisni Busiriydan, fiqhni esa Abu Bakr Abyariydan o’rganadilar.

So’ngra Damashqqa boradilar va u yerda Abu Qosim ibn Asokirning dars halqalarini o’zlariga lozim tutadilar va hattoki u kishining asl vorislariga aylanadilar.

U kishi Arab tili va lug’atini o’rganishga qattiq bel bog’ladilar. Va uni eng daqiq jihatlari bilan o’zlashtiradilar. Va zamonasing eng yetuk lug’at shayxlaridan biriga aylanadilar.

Damashqqa bir necha bor safar qiladilar, oxirgi safarlari hijriy 617-yilda bo’ladi va u yerda ,,Arab tili’’ va ,,Qiroat’’ fanlaridan dars beradilar.

Hijriy 633-yilda Karkga boradilar va u yerdagi mashxur Nosir Malikning madrasida mudarrislik faoliyatini olib boradilar.

Ibn Hojib rohimahulloh shayx  Izz ibn Abdusslom bilan bir qatorda Solih Ismoilning salbchilarga qarshi kurashishdan bosh tortganini qattiq qoraladilar va uning qilayotgan ishlari xatoligini isbotlab berganlar. Bu ishlar Solih Ismoilning g’azabini keltiradi va u ikki buyuk shayxni 638-yilda  Damashqda chiqarib yuboradi. Ular majburlikda  Misrga qaytib ketishdi.

Ibn Hojib rohimahulloh Misrdagi Foziliyya madrasasidagi Imom Shotibiyning dars halqalarida  tadrisni boshladilar va u yerda ko’plab talabalarga dars berdilar.

Buyuk imom umrining oxirgi pallalarida Iskandariyyaga ko’chib o’tadilar va u yerda biroz vaqt yashaganlaridan so’ng o’sha yerda bu yorug’ olamdan rihlat qiladilar.

Abu Fath ibn Hojib rohimahulloh  u kishining tarjimai hollarida shunday degan ekanlar:

,,Ibn Hojib rohimahulloh faqih, muftiy, munozarachi va ko’plab ilmlarda tengsiz olim bo’lganlar. Shu bilan birga u kishi Dinga qattiq amal qilganlar, o’ta taqvolli, parhezkor va takallufdan yiroq bo’lganlar.

Alloh taolo u kishidan rozi bo‘lsin. Bizlarni u kishining ilmlarini o‘rganishimizga tavfiq bersin.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Zikriyoyev Hojimurod

410290cookie-checkShayh ibn Hojib

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: