islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Jazoirlik jurnalist Hadicha bint Qino aytadi:

“Amerika Qoʻshma Shtatlariga borganimda baʼzi narsalar kerak boʻlib supermarketga kirdim. Olgan narsalarimni hisoblatish uchun kutib turganimda bir muslima ayol katta bir qutini sudrab kirib keldi. Yukning ogʻirligidan ayolning charchagani shundoq koʻrinib turardi.  Aftidan qutidagi narsa somon yanchiydigan uskuna edi. Ayol hisobchining oldiga borib dedi:
– Kecha mana shu uskunani bir qancha narsalar bilan birga sizlardan besh yuz dollarga olgan edim!

Ishi koʻp xodima unga istamaygina qarab:

– Uni qaytarmoqchimisiz? -dedi.

– Yoʻq, pulini bermoqchiman!

Xodima hayratlanib:

– Axir hozirgina uni kecha besh yuz dollarga sotib olgan edim, dedingiz-ku! Yoki boshqa doʻkondan arzonroq topdingizmi? Biz ortiqcha pulni qaytarib berishimiz mumkin, ammo buning uchun qoʻshni doʻkonda arzon ekanligini isbotlashingiz kerak bo’ladi. Sizda isbot bormi?

Muslima ayol dedi:

– Xonim! Kecha men buni boshqa narsalar bilan sizning doʻkoningizdan kredit kartochkamga  olganman. Uyimga olib bordim. Siz bergan chekni qarasam bu uskunani hisoblamagan ekansiz. Siz zarar koʻrmasligingiz uchun do’kon ma’muriyati bilan bogʻlanishga harakat qildim. Ammo ish soati tugagan ekan. Bugun ishxonamdan ruxsat soʻrab uskunani olib kelishga va sizga zararim tegmasligi uchun uning pulini toʻlab ketishga qaror qildim. Men puli toʻlanmagan narsani ishlatmayman!

Xodima koʻzlariga ishonmadi. Hayron boʻlib muslima ayolga tikilib qoldi. Soʻngra ayolni quchoqlab yigʻlab yubordi va dedi:

– Men bir narsani tushunmayapman. Xatoni men qilgan boʻlsam, nega siz ishingizdan ruxsat olib, toʻrt soatlik yoʻl yurib buning pulini berishga qaror qildingiz? Buni nima uchun qildingiz?!
Muslima ayol begʻuborlik bilan dedi:

– Bu omonat. Men muslimaman. Musulmon inson oʻzgalar haqqini yeya olmaydi. Bu mahsulot sizniki. Chunki men uning pulini toʻlaganim yoʻq. Shuning uchun islom menga uning haqqini berib soʻngra halollik evaziga ishlatishni amr qiladi!

Xodima boshligʻining xonasiga bordi. U qattiq taʼsirlangan edi. Xodima boshligʻiga boʻlib o’tgan voqeani aytib berdi. Muslima ayol uskunani olib kelib uni katta muammodan saqlab qolganini, yoʻqsa mahsulotning hisobini maoshidan olib qolishlari mumkin ekanligini aytdi.

Bir necha daqiqadan soʻng mudir xodimalarni bir safga jamladi. Ularga muslima ayol qilgan ishni aytib berdi. Uning qay darajada iffatli va halol inson ekanligini, bunga esa uning dini amr qilganligini aytdi. Xodimalar ayoldan islom haqida soʻray boshlashdi. Ayol bamaylixotir va kamtarlik bilan ularning har bir savoliga javob berdi.

Suhbat tugaganidan soʻng mudir ishchilar nomidan oʻsha uskunani muslima ayolga sovgʻa qilmoqchi ham boʻldi, ammo muslima ayol uni qabul qilmadi. U bu ishni uskunani tekinga olish uchun emas, savobga erishish uchun qilganini aytib ulardan uzr soʻradi. Ayol bu apparat uni savob olishdan mahrum qilishi mumkinligini va savob uning uchun muhimligini aytdi-da, doʻkondan chiqib ketdi. Hammaning yanada taajjubi ortdi.

– Men ushbu lahzalarda dinim bilan faxrlandim. Nafaqat men, balki oʻsha yerda boʻlgan barcha mijozlar ham hayratda qolgan edilar!

Toshkent islom instituti talabasi Isroilov Muhammad

415520cookie-checkHalollik

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: