YUNESKO ma’lumotlariga ko’ra, dunyodagi birinchi oliy o’quv yurti Al-Qaraviyyin universiteti hisoblanadi. Bu muassasa 859-yilda Fotima al-Fihriy ismli badavlat musulmon ayol tomonidan Marokashning Fez shahrida asos solingan va keyinchalik u musulmon tarixida etakchi maʼnaviy va maʼrifiy markazlaridan biriga aylangan. Dastlab bu markazda matematika, grammatika, astronomiya kabi katta ahamiyatga ega bo’lgan turli fanlar o’qitilgan. Matematika, falsafa kabi muhim fanlar bo’yicha ko’plab olimlar bu universitetga jamlangsnlar va uning o’sishiga hissa qo’shganlar. Keyinchalik yillar davomida bu markaz asta-sekin o’sib, butun islom olamidagi eng muhim universitetga aylangan.
XX-asrda u yangi vaqtga hech qanday muammosiz moslashish uchun modernizatsiya jarayonidan o’tgan.1963-yilga qadar Al-Qaroviyyin universiteti taʼlim nuqtai nazaridan har doim oʻz ahamiyatiga ega boʻlsada, koʻplab yuksalishlar va pasayishlarni boshidan kechirgan. XX-asrning ikkinchi yarmiga kelib, Marokash hukumati universitetni o’z nazoratiga olgan va bu esa oʻz navbatida universitetning yuksalishiga sabab boʻlgan.
Al-Qaraviyyinning binosiga kelsak, dastlab bu bino masjid boʻlgan. Binoning sodda, shuningdek, Andalus sanʼati va Kufiy xattotligi uygʻunligining natijasi boʻlmish betakror tashqi koʻrinishi bugungi kunda ham saqlanib qolingan. Universitet kutubxonasida Qurʼoni Karim nusxalari va boshqa koʻplab tarixiy qoʻlyozma va kitoblar talabalar erkin foydalanishi uchun jamlanilgan.
Bugungi kunda Al-Qaraviyyin universiteti Marokashda katta ahamiyatga ega akademik muassasa sifatida faoliyat yuritadi. Universitet hozirda matematika, kimyo, fizika kabi dunyoviy fanlarning tadqiqot markazi boʻlishi bilan birga, butun arab dunyosidagi oliy ta’limda katta tadqiqot markazi sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. Hozirda u tabiiy fanlar bo’yicha dunyodagi eng yaxshi markazlardan biri hisoblanadi.
Toshkent islom instituti talabasi
Buriboev Abdulvohid